Линклар

Шошилинч хабар
16 август 2018, Тошкент вақти: 09:00

Farg‘onada huquq faoli Musajon Bobojonov ustidan sud boshlandi


Huquq faoliga taqiqlangan diniy adabiyotlarga egalik qilish aybi qo‘yilmoqda.

Shu yilning 5 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Quva tumani sudida “Birlik” partiyasi va O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Andijon viloyati bo‘limi raisi, 51 yashar Musajon Bobojonov ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda 6 fevral kuni “Ezgulik” jamiyati xabar qildi.

“Ezgulik” jamiyatiga ko‘ra, Musajon Bobojonovga oid jinoyat ishi 2017 yilning noyabrida Farg‘ona viloyati IIB tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. Huquq faoli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 2441-moddasi 2-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan ayblanmoqda.

“2017 yilning 6 oktabr kuni Musajon Bobojonovning uyiga Farg‘ona shahar Ichki ishlar bo‘limi Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi tezkor vakillari bo‘lmish Javlonbek va Akmaljon kelib, 1991 yil Quva tumanida tug‘ilgan O‘rinova Nilufar Ashurali qizining kompyuter xotirasidan diniy radikal adabiyotlar topilganini, uning aynan huquq faoliga tegishli ekanini aytishadi¸” deyiladi “Ezgulik jamiyati xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, Musajon Bobojonovning Farg‘ona viloyati IIB tomonidan musodara qilingan kompyuteridan qirg‘izistonlik Abdulloh domlaning “Payg‘ambarlar tarixi” nomli majmuasi va uning ichidan 24 ta audiofayl, shuningdek, “Jannatga oshiqlar” nomli risola matni topilgan. Mazkur asarlar adabiyotshunoslikka oid sud ekspertizasi tomonidan diniy fundamental adabiyot sifatida baholangan.

“Men Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti hamda Qohira universitetini tamomlagan mutaxassisman. Umrim davomida diniy radikal adabiyotlarning zarari, muqaddas dinimizga salbiy ta’siri borasida tadqiqotlar olib bordim. Bu borada «Yo‘qlik va Borliqni oralab», «Ismga ingan hukmlar» va «Laqab haqida», «Jahon tillari to‘g‘risida» nomli kitoblarim chop qilingan. Vaqtli matbuotda chiqishlar qilib turaman. Endi ana shu faoliyatimni o‘zimga qarshi ayblov sifatida ishlatishmoqda¸” deydi Musajon Bobojonov.

Dastlabki sud majlisida Musajon Bobojonov o‘zini himoya qiluvchi dalillarni sudga taqdim qilgan. Shuningdek, huquq faoli istiqomat qilib kelayotgan Andijon viloyati Marhamat tumani Yuqori Rovot mahallasi faollari sudga kelib, uning aybsizligiga kafil bo‘lishini aytishgan.

Sud davomida Musajon Bobojonovga tergov tomonidan qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlansa, u 5 yildan 7 yilga qadar muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG