Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 10:06

OzodDayjest: “O‘zpaxtasanoat” va “O‘zdonmahsulot” tizimida milliardlab so‘mlik mahsulot talon-taroj qilingan


Illyustrativ surat.

O‘zbekiston Markaziy banki balandparvoz gaplar bilan aravani quruq olib qochdi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “O‘zpaxtasanoat” va “O‘zdonmahsulot” tizimida katta miqdordagi talon-taroj holatlarini aniqladi. O‘z xolasining uyiga niqob taqib bosqin uyushtirgan toshkentlik yigit ozodlikdan mahrum etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Markaziy bank aravani quruq olib qochdi

O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Adham Islamov imzosi bilan “Oila davrasida” gazetasiga yo‘llangan javob “aravani quruq olib qochish” deb baholandi (“Oila davrasida”, 15 fevral). Gap shundaki, gazetaning o‘tgan sonlaridan birida talabalarning respublika banklaridan ta’lim krediti olishida muammolar mavjud ekani, bu borada sun’iy to‘siqlar borligi tanqid qilingan edi. Ushbu maqola yuzasidan tahririyatga javob yo‘llagan Markaziy bank raisi o‘rinbosari A.Islamov muammo haqida lom-mim demasdan, ta’lim krediti olish bo‘yicha yaratilgan imtiyozlar xususida balandparvoz fikrlarni bayon etgan. Xatda boshiga musibat tushayotgan, ya’ni shartnoma pulini to‘lay olmagani bois o‘qishdan haydalayotgan talabalarni qoniqtiradigan biror foydali ma’lumot berilmagan. Gazeta tahririyati Markaziy bankni aravani quruq olib qochish o‘rniga ta’lim krediti bo‘yicha muammolarni hal etish borasida amaliy harakatlar qilishga undagan.

Bosh prokuratura qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarga kim to‘siq bo‘layotganiga aniqlik kiritdi

O‘zbekiston bosh prokuraturasi qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarga to‘siq bo‘layotgan bir qator jinoyatlar, juda katta miqdorda talon-taroj holatlarini aniqladi (“Huquq”, 15 fevral). Masalan, 2017 yilda “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi mansabdorlar tomonidan 22 milliardlik so‘mlik paxta xomashyosi va mahsulotlar talon-taroj qilingan. “O‘zdonmahsulot” aktsiyadorlik tizimidagi korxonalarda esa qo‘shib yozishlar va boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilgani oqibatida 95 milliard so‘mlik boshoqli don mahsulotlari talon-taroj qilingan.

Mamlakatning turli hududlarida yer ajratishda tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik holatlari, mansabdorlarning o‘zi fermer xo‘jaligi tashkil etib, unga homiylik qilib kelgani aniqlangan. Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i R.Aminov “Saodat” fermer xo‘jaligi rahbaridan 2 ming dollar pora olayotganida ushlangan. Umumiy hisobda 14,4 ming gektar yer noqonuniy ajratilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, mineral o‘g‘itlar va chorva mollarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar ham aniqlanib, jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Toshkentlik yigit xolasining uyiga niqobda bosqin uyushtirdi

Toshkent shahrida yashovchi yigit niqob taqqan holda xolasining uyiga bosqin uyushtirdi (“Postda”, 10 fevral). Ismi oshkor etilmagan yigit badavlat xolasining uyiga bosqin uyushtirish uchun puxta hozirlik ko‘rgan, jinoyat uchun sherik topgan, bozordan qo‘lqop, niqob uchun qora futbolka, skotch va boshqa narsalar sotib olgan. Yigit tanishi bilan xolasinikiga bostirib kirib, uning qo‘l-oyoqlari va og‘zini skotch bilan bog‘lab, 23 million so‘m, 2250 dollar va bir qancha qimmatbaho taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan. Ammo xolasi jiyanini ovozidan tanib qolgan va u o‘sha kunning o‘zida qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi sudyasi Qahramon Mirsafoevga ko‘ra, sudda xola jiyanini gunohidan o‘tganini ma’lum qilgan. Ammo bu hol ikki yigitni jazodan ozod etmagan. Ularga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG