Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:17

OzodDayjest: Prezident maslahatchisi qo‘lidan sertifikat olgan oilaga uy berilmaydigan bo‘ldi


Qarshida yashovchi oila uy uchun sertifikatni prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovdan (suratda) olgani aytilmoqda.
Qarshida yashovchi oila uy uchun sertifikatni prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovdan (suratda) olgani aytilmoqda.

Qarshidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga rasmiylar uy o‘rniga pul va’da qilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yagona pul va yozuv joriy qilish taklif etgan yozuvchi Nosir Fozilov olamdan o‘tdi. Turk seriallari uyqudagi dajjolni uyg‘otib yuborgani tanqid qilindi.

_____________________________________________________________

Prezident maslahatchisi qo‘lidan sertifikat olgan oilaga uy nasib etmadi

Qarshi shahri Chaqar mahallasida 13-uyda yashovchi Orzu Halimovaga O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov uy-joyga egalik huquqini beruvchi sertifikat topshirdi, ammo ijtimoiy himoyaga muhtoj bu oilaga uy nasib etmadi. “Darakchi” nashriga ko‘ra, Orzu Halimova Prezident maslahatchisidan sertifikat olgach, Qarshi shahar hokimligiga uy so‘rab murojaat qilgan. Ammo hokimlikda O.Halimovaga uy sertifikati adashib topshirilgani, uy o‘rniga 7 million so‘m moddiy yordam berilishini ma’lum qilgan. Turmush o‘rtog‘i II guruh nogironi va to‘ng‘ich o‘g‘li ko‘zi ojiz bo‘lgan Orzu Halimova “Sertifikat xo‘jako‘rsinga berilganmi?” deya matbuotga arzi hol qilgan. “O‘zim ham I guruh nogironiman. Murojaat qilgan ayolni yaxshi tushunib turibman. Sertifikatni adashib topshirishgani albatta noto‘g‘ri. Bunaqa xato qilish mumkin emas”, degan O‘zbekiston nogironlari jamiyati Qashqadaryo bo‘limi raisi Baxtiyor Botirov.

Marhum yozuvchi mintaqada yagona pul va yozuv joriy etilishini orzu qilgan

Joriy yil 14 yanvar kuni vafot etgan taniqli yozuvchi Nosir Fozilovning so‘nggi intervyusi e’lon qilindi (“XXI asr”, 18 yanvar). O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat mukofotlari sohibi bo‘lgan adib so‘nggi suhbatida Markaziy Osiyo davlatlari yagona yozuvga kelishi lozimligini ta’kidlagan. “O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, istasa Tojikiston ham bir yumaloq stol atrofiga o‘tirib, imlomizni tartibga solishni, uni turkiy til – hammamiz gaplashadigan til me’yorlariga moslashtirishni o‘ylashimiz kerak. Aks holda, kelgusi avlodlar bir-birlaridan bugungidan ham yiroqlashib ketadi”, degan Nosir Fozilov. Atoqli yozuvchi, shuningdek, mintaqaning beshta mamlakati o‘zaro kelishib, yagona pul birligi, masalan, “Osiyo” degan valyutani joriy etishi kerakligini taklif qilgan. “Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘rtadagi munosabatlarimiz yaqin yigirma yil orasida sovuq sukunatga cho‘mgan edi. Shuncha vaqt ichida “barmoq vazni”da qadam tashlab keldik. Endi “aruz vazni”da, yayrab qadam tashlash payti kelganga o‘xshaydi”, deya bugungi mintaqaviy hamkorlikka obrazli ta’rif bergan Nosir Fozilov.

Matbuot: Turk seriallari fahshni targ‘ib etib, uyqudagi dajjolni uyg‘otib yubordi

O‘zbekistondagi “Zo`r” televideniesi orqali efirga uzatilayotgan “Sevgi iztirobi” seriali keskin tanqidga uchradi (“Hurriyat”, 17 yanvar). Qayd etilishicha, og‘u qo‘shilgan asal sanalgan ushbu turk serialini millionlab o‘zbek tomoshabini muk tushib tomosha qilmoqda. Ammo xiyonat, fisqu fujur va yolg‘on keng targ‘ib etilgan serial ko‘pchilikning tarbiyasiga salbiy ta’sir etmoqda. “Ongimizda yuz yillar, ming yillardan buyon uxlab yotgan dajjol hislarimizni uyg‘otib yubordi bu serial. Shuning uchunmi ma’naviy hayotimizda turli fojialar gazak olib bormoqda. Televidenieda chiqib olib, qaynotasining ishqiy mashmashasini ko‘tarishdan tortib, birovning ayoli bilan aloqa bog‘lab, keyin o‘zi chopib tashlagan erkaklarni bu fojia tomon qanday sabablar yetaklayapti? Ongu tafakkuri chegaralangan, mustaqil hayotiy tutumlari yo‘q avomga zaharli, ayni paytda o‘ta tomoshabinbop, qiziqarli hangomalar ko‘rsatish milliy axloqiy muvozanat buzilishining bosh omili emasmi?” deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG