Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2018, Тошкент вақти: 20:28

OzodDayjest: “O‘zbek jamiyati narsissizm – o‘z-o‘ziga mahliyolik kasaliga chalingan”


Mikelanjeloning "Narsiss" asari (illyustrativ surat).

Ichki ishlar xodimlari mardikorlarga jinoyatchi kabi munosabatda bo‘lmoqda. O‘zbek matbuoti soxtakor amaldorlarni poyabzal ichidagi yirtiq paypoqlarga o‘xshatdi. Nogironlar jamiyati mutasaddisi O‘zbekistonda duch kelinayotgan muammolar haqida gapirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Matbuot: Ichki ishlar xodimlari qachongacha mardikorlarga jinoyatchi kabi munosabatda bo‘ladi?

Toshkent shahri Qo‘yliq mavzesidagi mardikor bozoriga uch-to‘rt so‘m topish ilinjida kelgan vatandoshlarning ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlab ketilishi va jarimaga tortilishi odatga aylangan (“Oila davrasida”, 25 yanvar). Ichki ishlar xodimlari asosan viloyatlardan kelgan mardikor yigitlarni “propiskang yo‘q” degan vaj bilan avtobusga bosib olib ketadi va pirovardida jarimaga tortadi. “Yashnobod tumani Vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurosidan 2017 yil 22 noyabr kuni bir oylik ruxsatnoma oldim. Afsuski, ichki ishlar xodimlari qo‘limda shu hujjat borligiga qaramasdan meni ushlab olib ketdi va 86 ming so‘m jarima soldi. Endi o‘ylang: o‘zi har doim ish bo‘lavermaydi. Bunaqada biz ro‘zg‘or tebratamizmi yoki jarima uchun ishlaymizmi? O‘z yashash joyimizda ish bo‘lmasa, qaerga boraylik? Yoki boshqalarga o‘xshab chet elga ketaylikmi?” degan propiskasiz vatandosh Toshtemir Suvonov. Koson tumanidan Toshkentga ish izlab kelgan Sobir Qo‘ldoshev esa Yashnobod tumani IIB xodimlari mardikorlarga jinoyatchi kabi munosabatda bo‘lishidan arz qilgan.

Soxtakor mansabdorlar “poyabzal ichidagi yirtiq paypoqlar”ga o‘xshatildi

Narsissizm – o‘z-o‘ziga mahliyolik bugungi kunda O‘zbekiston taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib turgan asosiy muammolardan biri sanaladi. Bu haqda “Darakchi” gazetasida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi. “Nadomatki, bugun atrofimizga, jamiyatga nazar solsak, telekanallarimizni kuzatsak, markaziy nashrlarimizni o‘qisak, biz haqiqatda narsissizm kasalligiga duchor bo‘lganimizni ko‘ramiz. Hanuz o‘zimizga mahliyo bo‘lish, o‘z tariximiz bilan faqatgina g‘ururlanish, o‘zimizni madh etish, soxta obro‘ orttirish bilan bandmiz”, deyiladi maqolada. Shuningdek, maqolada mahalliy hokimiyat tizimidagi tadbirbozlik va ko‘zbo‘yamachilik tanqid qilingan. Soxtakor amaldorlar esa poyabzal ichidagi yirtiq paypoqlarga o‘xshatilgan. “Janoblar, siz mas’ul hududda odamlar yod tanqisligi, oz foizda bo‘lsa-da, to‘yib ovqatlanmaslik, sildan aziyat chekayotir. Homilador qizlarimiz, onalarimizdagi kamqonlik ko‘rsatkichi yildan-yilga oshib bormoqda”, deyiladi maqolada. Gazeta mahalliy mansabdorlarni eyforiyani tark etib, muammolarni hal etish yo‘lida amaliy harakat qilishga undagan.

O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 2009 yildan beri muhokamada, ammo hanuz qabul qilinmadi

O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 2009 yildan beri muhokama qilinmoqda, ammo shu kungacha mazkur hujjat ratifikatsiya qilinmadi (“Jamiyat”, 19 yanvar). Bu haqda O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi o‘rinbosari Oybek Isoqov ma’lum qilgan. Isoqov nodavlat notijorat tashkilotlar duch kelayotgan muammolarga ham e’tibor qaratgan. “Nodavlat notijorat tashkilotlar oldida hali to‘siqlar talaygina. Masalan, NNTdan turli hisobotlar talab qilinadi. Ular o‘tirib hisobot yozsinmi yoki o‘z yo‘nalishi bo‘yicha aholi bilan ishlasinmi? Qog‘ozbozlikka barham berish kerak... NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda bir dunyo hujjat so‘raladi. Uch yildan buyon ro‘yxatdan o‘tolmay yurgan tashkilotlar bor”, degan nogironlar jamiyati raisi o‘rinbosari O.Isoqov.

XS
SM
MD
LG