Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2018, Тошкент вақти: 06:25

OzodDayjest: Surxondaryoda zaif eshituvchilarning murojaatlarini 14 yilki eshitishmayapti


Illyustrativ surat.

Surxondaryolik zaif eshituvchilar dardlarini rasmiylarga eshittirolmayotganlaridan dog‘dalar. O‘zbek matbuoti mahallalardagi yarashtirish komissiyalari ishini tanqid qildi. Zulfiya davlat mukofotiga nomzod shokolad evaziga o‘ziga ijobiy tavsifnoma olishga urindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

________________________________________________

Surxondaryolik zaif eshituvchilarning orzusi qachon ushaladi?

O‘zbekiston Karlar jamiyati Curxondaryo viloyati bo‘limi ko‘p yillardan buyon o‘z binosiga ega emas (“Jamiyat”, 26 yanvar). Jamiyat bino ajratishni so‘rab viloyat va shahar hokimligiga 2004 yilda murojaat qilgan, ammo oradan 14 yil o‘tsa-da, murojaat e’tiborsiz qoldirilmoqda. Imkoniyati cheklanganlar dardini eshitadigan, ularning boshini silaydigan mutasaddi topilmasa-da, ular sabot va matonat bilan harakat qilmoqdalar. “Viloyatda kar-soqovlar soni ikki mingdan ziyod. Tabiiyki, ularning hammasini qamrab ololmaymiz. Chunki biz uchun ofis ajratilmagan. Shu sababli uyimning ikki xonasidan ish joyi sifatida foydalanaman”, deydi Karlar jamiyati viloyat bo‘limi raisi Klara Mo‘minova. Karlar jamiyati o‘z binosi bo‘lishi, u yerda klub va to‘garaklar ochish, zaif eshituvchilarga kasbu hunar o‘rgatish va shu orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish orzusida.

Ajrashishlarni ko‘paymoqda, yarashtirish komissiyalari ishi qoniqarsiz

O‘zbekistondan so‘nggi 5 yilda ajrashishlar soni 1,7 barobar oshgan (“Hurriyat”, 31 yanvar). 2010 yilda 17,8 ming ajrashish qayd etilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 29,6 mingga yetgan. 2017 yilda esa FHDYo organlarida 306 mingta nikoh ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ajrashishlar 31,9 mingtani tashkil etgan. Ajrashishlarning oldini olish maqsadida mahallalarda yarashtirish komissiyalari tashkil etilgan. Ammo, qayd etilishicha, ayrim mahallalarda komissiya nomiga ochilgan, lekin amalda faoliyat yuritmaydi. Ajrashish uchun mahallaga murojaat qilgan kelindan mahalla faollari ajrashish sabablarini emas, xonadonning kommunal to‘lovlardan qarzi bor-yo‘qligini surishtirgan holatlar ham kuzatilgan. Shuningdek, aksar hududlarda yarashtirish komissiyalari a’zoligiga malakasiz xodimlar qabul qilingani ham tanqid qilingan.

Zulfiya davlat mukofotiga nomzod shokolad evaziga o‘ziga ijobiy tavsifnoma olishga urindi

Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzod soxtakorlik bilan o‘ziga ijobiy tavsifnoma yozdirishga urindi (“Oila davrasida”, 1 fevral). Bu haqda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Adiba Umirova ma’lum qilgan. Bo‘lajak zulfiyachining otasi shoira A.Umirovadan qizi haqida birov tomonidan yozilgan tavsiyanomaga imzo chekib berishni so‘ragan va buning evaziga unga shokolad berishga uringan. “Qizginaning qoralamalarini ko‘zdan kechirdim, havaskorlik darajasidan ham past... Orzulari bilan qiziqdim, bojxonachi bo‘larmish. Zulfiya mukofoti shoiralarga beriladi, bojxonachilarga emas. Agar bunga imzo qo‘ysam, shoira Zulfiya mendan xafa bo‘ladilar, deb ko‘z o‘ngida taqrizni yirtib tashladim”, deb yozadi Adiba Umirova. Maqolada zulfiyachi bo‘lishni yolg‘ondan boshlash nobakorlik, deb atalgan. Soxtakorlik bilan mukofotga olishga uringan nomzodning ism-familiyasi oshkor etilmagan.

XS
SM
MD
LG