Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:53

OzodDayjest: Zo‘ravon erini bo‘g‘ib o‘ldirgan 55 yoshli ayol o‘n yilga qamaldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

55 yashar quda-andali ayol eri joniga qasd qildi. Samarqandlik professor sotilgan mashinasi pulini ta’limga investitsiya qilmoqchi. Ustyurtdagi sirli chizgilar o‘zga sayyoraliklarning izi bo‘lishi mumkin.

_____________________________________________________________

Quda-andali ayol haqoratlarga chiday olmay erini o‘ldirdi

Uzoq yillik haqoratlarga chiday olmagan 55 yoshli ayol eri joniga qasd qildi (“Darakchi”, 1 fevral). Bosh prokuratura boshqarma prokurori Durbek Sa’dullaevning ma’lum qilishicha, 4 farzandning onasi, nevaralarning bobo-buvisi bo‘lgan xotin va er o‘rtasidagi bir necha o‘n yillik muttasil kelishmovchiliklar qotillikka sabab bo‘lgan. Er xotinini urib, sababsiz ravishda fohishalikda ayblagan. Farzandli, quda-andali bo‘lganlaridan keyin ham ichkilikboz er haqoratli munosabatda davom etgan. Yillar davomida xo‘rlangan ayol erini o‘ldirishga qaror qilgan. Ayol tungi soat 24:00 larda navbatdagi janjaldan so‘ng sarxush holda uxlab qolgan erining boshiga yog‘och xoda bilan urgan, keyin esa televizor shnuri bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. “Dadang meni yoki men uni o‘ldirib, bu g‘urbatlarga chek qo‘yishimiz kerak edi. Shu ishni men bajardim. Tinchidik, bolam”, degan qotillikka qo‘l urgan ona o‘g‘liga. 55 yashar ayol 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Samarqandlik professor o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun o‘z “Neksiya”sini sotdi

Samarqandlik professor Pirnazar Davronov o‘zi o‘qigan Nurobod tumani Jom qishlog‘idagi 21-maktabning iqtidorli o‘quvchilarini 2009 yildan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqda (“XXI asr”, 4-son). Professor fan olimpiadalari va turli tanlovlarda g‘olib chiqqan iqtidorli o‘quvchilarni bir necha yildan buyon shaxsiy jamg‘armasidan rag‘batlantirib kelmoqda. Professor Davronov “Neksiya” avtomobilini sotib, pulini to‘lig‘icha ta’limga investitsiya sifatida bankka omonat qo‘ygan. “Bilasiz, mablag‘ ba’zan topiladi, ba’zida esa yo‘q. Ammo o‘quvchilarning porlab turgan ko‘zlari, ilmga tashna qalblarini bir dam bo‘lsa-da e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Tashabbusimning bardavomligini ta’minlash uchun “Professor Davronov izdoshlari” nomi bilan maxsus assotsiatsiyani ro‘yxatdan o‘tkazish tashvishi bilan yugurib yuribman. Negaki, shu paytgacha bu savobli harakatni rasmiylashtirish oson kechmayapti. Bir necha idoralarga murojaat etdim, lekin haligacha amaliy natija yo‘q”, deydi savobtalab professor.

Ustyurtdagi nayzasimon inshootlarni o‘zga sayyoraliklar qurgan bo‘lishi mumkin

Ustyurtdagi nayzasimon inshootlar ilm ahlini qiziqtirib kelayotgan jumboqlardan biri sanaladi. Inshootlarni yaqindan ko‘rib, biror sirli belgi topolmaysiz, ammo nayzalarning o‘yma tasviri yuqorida – uchoqda bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. “Bu tasvirlardagi aniq qonuniyat, simmetriyani ko‘rib, uni o‘z-o‘zidan, tabiat hodisalari ta’sirida yuzaga kelgan, degan fikrga kelishingiz mumkin. Yo‘q, bu shakllar kimlarningdir aqliy va jismoniy mehnat va mashaqqatlarini taqozo etadi”, deb yozadi “Darakchi” nashri. Uzunligi 600-900 metr, eni 400-600 metr, chuqurligi 3 metrgacha bo‘lgan mazkur inshootlar o‘zga sayyoraliklar tomonidan qurilgan degan taxminlar ham bor. Qoraqalpoq olimi Hojahmad Esberganovga ko‘ra, nayzasimon inshootlardan qadim ko‘chmanchi qabilalar suv to‘plashda foydalangan. Qayd etilishicha, Ustyurtdagi nayzasimon inshootlar Peruning Naska sahrosidan topilgan yer suratlariga o‘xshab ketadi.

XS
SM
MD
LG