Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:27

Prokuratura va moliya tizimi eski kadrlardan tozalanmoqda. Staji kattalar norozi


O‘zbekiston prokuraturasi emblemasi
O‘zbekiston prokuraturasi emblemasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev prokuratura tizimi va Moliya vazirligi xodimlarini tanqid qilgani ortidan ayni idoralarning turli bo‘g‘inlarida ilgaridan ishlab kelgan katta stajli xodimlarni ishdan bo‘shatish, bo‘shatilmaganlarni esa, izza qilish siyosati ketayotganidan shikoyatlar kelmoqda.

O‘zbekiston Moliya vazirligining yaqinda ishdan bo‘shatilgan xodimi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ish staji katta xodimi Ozodlik bilan 19 yanvar kungi suhbatda o‘zlariga nisbatan "olaqarash" bo‘layotganligini aytib berishdi. Shikoyatchilar ismlari sir saqlanishini iltimos qildi.

O‘tgan yil iyulida prezident farmoni bilan Bosh prokuratura huzurida tashkil qilingan Majburiy ijro byurosiga prokuraturaning sud ijrosi departamentidan (hozir tugatilgan - tahr.) ishga kelgan mulozimning aytishicha, “MIB rahbariyati qildan qiyiq axtarib ilgaridan prokuratura tizimida ishlab kelgan tajribali kadrlarni ishdan bo‘shatish” siyosatini olib bormoqda:

- Men Sud ijro departamentida uzoq muddat ishlab tajriba orttirganman, ishimni yaxshi bilaman. Ammo rahbariyat menga qarab "sen davlatimiz rahbari aytgan kalamushsan¸ o‘g‘risan muttahamsan¸ arizangni yozib ishdan ket", demoqda. MIB rahbari biz eski kadrlarga o‘g‘ri va muttahamlarga qaragandek munosabat qilyapti. Kollegiya majlislari va yig‘ilishlarda bizni turg‘azib qo‘yib "sizlar Rashidjon Qodirov (Sobiq O‘zbekiston Bosh prokurori) davrida odamlarni qaqshatgan o‘g‘rilarsizlar", deb atashdi. Chidab bo‘lmaydigan darajada bizni izza qilishmoqda, dedi prokuratura tizimida ko‘p yillik stajiga ega MIB xodimi.

Prokuratura "yomon"lardangina voz kechmoqda

Ozodlik bu shikoyat yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qildi. Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan kadrlar bo‘limi xodimi “Yomon xulqi va tamagirligi aniqlangan eski kadrlardan voz kechish” bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirdi.

- Lekin bu degani, hammani bo‘shatamiz, degani emas. Haqiqatan ham noloyiq shaxslarga intizomiy choralar ko‘ryapmiz. Ozodlikka shikoyat qilgan MIB xodimi rostdan ham tajribali muutaxassis bo‘lsa¸ uning masalasini ijobiy hal qilib beramiz¸ dedi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi kadrlar bo‘limi xodimi.

Prezident g‘azabiga uchragan idora

O‘zbekiston prokuraturasi tizimidagi xodimlarning “sakson foizi o‘g‘ri”, degan edi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilgi videoselektor majlisida.

Prokuratura xodimlari bilan 2017 yilning 7 yanvar kungi uchrashuvida Shavkat Mirziyoev "Prokuratura faqat jazolaydigan repressiya organi bo‘lib qolmasligi” kerak deya bildirgan edi.

Bu tashabbus prokuratura xodimlari ustidan virtual qabulxonaga 311 ming ariza kelib tushgani ortidan yangragan edi.

Prezident nutqida aytilishicha¸ so‘nggi 2 yil ichida prokuraturaning 7 xodimi jinoiy javobgarlikka 643 xodim intizomiy jazoga tortilgan va 441 xodim ishdan haydalgan.

“Kasal” va “Kalamushlar ini” deya tamg‘alangan moliya vazirligidan eski kadrlar siqib chiqarildi

Prezident Shavkat Mirziyoevning 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi tanqiddan keyin Moliya vazirligi tizimida ishdan olishlar boshlandi.

Ayni vazirlikdagi ishidan bo‘shagan xodimning 19 yanvar kuni Ozodlikka aytishicha¸ sobiq Moliya vaziriga yaqin deb bilingan barcha mulozimlar ishdan bo‘shatilgan:

- Ular orasida moliya tizimini yaxshi bilgan malaka va tajriba egasi bo‘lgan mutaxassilar bor. Afsus¸ juda ko‘pchilik ishdan ketdi, dedi suhbatdosh.

Uning aytishicha, so‘nggi 1 oy ichida vazirlikdan yuzlab malakali mutaxassislar bo‘shatilgan:

- Bizni moliya tizimining nomiga dog‘ tushirayotgan “kalamushlar” deb aytishganida juda og‘ir botib ketdi. Mayli, Moliya vazirligida yuqori lavozimda ishlaydigan 23 kishini ishdan bo‘shatishganini tushunaman. O‘zbek ekonomikasini brilliant qila olishmagani to‘g‘ri. Lekin 165 nafar oddiy hisobchini nega bo‘shatishganini tushunmadim¸ deydi Moliya vazirligining ishdan bo‘shatilgan mulozimi.

Uning aytishicha shu kunlarda ham Moliya vazirligida eskidan ishlayotgan ba’zi xodimlarga nisbatan yakkalash siyosati amalga oshirilmoqda:

- Sen falonchining dumisan¸ o‘zing bilib ariza yozib ket, deyishmoqda. Uning o‘rniga malakali kadrlar kelsa ham mayli. Savodsizlar kelyapti. Buning oxiri yaxshilik bilan tugamaydi¸ dedi suhbatdosh.

Moliya vazirligi tizimidagi vakant ish o‘rinlarini innovatsion g‘oya va fikrga ega, zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan, iqtidorli yoshlar bilan to‘ldirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi ish olib borayotgani haqida Ozodlik yozgan edi

XS
SM
MD
LG