Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2018, Тошкент вақти: 16:27

Inoyatov senator bo‘ldi. Endi u yana daxlsiz


Prezident Mirziyoev farmoniga ko‘ra, MXX sobiq raisi Rustam Inoyatov Oliy majlis Senati a’zosi etib tayinlandi. Qonunchilikka ko‘ra, senator daxlsizlikka ega bo‘lib, uning jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki biror jazoga tortilishi mumkin emas. Buning uchun Senat roziligi talab qilinadi.

Inoyatov daxlsizlikka ega bo‘ldi

MXXni qariyb 23 yil davomida boshqarib kelgan va 31 yanvar kuni iste’foga chiqarilgan Rustam Inoyatov Oliy Majlis Senatining a’zosi etib tayinlandi.

Bu haqdagi farmonni prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni imzolagan.

Rresident.uz saytiga ko‘ra, Inoyatovni senatorlikka tayinlashda Konstitutsiyaning 77-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 50-moddasiga tayanilgan.

Inoyatov senator etib tayinlanar ekan avtomatik tarzda daxlsizlik huquqiga ega bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, Senat a’zosi daxlsizlik huquqiga ega bo‘lib, senatorlar Senat roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

MXX raisligidan olingan Inoyatov kechaning o‘zida O‘zbekiston Prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlandi.

Inoyatov iste’fosi

Inoyatov iste’fosi haqida prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida MXX va Bosh prokuratura xodimlarining 31 yanvar kungi selektr yig‘ini paytida e’lon qilindi.

Milliy xavfsizlik xizmatini salkam 23 yil boshqargan 73 yashar Rustam Inoyatovning o‘rniga O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev tayinlandi.

52 yashar Ixtiyor Abdullaev 2015 yilning 21 aprelidan buyon Bosh prokuror vazifasini bajarib kelayotgandi.

O‘z navbatida, Ixtiyor Abdullaevning o‘rniga prezident davlat maslahatchisi 42 yashar Otabek Murodov tayinlandi.

Ozodlikka O‘zbekiston hukumatidagi va unga yaqin, bir biridan mustaqil bir necha manbadan ma’lum bo‘lishicha, Rustam Inoyatov iste’foga chiqish to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoev nomiga 25 yanvarda ariza topshirgan.

O‘zbekiston hukumatining yuqori martabali mulozimi esa, prezident Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyatiga safar qilishidan oldin general-polkovnik Rustam Inoyatov bilan to‘rt soat davomida suhbatlashganini bildirdi.

Rustam Inoyatov O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etganidan buyon hukumatda qolayotgan sanoqli davlat arboblaridan biri edi.

U raislik qilgan Milliy xavfsizlik xizmati hozir ham O‘zbekistonda eng yopiq va qudratli davlat idorasi hisoblanadi.

Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilinadi

22 dekabrda O‘zbekiston hukumati va parlamentining qo‘shma yig‘ilishida ilk bor ma’ruza qilgan prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatdagi huquq-tartibot organlari, jumladan Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qilgan edi.

31 yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida esa Milliy xavfsizlik xizmati isloh qilinishi ma’lum qilindi.

Endilikda Milliy xavfsizlik xizmatining tarkibiy tuzilishi qayta ko‘rib chiqiladi. Maxsus xizmat doirasiga kirmaydigan vazifalar bilan shug‘ullanadigan, boshqa davlat tuzilmalari faoliyatini takrorlaydigan bo‘linmalar tugatiladi, ayni vaqtda milliy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlarini ta’minlaydigan bo‘linmalarni mustahkamlanadi.

MXXning kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi sohada amalga oshirilgan ishlar tahlili va Milliy xavfsizlik xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga bag‘ishlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Aytilishicha, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinadi.

Qonunda MXXning asosiy funktsiya va vazifalari belgilab beriladi va, eng muhimi, uning qabul qilinishi bilan mamlakatimiz huquq-tartibot organlarining vakolat doiralari aniqlashtirib olinadi.

XS
SM
MD
LG