Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2018, Тошкент вақти: 07:03

Andijon va Namangan aeroportini yopib¸ "Farg‘ona"ni qoldirish taklifi o‘rganilmoqda


Andijon xalqaro aeroporti

O‘zbekiston hukumatiga yaqin mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ ayni kunlarda nafaqat "Qarshi" xalqaro aeroporti¸ balki mamlakatdagi boshqa aeroportlar boshqaruvini ham davlatga qarashli “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tasarrufidan chiqarish masalasi muhokama qilinmoqda.

Prezident Mirziyoevning 6 fevral kungi qarorda “Qarshi” xalqaro aeroportini “O‘zbekiston havo yo‘llari” tarkibidan chiqarib, xalqaro aeroportlarni boshqarish bo‘yicha maxsus kompaniya boshqaruviga berish haqida topshiriq berildi.

Unga ko‘ra¸ joriy yil 1 iyuliga qadar “O‘zbekiston havo yo‘llari”, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi “Qarshi” aeroportini xususiy shirkatlarga berishni ko‘zda tutuvchi konsepsiyani Vazirlar Mahkamasiga topshirishi lozim.

Mirziyoev ziyonga ishlab kelayotgan aeroportlarni yopishi mumkin

Ozodlik gaplashgan mulozimga ko‘ra¸ prezident qarorida faqat “Qarshi” aeroporti tilga olinganiga qaramay¸ hozirda O‘zbekiston aeroportlarining har biri kelajagi bo‘yicha taklif-mulohazalarni ko‘rib chiqish jarayoni bormoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ prezident “davlatga bir tiyin ham foyda keltirmayotgan” aeroportlardan voz kechishga moyillik ko‘rsatmoqda.

Masalan¸ vodiyda to‘rtta aeroport bor. (Farg‘ona¸ Andijon¸ Namangan va Qo‘qon aeroportlari. Qo‘qon aeroporti 2000 yilda yo‘lovchi uchqichlari uchun yopilib¸ MXX xizmatiga topshirilgan – tahr.) Ular orasidagi masofa 70-80 km. Xalqaro standart bo‘yicha¸ bunaqa yaqin masofada alohida aeroport qurilmaydi. Har biridan kuniga yo bitta¸ yo ikkita samolyot uchadi. Tijoriy ehtiyoj bo‘lmagan joyda bunaqa yaqin radiusda to‘rtta aeroport ushlab turish axmoqlik! Bittagina samolyot uchadigan aeroportni ushlab turish qanchaga tushishini hisoblab chiqsangiz¸ tepa sochingiz tikka bo‘ladi - nihoyatda qimmat va ubitochniy. “O‘zbekiston havo yo‘llari” monopol kompaniya o‘laroq¸ faqat zararga¸ davlat garanti bilan olingan qarzlarga ishlayapti. Mirziyoev buni yaxshi bilganidan¸ aerportlarni xususiy shirkatlarga berish masalasini o‘rganishni buyurdi va bu tajriba Qarshidan boshlanib¸ boshqa aeroportlarga ham o‘tadi¸” dedi hukumatga yaqin mulozim.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ uch kunlik tranzit vizasi joriy qilish¸ 7 davlat fuqarolariga vizasiz sayohat qilish tartibini kiritish orqali Mirziyoev hukumati¸ Samarqand¸ Buxoro va Urganch aeroportlarining haqiqiy ma’noda xalqaro maqomga chiqishiga umid qilayotganini qo‘shib o‘tadi.

"Turkiya¸ Malayziya¸ Indoneziya kabi davlatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yilsa¸ viza rejimi yengillashganidan keyin turist kelishi ko‘payishi mumkin. Shunda bu aeroportlardagi qatnov ko‘payib¸ o‘z xarajatini o‘zi qoplashi mumkin¸" deydi bu mulozim.

“Qarshi” aeroporti o‘z ertasidan bexabar

“Qarshi” xalqaro aeroportining Ozodlik gaplashgan mulozimi 8 fevral kuni aeroport direktorining Toshkentda ekani va prezident qaroridan keyin nima qilish masalasi muhokamasi bilan mashg‘ulligini bildirdi.

