Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:42

Sport sudi rossiyalik 45 sportchining apellyatsiyasini rad etdi


Sport sohasidagi eng yuqori sud 45 nafar rossiyalik sportchining apellyatsiyasini rad etdi. Endi ular Olimpiya o‘yinlarida qatnasha olmaydi.

Sport sohasidagi eng yuqori sud 45 nafar rossiyalik sportchi va 2 nafar trenerning apellyatsiyasini rad etdi. Endi ular Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida bo‘lib o‘tayotgan Qishki olimpiya o‘yinlarida musobaqalasha olmaydi.

– Rossiyalik sportchilar va trenerlar bergan arizalar rad etildi, – deyiladi Sport arbitraj sudi (SAS) 9 fevral kuni tarqatgan bayonotda.

Sudning bildirishicha, sportchilar uning majlisini “kamsituvchi, o‘zboshimcha va adolatsiz o‘tgani” deb topmagani sababli arizalar rad etildi.

Ushbu qaror bugun Qishki olimpiya o‘yinlari ochilishi marosimi bo‘lib o‘tishidan bir necha soat oldin kuchga kiradi. Qishqi Olimpiada 25 fevral kuni nihoyasiga etadi.

Dekabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rossiyalik sportchilarning Qishki olimpiya o‘yinlarida yagona komanda bo‘lib musobaqalashishini taqiqlagan edi. Bunga 2014 yilgi Sochi olimpiadasi vaqtida davlatning olimpiadadagi dopingdan foydalanishga qarshi kurash tizimini “misli ko‘rilmagan tarzda manipulyatsiya qilgani”ni sabab qilib ko‘rsatildi.

Halqaro olimpiya qo‘mitasi vakili SAS qaroridan so‘ng bayonot berib, “biz dopingdan foydalanishga qarshi kurashni dastaklaydigan va barcha sportchilarning undan xoli bo‘lishiga xizmat qiladigan qarorni olqishlaymiz”, deb aytdi.

– Qaror boshqacha bo‘lishi mumkin emas edi. Qonunbuzarlik bo‘lgan yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, taklif etish formulasi o‘ta murakkabdir. Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi shaffof emas, ayni hol tomoshabinlar nazdida tashkilotga obro‘ keltirmaydi, – dedi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Mutko.

XOQ qonida doping borligi aniqlanmagan 169 nafar rossiyalik sportchini betaraf bayroq va “Rossiyaning olimpiada sportchilari” degan nom ostida musobaqalashishga taklif qildi. Shundan so‘ng SAS rossiyalik sportchilar yuborgan bir necha apellyatsiyani ko‘rib chiqdi hamda 169 sportchi qatorida bo‘lmagan 28 sportchi apellyatsiyasini qondirdi.

Bunga ularga qo‘yilgan ayblovlar isbotlanmagani sabab qilib ko‘rsatildi. Biroq XOQ ularni Qishki olimpiya o‘yinlariga taklif qilishni rad etdi. Qo‘mita ayblovlar isbotini topganini aytib, sport sudini tanqid qildi.

Bugun ertalab SAS yana olti nafar rossiyalik sportchi va etti nafar texnik xodimning arizasini ko‘rib chiqishni sud tartibi nuqtai nazaridan rad qildi. Aytilishicha, sudning bunday ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati yo‘q.

“Xushxabar”

Ariza beruvchi sportchilar orasida chang‘ichilar, biatlonchilar, bobsleychilar, konkida yuguruvchilar, hokkeychilar va figurali uchuvchilar bor.

Rossiya Bobsleychilar tashkiloti rahbari Sergey Parxomenko davlatga qarashli TASS axborot agentligiga, “SAS qaroridan hafsalamiz pir bo‘ldi, bunday qarorning siyosiy sabablari bor, yaxshilikka umid qilgan edik, lekin kutganimiz bo‘lmadi”, deb aytdi.

AQShning kamida 2 nafar sportchisi rossiyaliklarni olimpiada o‘yinlaridan chetlatish to‘g‘risidagi qarorni maqtadi, ammo umuman olganda ushbu masalaning ko‘ribi chiqilishi e’tiborni chalg‘itish bo‘lganini aytdi.

AQShning skeleton bo‘yicha veterani Jon Dali, rossiyaliklarga musobaqalashish imkoni berilmasligi kerak, to‘rt yil davom etgan xatti-harakatlar “masxarabozlik”dan boshqa narsa emas, dedi.

AQShning ayollar skeleton komandasi a’zosi va Sochidagi musobaqada bronza medali sovrindori, rossiyalik Yelena Nikitinadan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni olgan Keti Yuhlende rossiyaliklarning apellyatsiyasi ko‘rib chiqilmaganini “xushxabar” deb atadi.

Nikitina taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi rad etilgan 45 sportchining biridir, endi unga musobaqalarda qatnashishga ruxsat berilmaydi.

XS
SM
MD
LG