Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:39

Turkiya Suriyaning kurdlar nazoratidagi qismiga qo‘shin kiritdi


Turkiyaning Hatay viloyatiga tutash Suriya chegaraoldi hududida turk havo kuchlari bergan zarbadan chiqayotgan tutun, 20 yanvar, 2018
Turkiyaning Hatay viloyatiga tutash Suriya chegaraoldi hududida turk havo kuchlari bergan zarbadan chiqayotgan tutun, 20 yanvar, 2018

Turkiya armiyasi, ikkinchi kundirki, Suriya shimolidagi kurdlar nazoratida bo‘lgan Afrin anklavida harbiy amaliyot olib bormoqda. Turk matbuotining Bosh vazir Binali Yildirimga tayanib xabar qilishicha, amaliyotdan maqsad Turkiya-Suriya chegarasi bo‘ylab, Suriya ichkarisi tomon, taxminan, 30 kilometrgacha bo‘lgan hududda xavfsiz zona barpo qilishdir.

21 yanvar kuni turk matbuotida e’lon qilinishicha, Bosh vazir Binali Yildirim mamlakat armiyasi, ikkinchi kundirki, Suriya shimolidagi kurdlar nazoratida bo‘lgan Afrin anklavida harbiy amaliyot olib borayotganini bildirgan.

Amaliyotda ishtirok etayotgan turk askarlari soni hozircha oshkor qilinmadi.

​20 yanvarda turk qo‘shinlari AQSh dastaklayotgan kurd jangchilari nazoratidagi Afrin anklavida amaliyot boshlaganini bildirilgan.

Jumladan, Turkiya Bosh vaziri 20 yanvargi kungi bayonotida amaliyotdan maqsad Suriyadagi asosiy qismi kurd jangarilaridan iborat Xalq himoyachilari guruhi (YPG) “unsurlari” va “Islom davlati" (ID) jangarilarini yo‘q qilish, deb ta’kidlagan.

Qo‘shma Shtatlarning bunday xatti-harakat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishiga Turkiya, hozircha, quloq osmayotir.

Turkiya kurd YPG guruhini o‘z hududida, AQSh va qator Yevropa davlatlari terrorchi tashkilot, deb tan olgan Kurd ishchilari partiyasiga aloqadorlikda ayblab keladi.

Kurd jangchilari rahbarlari Turkiya, ayni paytda, havodan berayotgan zarbalar vaqtida kamida 10 kishi qurbon bo‘lgani, ularning aksariyati tinch aholi vakillari ekani haqida bayonot berdi.

– Yetti kishi halok bo‘ldi, ular orasida bir bola, ikki nafar ayol jangchi va bir erkak jangchi bor, – dedi kurdlarning YPG guruhi vakili Birusk Xasakeh Fransiyaning Fran-Press axborot agentligiga.

Turkiya hukumati vakillari qurbonlar bo‘lganini tan oldi, ammo ularining barchasi kurd jangari guruhlari vakillari, deb ta’kidladi.

Shuningdek, turk armiyasi ushbu mintaqaga havodan zarba bergani xabar qilindi. Turkiya rasmiylari bu hujumlarda ID istehkomlari buzib tashlangani, barcha uchoqlar eson-omon qaytib kelganini e’lon qildi.

Xabarlarga ko‘ra, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li telefon orqali AQSh davlat kotibi Reks Tillerson bilan gaplashgan, Turkiya generali Hulusi Akar esa AQSh va Rossiyadagi hamkasblarini o‘tkazilajak harbiy amaliyotdan ogohlantirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi “potentsial ig‘voning oldini olish va rus harbiy xizmatchilarining hayotiga xavf tug‘ilishini istisno qilish” maqsadida qo‘shinlarini Afrin hududidan olib chiqqanini e’lon qildi.

Suriya matbuoti esa 20 yanvar kuni hukumat bu amaliyotni “Afringa Turkiya tajovuzi”, deb qoralaganini xabar qildi.

Ayni paytda, Turkiyaning YPG’ga qarshi amaliyoti NATOdagi ittifoqchisi - AQSh bilan munosabatlarini yanada keskinlashtirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG