Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:05

Xalq banki "kalamushlar"i ikki oyda 1 322 800 000 so‘m pensiyani o‘margan (VIDEO)


O‘zbekiston Moliya vazirligi binosi
O‘zbekiston Moliya vazirligi binosi

O‘zbekistonda 2017 yilning oktabr va noyabr oylarida 1 milliard 322 million 800 ming so‘m pensiya to‘lovlari Xalq banki "xodimlari tomonidan belgilangan tartibga zid ravishda hamda noqonuniy xatti-harakatlar orqali amalga oshirilganligi aniqlandi".

Bu raqam O‘zbekiston Moliya vazirining o‘rinbosari Abduhafiz Karimov va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijroiy direktorining o‘rinbosari Medet Tleuov imzosi bilan Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga yo‘llangan hisobotda qayd etilgan.

Hisobot nusxasi va uning ortidan olingan qarorlar haqidagi hujjatlar Ozodlikka Moliya vazirligining bir guruh xodimlari tomonidan 23 yanvarda yuborildi.

Bank sohasida ishlovchi ishonchli manbalar Ozodlikka ushbu hujjatlarning haqqoniyligini tasdiqladi.

22 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida moliya tizimiga dog‘ tushirayotganlarni "kalamushlar" deb atagandi.

Халқ банки "каламушлар"и икки ойда 1 322 800 000 сўм пенсияни ўмарган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:36 0:00
Бевосита линк

O‘lgan pensionerlarga to‘lovlar, qalbaki vedomostlar va lotereya

Bosh vazir o‘rinbosariga yo‘llangan hisobot
Bosh vazir o‘rinbosariga yo‘llangan hisobot

Moliya Vazirligi va ushbu vazirlik huzuridagi pensiya jamg‘armasi monitoringi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 oktabrdagi №02/1-493 son topshirig‘iga asosan o‘tkazilgan.

Joylarda Xalq banki tomonidan pensiya va nafaqa to‘lovlari holati monitoringi bo‘yicha yana quyidagilar ma’lum qilinadi:

- 597ta holatda vafot etgan pensionerlarning mablag‘lari o‘zga fuqarolarga to‘langan;

-975ta holatda mablag‘lar o‘zlashtirilgan va to‘lov vedemostlarida imzolar qalbakilashtirilgan;

- 1105ta holatda ishonchnoma bo‘lmagan fuqarolarga pensionerlarning 464,4 million so‘mlik to‘lovlari amalga oshirilgan;

- 1676ta holatda pensionerlarga 6,4 million so‘m miqdordagi pensiyalari naqd pul o‘rniga lotereya va boshqalar bilan to‘langan.

Masalan, hisobotda ta’kidlanishicha, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida kassa hisobchisi va kassa hisobchisi nazoratchisi, umumiy hisobda, 10 million 800 ming so‘m "pensiya mablag‘larini o‘z shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan".

Monitoring xulosasiga ko‘ra, "Xalq banki tizimi orqali pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazilishini qonun-qoidalarini belgilovchi yagona tartib mavjud emas".

Intizomiy choralar

O‘zbkiston bosh vaziri o‘rinbosaridan topshiriq
O‘zbkiston bosh vaziri o‘rinbosaridan topshiriq

Mazkur hisobotga javoban Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 28 dekabrda Markaziy bank, Xalq banki, Moliya vazirligi va Pensiya jamg‘armasiga to‘rt punktdan iborat topshiriq yo‘llagan.

Undan pensiya va nafaqalarni to‘lashda qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadi ko‘zlanganini anglash mumkin.

1. "Mustaqil harakatlanish hamda pensiya va nafaqalarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pensiya va nafaqalar bevosita ularning manziliga har oyning 10 sanasiga qadar yetkazib berish";

2. Bir oy muddatda nafaqa va pensiya to‘lovi "qonun-qoidalarini belgilovchi yagona tartib ishlab chiqish";

3. "Pensiya va nafaqalarni amaldagi tartibga zid ravishda to‘lagan xodimlarga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar ko‘rish";

4. "... pensiya va nafaqalarni manzilli yetkazilishi hamda to‘lanmasdan qaytarilgan pensiyalar sabablari asosligi o‘rganilsin hamda o‘rganish natijalari to‘g‘risida 2018 yilnin 20 yanvarga qadar ma’lumot kiritilsin".

Topshiriq yana topshirildi

O‘zbekiston Markaziy Bankidan Xalq Bankiga maktub
O‘zbekiston Markaziy Bankidan Xalq Bankiga maktub

Bosh vazir o‘rinbosari toshpirig‘ini bajarishni Markaziy Bank raisining o‘rinbosari Sherzod Hojizodaev 4 yanvarda Xalq Banki boshqaruvi raisi Abdurasul Abdullaevga havola qilgan.

"Ushbu topshiriqda va unga ilova qilingan xatda qayt etilgan holatlarni o‘rganib chiqib, natijasi yuzasidan tegishli choralarni ko‘rishingiz va 2018 yilning 20 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosariga va Markaziy bankka ma’lumot kiritishingiz so‘raladi," deya ta’kidlanadi Sherzod Hojizodaev maktubida.

Shu bilan birga Sherzod Hojizodaev ushbu jarayonni nazorat qilishni Markaziy Bankning bosh iqtisodchisi Dilshod Boynazarov zimmasiga yuklagan.

Topshiriq ijrosi

Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov topshirig‘iga javoban 20 yanvarga qadar Xalq banki tomonidan qanday choralar ko‘rilgani va unga qanday ma’lumot yuborilgani Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

Biroq, Xalq banki matbuot kotibi Bobur Elmurodov Ozodlik bilan suhbatda barcha to‘lovlar o‘z vaqtida va bekamu ko‘st amalga oshirilayotganini bildirdi.

Bobur Elmurodov Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatlar va ma’lumotlarning haqqoniyligini shubha ostiga oldi.

- Bu ma’lumot bilmadim qaerdan keldi qo‘lingizga. Bizda umuman boshqacha narsalar. Gapning ochig‘i,pensiyalar Xalq bankiga o‘tganidan keyin, boshida ayrim kachiliklar bo‘ldi. Buni hammamiz ko‘rib bildik. Lekin hozir hamma jadval bo‘yicha to‘la-to‘kis (pensiyalarni) olib, muammo bo‘layotgani yo‘q, - dedi Xalq banki matbuot kotibi Bobur Elmurodov.

Халқ Банки матбуот котиби: Пенсияларни тўлашда муаммо бўлаётгани йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:01 0:00
Бевосита линк

Ozodlikning Bank rahbariyati bilan bog‘alanish urinishlari natija bermadi.

Pensiya tizimidagi islohot

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 13 martidagi PQ-2826-sonli "pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, Xalq banki – respublika bo‘yicha pensiya va nafaqalar to‘lash huquqiga ega bo‘lgan yagona bankka aylandi.

2017 yil 1 iyuldan e’tiboran O‘zbekistonning barcha hududlarida pensiya to‘lovlari Xalq bankining 2 mingta sayyor kassasi tomonidan to‘lanishi to‘liq joriy qilindi.

Endilikda pensionerlar har oylik pensiyasini jadvalga muvofiq o‘zi yashayotgan fuqarolar yig‘inidan olishi mumkin.

Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlashga doir qat’iy topshiriq berilgan.

Moliya tizimidagi "kalamushlar"

22 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etgan kuni, 4 soatlik nutqi davomida Moliya vazirligi faoliyatini keskin tanqid qilgan edi.

Мирзиëев: "Мен ер тагида илон қимирласа биламан"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00

Prezident Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga moliya tizimini isloh qilish uchun bir oy muhlat bergan, aks holda uning o‘zini ishdan haydashi haqida ogohlantirgandi:

“Nima uchun Moliya vazirligini o‘zgartirdim, Moliyaning “M” harfini tushunmaydiganlarni haydab yubordim, rahbarlari ketdi, lekin pastdagi “kalamushlar” o‘tiribdi. Qo‘chqorov o‘zgarish qilmasa, bir oyda ishdan haydayman. Avvalgi “Moliyaning hidi” kelib turibdi, tashqaridan ishlar olib, borib turibdi bir-ikkitasi. Ertangi kunni o‘ylaydigan Moliya kerak menga”, degan edi Mirziyoev

O‘zA axborot agentligining 27 dekabrda xabar berishicha, prezident Shavkat Mirziyoevning murojaatnomasidan keyin Moliya vazirligi tizimida 500dan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgan.

Sobiq Moliya vaziri va Xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i panohida bo‘lgan va hanuzgacha tizimda ishlab kelayotgan, "moliya tizimining nomiga dog‘ tushirayotgan “kalamushlar”ni haydash yuzasidan hududiy rahbarlarga qat’iy topshiriqlar berilgan".

23 dekabr kuni Toshkent shahar davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi boshlig‘i hamda uning 3 nafar o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan chetlashtirildi.

Shundan so‘ng, Moliya vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan joylardagi moliya idoralaridan 273 nafar (23 nafari rahbar xodimlar):

G‘aznachilik idoralaridan 65 nafar (12 nafari rahbar xodim):

Pensiya jamg‘armasidan 100 nafar (1 nafari rahbar xodim):

Davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari xodimlaridan 100 nafari (4 nafari rahbar xodim) jami moliya tizimi bo‘yicha 562 nafar "davlat idorasi nomiga dog‘ tushirgan xodimlar" o‘z lavozimidan ozod etildi.

Moliya vazirligi tizimidagi vakant ish o‘rinlarini innovatsion g‘oya va fikrga ega, zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan, iqtidorli yoshlar bilan to‘ldirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi hamda iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlariga murojaatlar yuborgandi.

25 yanvar kungi O‘zA xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Moliya vazirligi tizimida ishlash uchun 1000 nafardan ziyod nomzod topib bergan.

Nomzodlar bilan o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng ulardan 101 nafari Moliya vazirligi markaziy apparatida, 296 nafari hududiy moliya organlarida, jami 397 nafar yoshlar amaliyot o‘tashga jalb qilingan.

Amaliyotdan so‘ng nomzodlar orasidan moliya idoralari uchun kadrlar tanlab olinadi.

XS
SM
MD
LG