Ochig‘i¸ qarshidagilardan hech kim aeroportning kimga berilishi¸ qanday asosda berilishi haqida hech narsa bilmaydi. Taxminlar ko‘p lekin. Sotilmaydi¸ faqat boshqarish “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan olinib¸ xususiy MChJga beriladi¸ deyishayapti. Aynan qaysi MChJ¸ qanday shartlar bilan oladi¸ buni Vazirlar Mahkamasi hal qiladi”¸ dedi “Qarshi” aeroportining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati mas’ullari¸ mamlakat aeroportlarida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani¸ xususan¸ “Qarshi” aeroportining qaysi shirkatga berilishiga oid savollarga hozircha aniq javob yo‘qligini bildirdi.

Hozir aeroportlar rekonstruksiyasi¸ uchish-qo‘nish yo‘lkalarini ta’mirlash¸ uchib kelish zallarining rekonstruksiyasi bo‘yicha aviakompaniya reja tuzayapti. Bugungi majlisda shu reja muhokama qilindi va uning bugun tasdiqlanishi kutilayapti. Ertaga bu reja matbuot xizmatiga beriladi va sizga unga oid aniq ma’lumot berishim mumkin¸” degan matbuot xizmati mutasaddisi¸ 9 fevral kuni Ozodlik savollariga aniqroq javob berishni va’da qildi.

(“O‘zbekiston havo yo‘llari” va’da qilingan bu javobni bersa¸ Ozodlik uni mazkur maqolaga¸ albatta¸ qo‘shadi.)

Yopish taklifi berilgan aeroportlar nima qiladi?

Ozodlik suhbatlashgan Toshkent hukumatiga yaqin mulozimga ko‘ra¸ hukumatga berilgan loyihalar orasida¸ Andijon va Namangandagi xalqaro deb aytilayotgan aeroportlarni yopib¸ butun vodiy uchun bitta - Farg‘ona aeroportini qoldirish taklifi ham bor.

Bu taklifning qabul qilinish-qilinmasligi haqida hozircha aniq gapirishga erta ekanini bildirgan mulozim¸ ayni paytda¸ yopish taklif qilingan aeroportlarni nima qilishga oid loyihalar ham borligini aytadi.

O‘zbekistondagi aeroportlarning ko‘pi shahar markazida joylashgan. Katta hudud. U yerda turar-joy binolari¸ yoki savdo-biznes markazlari qurishga ishtiyoqmandlar yo‘q emas. Masalan¸ Andijon aeroporti shundoqqina vokzalga tutash. Yirik tadbirkorlardan biri Abdulla Aripovga Andijon aeroportini ijaraga olib¸ vodiydagi meva-sabzavotni xorijiy davlatlarga kargo samolyotlari bilan eksport qilish loyihasini taklif qilganidan xabarim bor. Vodiy uchun logistika habi (markazi) qilmoqchi. Qabul qilinsa¸ import¸ ayniqsa¸ eksportga yaxshigina imkon ochiladi. Zararga ishlayotgan tayyor infrastrukturani tijoriy asosda ishlatishga ruxsat berilsa¸ undan ham O‘zbekiston iqtisodiga¸ ham xususiy tadbirkorga foyda bo‘ladi. Agar hukumat ham davlat¸ ham biznesga manfaatli takliflarga ochiq bo‘lsa¸ puli va ideyalari bor o‘zbeklar ko‘p”¸ deydi O‘zbekiston hukumatiga yaqin mulozim.

Prezidentning 6 fevral kungi qarorida¸ O‘zbekiston aeroportlariga loukost - arzon xizmat taklif qiluvchi aviakompaniyalarni ham jalb qilishni Qarshidan boshlash topshirig‘i berilgan.

Hozircha O‘zbekistonga arzon chipta taklif qilishi mumkin xorij shirkatlari nomi ma’lum emas.

Xalqaro aeroport maqomi berilgan O‘zbekiston aeroportlarining aksaridagi "xalqaro" reyslar Moskva¸ Sankt-Peterburg va Yekaterinburg kabi Rossiya shaharlarigagina qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG