Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2018, Тошкент вақти: 04:09

Andijonlik 23 yashar yigit militsiya so‘rog‘idan keyin o‘z joniga qasd qildi (VIDEO)


Abdurahim Sattarov o‘tgan yil may oyida uylangan.

Andijonlik 23 yashar Abdurahim Sattarov 22 yanvar kuni shahar ichki ishlar boshqarmasi tergovchisi G‘ayratbek Ismanov tomonidan firibgarlikda ayblanib, 5 soat davomida so‘roq qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qildi.

Yaqinlarining vrachlarga tayanib aytishicha, 22 yanvar oqshomida 100 dona dimedrol va 10 dona enam tabletkalarini ichib zaharlangani aniqlangan.

Abdurahimning hayotini Andijon viloyat Tez tibbiy yordam xizmati shifokorlari qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan, biroq yigit hozirga kelib shol bo‘lib qolgan va o‘sal yotibdi.

Akasi Abdurashid Sattarovning iddao qilishicha, tergov paytida ukasi tergovchi G‘ayratbek Ismanov va yana bir ismi noma’lum tergovchi tomonidan "ruhiy bosimga uchragandan keyin" o‘z joniga qasd qilgan.

Andijon shahar IIB tergovchisi G‘ayratbek Ismanov Ozodlik bilan suhbatda bu iddaoni rad etdi.

"Meni taniyapsanmi, Abdurahim?"

G‘ayratbek Sattarovning Ozodlikka Telegram orqali yuborilgan videotasvirda uning bemorxonada yotgan ukasi bilan muloqot qilishga samarasiz urinayotganini ko‘rish mumkin.

Абдураҳим Сатторов акаси билан суҳбатлашишга уринмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Ozodlik bilan suhbatlashgan G‘ayratbek Sattarovning ma’lum qilishicha, ukasining hozir bir oyog‘i ishlamay qolgan va na o‘zini, na yaqinlarini taniydi.

O‘zini o‘ldirishga urinishiga nima undadi?

Yaqinlari so‘zlari va o‘zi yozib qoldirgan maktubdan anglashilishicha, 2017 yil may oyida oila qurgan Abdurahim Sattarov to‘ydan keyin moddiy ahvoli qiyinlashib qoladi va andijonlik bir shaxsdan dastlab 700 dollar va so‘ngra yana 11 million so‘m qarz oladi.

Oradan bir necha oy o‘tib, qarzni qaytarishi haqida haqdorga tilxat beradi.

Qarz beruvchi tomonidan bosim ostida qolgan yigit qarzni uzish uchun ish izlab Qozog‘istonga yo‘l oladi va bir oy so‘ngra sog‘ligi yomonlashib, Andijonga qaytishga majbur bo‘ladi.

Ammo, o‘zini o‘ldirishga urinishidan oldin Abdurahim Sattarov O‘zbekiston prezidenti nomiga yozib qoldirgan maktubdan (maktub nusxasi Ozodlikda mavjud) ma’lum bo‘lishicha, 22 yanvarda Andijon shahar Ichki Ishlar boshqarmasi tergovchisi G‘ayratbek Ismanov Abdurahimga qo‘ng‘iroq qiladi va unga ustidan shikoyat tushgani va firibgarlik ayblovi bilan tergov-surishtiruv ishlari boshlanganini bildiradi.

Akasi Abdurashid Sattarov besh 5 davom etgan so‘roqdan keyin ukasini o‘ta tushkun kayfiyatda ko‘rganini aytdi.

Uning iddao qilishicha, "ruhiy bosimga uchragan" ukasi uyga qaytib, o‘zini o‘ldirishga qaror qilgan.

- Ruhiy bosim bo‘lgan. Ichkarida nima bo‘lganini gapirmadi. Ammo, haqiqatanam, o‘ta tushkun kayfiyatda etdi. Ko‘ruvdim, - dedi Abdurashid Sattorov.

Inkor

Andijon shahar IIB tergovchisi G‘ayratbek Ismanov Ozodlik bilan suhbatda Abdurahimga nisbatan "ruhiy bosim" bo‘lgani haqidagi iddaoni rad etdi.

- Bizda hech bir qonunda tazyiq o‘tkazish keltirib o‘tilmaganu. Bu bolaga biror tazyiq o‘tkazilmagan, boshqa qilinmagan. Agar tazyiq, haqorat bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda insonning haq-ququqlari poymol bo‘ladiyu, to‘g‘rimi? Prezidentimiz ham aytayapti-ku. Birovning haq-huquqini poymol qiladigan nimada emasmiz-ku biz, - dedi G‘ayratbek Ismanov.

Abdurahim Sattorov tergovchilar bosimi ostida qolganini yozgan
Abdurahim Sattorov tergovchilar bosimi ostida qolganini yozgan

Ammo, o‘zini o‘ldirishga urinishidan oldin O‘zbekiston prezidenti nomiga maktub yozib qoldirgan (Maktub nusxasi Ozodlikda mavjud) Abdurahim Sattarov "dastlabki tergovdayoq tergovchi G‘. Ismanov hamda ismini aytishni istamagan tergovchi gaplarimni ham eshitmay, faqat haqoratlashdi va qamalishimni aytib qo‘rqitishdi," deya ta’kidlagan.

Andijonlik huquqbon Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, tergov paytida gumondor shaxsga nisbatan bosim va qiynoqlar hozir ham qo‘llanayotgan esa-da, sud jarayonida bunday da’volarni isbotlash imkonsiz.

- Bu narsa doimiy yopiq turardi. Masalan, sud boshlanganda sudlanuvchilar "menga nisbatan zo‘ravonlik bo‘ldi" yoki "urdi, qo‘rqitdi", degan gaplar bo‘ladi. Lekin u vaqtda isbotlab berish qiyin. Chunki, sud jarayoni tergovdan to‘rt oy, besh oydan keyin boshlanadi. Ungacha yaralari bitib ketadi yoki boshqa bo‘ladi, - dedi huquqbon.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov shu yil boshida 2020 yilga qadar “hibsga olingan va javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoq, ruhiy va jismoniy bosim qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev dekabr oyi boshida "Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.

Farmonda qiynoq va ruhiy bosimlar ostida olingan dalillardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

Abdurahim Sattarovning o‘z joniga qasd qilishga urinishi yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan. Bu haqda Ozodlikka viloyat ichki ishlar boshqarmasi mulozimi bildirdi.

XS
SM
MD
LG