Линклар

Шошилинч хабар
19 июн 2018, Тошкент вақти: 17:27

18 fevral kuni O‘zbekistonning Samarqand viloyatini Tojikistonning Sug‘d viloyati bilan bog‘lab turuvchi Jartepa- Sarazm chegara o‘tish nuqtasidagi ulkan devor buzilib tashlandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi devorni buzish marosimida tojik va o‘zbek chegarachilari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Tojikiston xalqi orasida “Islom Karimov devori” nomi bilan tanilgan balandligi 3 metr va uzunligi 10 metrdan ko‘proq bo‘lgan bu devor 2010 yilda O‘zbekiston tomonidan qurilgan.

Tojikiston rasmiylarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, mazkur chegara o‘tish nuqtasida ikki tomondan terminal, mehmonxona va transport vositalari turadigan joy qurilishi rejalashtirligan.

Ayni o‘tish nuqtasi yaqinida joylashgan Panjikent tumani Sarazm qishlog‘ida yashovchi Osim Jamolovning aytishicha, mahalliy aholi bunday o‘zgarishlarni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashga qaratilgan qadamlar deya baholamoqda.

“Oldin biz asosan O‘zbekistondagi qo‘shni mintaqalar bilan bordi-keldi qilib, uy-ro‘zg‘or mahsulotlarini Samarqanddan sotib olardik. Negaki, So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahri bizdan juda uzoq. Agar Samarqandgacha 36 kilometr bo‘lsa, Xo‘jandgacha 250 kilometr yo‘lni bosishga to‘g‘ri keladi,”deydi Osim Jamolov.

Ayni damda, panjakentlik jurnalist Shohin Ravshanning fikricha, O‘zbekistonning Jartepa va Tojikistonning Sarazm mintaqasidagi o‘tish nuqtasini rasman ochish marosimi kelgusi oyning ikkinchi yarmiga belgilangan.

Shohin Ravshanga ko‘ra¸ ayni kunlarda Panjikent tumanida Navro‘z bayramiga tayyorgarlik boshlangan va bu tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyasining ham ishtirok etishi kutilmoqda.

“Shahardagi Navro‘z bayramida ikki davlat prezidentlarining qatnashishi haqida shov-shuvlar bor. O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarining ikki davlat o‘rtasidagi chegara nuqtasini rasmiy tarzda ochilishlari aytilmoqda,” -dedi jurnalist.

Har yili Navro'z bayramining rasmiy marosimi Tojikistoning turli mintaqalarida mamlakat prezidenti ishtirokida nishonlanadi.

Joriy yilda ushbu bayramning Panjakent tumanida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Mart oyining ikkinchi yarimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda.

Ushbu tashrif chog‘ida ikki davlat orasidagi ko‘p masalalar borasida kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG