Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2018, Тошкент вақти: 09:47

O‘zbekistonlik imomlar: Katta yo‘llar bo‘yida “mini masjidlar” ochiladi


Toshkentning Samarqand darvoza mahallasidagi masjid.

O‘zbekistonda katta yo‘llar bo‘ylab namozxonalar tashkil qilish haqida 12 yanvar kungi juma va’zlarida aytildi. Xususan, bu haqda Ozodlikka Toshkentdagi "Tinchlik" masjidi imom-xatibi Shermurod Tog‘ay ma’lum qildi. Ayni paytda namozxonalar qurishga asos bo‘luvchi hujjat Ozodlikka, hozircha, ma’lum emas.

Imom Shermuroda Tog‘ayga ko‘ra¸ 20-30 kishiga mo‘ljallangan bu "mini masjidlarda" juma nomozidan boshqa barcha ibodatlarni qilish uchun barcha sharoitlar bo‘ladi.

Bunday namozxonalar ochilishi haqida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov ham Ozodlikka 15 yanvar kuni aytdi. Unga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida Toshkent xalqaro aeroportida namozxona ochilishi bu ishlarning boshlanishi bo‘lgan.

Yunusobod tumanidagi «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh qori Sayfuddinov 12 yanvar kungi juma namozida qilgan va’zida Toshkent shahridagi yo‘l bo‘ylarida kichik nomozxonalar qurilishi bo‘yicha ko‘rsatma olinganini aytgan edi.

«Endi katta, serqatnov yo‘llar bo‘ylarida, namoz vaqti bo‘lganida odamlar tahoratxona va masjid izlab qiynalmasligi uchun namozgohlar quriladi. Bu jome masjid emas, juma namozi o‘qilmaydi, lekin 5 mahal namoz o‘qisa bo‘ladi. Bu "yo‘lovchi masjidlar" deyiladi. Shunday topshiriq bo‘ldi. Bu katta xushxabar», degan edi Rahmatulloh qori Sayfuddinov.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari idorasi xodimining Ozodlikka 15 yanvar kuni ma’lum qilishicha¸ musulmonlarning ibodat qilishini ta’minlash maqsadida¸ respublika hududlarini bir-biri bilan boshlaydigan avtotrassalar bo‘ylab kichik nomozxonalar tashkil qilinadi.

Ismi efirda aytilishini istamagan mulozimga ko‘ra¸bu nomozxonalar O‘zbekiston vatandoshlari bilan birgalikda mamlakatga tashrif buyurgan turistlarning ham ibodat ehtiyojini qondirish maqsadida tashkil qilinmoqda.

Mulozimga ko‘ra¸ turistik markazlardan tashqari Toshkent shahrining o‘zida 22 ta namozxona tashkil qilinadi.

Shuningdek, mulozim¸ mamlakatda yashaydigan boshqa konfessiya vakillari¸ hususan xristianlar istak bildirishsa¸ shunday kichik ibodatxonalar tashkil qilib berilishini alohida ta’kidladi.

"Namozxonalarning aynan qerda bo‘lishi shahar va tuman bosh imom xatiblari bilan kengashiladi", dedi mulozim.

Saudiya o‘rnagi

Toshkentdagi "Tinchlik" masjidi imomi Shermurod Tog‘ay bunday kichik nomozxonalar yaratish bo‘yicha Saudiyadagi mavjud tajribadan foydalanish kerakligini Ozodlik muxbiri bilan suhbatda ta’kidladi:

- Men Haj safariga borganimda ana shunday namozxonalarni Saudiyada ko‘rgan edim. Kichkinagina 20 -30 odam sig‘adigan ayollar va erkaklar uchun ayri-ayri namozxonalar. Namoz vaqti bo‘lganida avtobusdan tushib ibodatni qilaverasiz. Tahoratxonalar ham bor. Men o‘sha paytda bunday namozxonalar bizda ham ochilsin deb niyat qilgan edim. Mana niyatim ijobat bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.

Misrdagi mini-masjid
Misrdagi mini-masjid

Toshkentlik imom ayni paytda bu ishni rivojlantirish zarurligini ham aytadi:

- Toshkentdan Nukus, Termiz, Andijongacha yo‘l chetlarida kichik-kichik masjidlar bo‘lsa, yo‘lovchilar bemalol ibodatlarini qilib Allohga shukrini qilib yo‘llarida davom etishsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Bizda doimo bir savol tug‘iladi - uni kim nazorat qiladi? Nazoratni mahalla va mahallaning diniy maslahatchilari, masjid imom va noiblari navbati bilan kuniga bir-ikki marta xabar olsalar hammasi zo‘r bo‘ladi. Masjidlar gaz zapravkalariga yaqin joylarda bo‘lsa, masjid nazorati va tozaligiga zapravka rahbariyati qarab tursalar bo‘ladi.Masjid oldiga kichik ehson qutisi qo‘yilsa, undan tushgan mablag‘ni masjid va tahoratxonani tozalab supurib-sidirib qarab turganlarga berilsa, byudjetdan mablag‘ ham kerak bo‘lmaydi. Ming-minglab xalq bu ishlardan rozi bo‘ladi¸ deydi imom.

Yevropaning katta yo‘llaridagi kichik ibodatxonalar

Katta yo‘l bo‘ylarida haydovchi va yo‘lovchilar uchun ibodatxona qurish g‘oyasi ilk bor o‘tgan asrning 70- yillarida amalga oshirilgan edi. Autobahnkirche (katta yo‘ldagi cherkov) deb nomlangan bu ibodatgohlar yo‘llarda maxsus belgi bilan ko‘rsatiladi.

Germaniyadagi mini-cherkov
Germaniyadagi mini-cherkov

- Germaniyaning Baden-Baden avtoyo‘lidagi mini ibodatxonaga qo‘yilgan datchik yiliga 200 ming odam kirganini qayd qilgan, dedi Ozodlik bilan 15 yanvar kuni suhbatlashgan berlinlik talaba Haynrik Frost.

Unga ko‘ra¸ Germaniya avtobanlarida (katta yo‘l) hali musulmonlar uchun ibodatxonani uchratmagan.

- Lekin Berlindagi Tegel va Sho‘nelfeld aeroportlarida musulmonlar uchun namozxonalar mavjud, deydi berlinlik talaba.

Germaniyaning bu tajribasi Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham yoyilgani kuzatiladi. Skandinaviya mamlakatlari yo‘llaridagi bunday mini-cherkovlar turistlar gavjum paytda mavsumiy ishlaydi.

XS
SM
MD
LG