Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:28

MXX Tergov boshqarmasining qochib ketgan rahbarlaridan biri xalqaro qidiruvga berildi


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati MXX
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati MXX

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Tergov boshqarmasining bo‘linma boshlig‘i¸ podpolkovnik Farrux Toxtimametov 19 fevral kuni Toshkent tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan. 43 yashar To‘xtimametov xizmat vakolatlarini suiste’mol qilish va tovlamachilik kabi qator jinoyatlarda ayblanmoqda. Ayni paytda¸ yillar davomida yirik tadbirkorlarni turli bahonalar bilan jazoga tortib kelgan MXX tergovchilarining o‘ziga qarshi jabrlanganlardan ko‘rsatma olinayotgani aytilmoqda.

Tovlamachilik

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan yuqori lavozimli Bosh prokuratura rasmiysiga ko‘ra¸ Farrux Toxtimametov 2007-2014 yillar davomida O‘zbekistondagi o‘nlab yirik tadbirkor ustidan soxta jinoyat ishlarini qo‘zg‘ash yo‘li bilan ularning uy va ish joylarida reydlar o‘tkazish, mol-mulkini tortib olish, noqonuniy tergov-surishtiruv ishlari olib borish va ularga shafqatsiz hukm chiqarish talabi bilan sud xodimlariga bosim o‘tkazishda ayblanmoqda.

"Tergovchi biznesmenlarga uydagilari keltirilgan zarar qisman yoki to‘liq to‘lansa, sud jarayonida ularga yengillik bo‘lishini aytib, pul ta’ma qilgan. Ko‘plardan milliardlab so‘m undirib olingan, lekin sud jarayonida sudlanuvchilar tomonidan hech qanaka pul to‘lanmagani ma’lum bo‘lgan. Hozirgi kunda jinoyat ishlari o‘rganib chiqilganida tadbirkorlar tomonidan davlatga hech qanaqa zarar yetkazilmagani aniqlangan. Aksincha, tadbirkorlar tomonidan davlatga yillar davomida soliq va davlat bojidan milliardlab pul tushimi bo‘lgani ma’lum bo‘lgan," dedi prokuratura xodimi.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlardan birining iddao qilishicha, “Farrux Toxtimametov turma loxmachlari yordamida qamoqqa olingan mahbuslarni shafqatsiz qiynagan".

20 fevral kuni Farrux Toxtimametov nomini O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan shaxslarning Interpol e’lon qilgan ro‘yxatidan topib bo‘lmadi.

Ozodlik suhbatlashgan rasmiy buni¸ Toshkent arizasi 19 fevral kuni topshirilgani va Toxtimametovni Interpol ochiq ro‘yxatiga qo‘shish muayyan vaqt olishi bilan izohladi.

17 milliard so‘m

Farrux Toxtimametov tergov ishidan nuxsa
Farrux Toxtimametov tergov ishidan nuxsa

Ozodlik o‘z surishtiruvi jarayonida Farrux Toxtimametov tergov qilgan O‘zbekistondagi qator shirkatlar egalari, jumladan Toshkent markazidagi “Komfort-elit” mebel magazinlarining egasi ​Ramziddin Najmiddinov 18 yilga, "O‘zbegim" holdingi rahbari Hayotilla Ibragimov 20 yilga, taniqli zargar Ahmed Aliev 20 yilga ozodlikdan mahrum etilganini aniqladi. ​

Ular orasida O‘zbekistonda taniqli qo‘shiqchi Shohruh repperning otasi, Transeco shirkatining egasi O‘ktam Shodmonov ham bor.

56 yashar O‘ktam Shodmonov 2009 yilda qamoqqa olingan va shundan so‘ng uning o‘g‘li Shoxruh qo‘shiqchilik litsenziyasidan mahrum qilinib¸ o‘qishdan haydalgan edi.

O‘ktam Shodmonov Ozodlik bilan suhbatda aynan Farrux Toxtimametov tergovidan keyin umrining 6 yilu 3 oyini panjara ortida o‘tkazganini aytdi.

O‘ktam Shodmonov MXX zobiti o‘ziga tegishli shirkat hisobidan 17 milliard so‘m undirib olganini ham iddao qildi.

"Bular gde-to 17 milliardga yaqin noqonuniy faktlarni qo‘yib - bizda hamma hujjatlar bor, advokat hammasini yozib qo‘ygan o‘sha paytda - qonuniy to‘lagan narsani "dokumentlari noto‘g‘ri qilingan" deb, noqonuniy qilib to‘latdi. Undan keyin firma skladida rastamojka bo‘lgan, rastamojka bo‘lmagan mahsulotlarni ham "noqonuniy olib kelgan" deb, konfiskatsiya qilib yubordi. Hozirgacha ancha tovarlarimning dokumentlariyam yo‘q, o‘ziyam yo‘q," - dedi 56 yashar O‘ktam Shodmonov.

Шоҳрух реппернинг отаси: 17 миллиард сўмни ўзлаштириб олишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:41 0:00
Бевосита линк

MXX tergovchisi qaerda?

Farrux Toxtimametov 2014 yilning iyun oyida qamoqqa olingan o‘ndan ziyod MXX zobitidan biridir.

Mazkur zobitlarga Milliy xavfsizlik xizmati qoshidagi Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining hozir qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq boshlig‘i, 45 yashar MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jaev rahbarlik qilgani aytiladi.

"Farrux Toxtimametov polkovnik Javdat Sharifxo‘jaev topshiriqlarini bajargan. O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘rgan biznesmenlar ustidan ish qo‘zg‘ab, ularni qiynoqqa solib, mol-mulkini tortib olib, ko‘p yillik qamoqqa tashlashda uning katta hissasi bor," dedi ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan Bosh prokuratura xodimi.

2014 yil oxirida MXXning 12 nafar sobiq xodimi noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Javdat Sharifxo‘jaev dastlab 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi, biroq oradan bir yil o‘tib uning jazo muddati 16 yilga uzaytirildi.

Prokuratura xodimining bildirishicha, Farrux Toxtimametov 45 kun davomida so‘roq qilinib, MXXdan haydalgan, ammo ozodlikka qo‘yib yuborilgan.

Uni yaqindan tanigan toshkentlik tadbirkorlardan birining aytishicha, bu davr ichida Toxtimametov¸ asosan¸ xorijda istiqomat qilgan.

"Hozir uning qaerdaligi noma’lum", dedi Bosh prokuratura xodimi.

Javobgarlik

O‘zbekiston prezidenti 16 fevral kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda MXXni tanqid qilib, bu qudratli idora xodimlarini adolatsizlik va gunohsiz tadbirkorlarni qamashda ayblagan edi.

MXXga berilgan cheksiz vakolatni tanqid qilgan prezident, tizim faoliyatini o‘tgan asrning 30-yillaridagi qatag‘onga qiyosladi:

- Bularga hech kim bunday vakolat bermagan, lekin o‘zlari oldi. Agar adolat kerak bo‘lsa, mana shu adolatni, albatta, qonun ustivor bo‘ladimi, jazo muqarrar bo‘ladimi, tartib bundan ham qattiq bo‘ladi, lekin adolatli bo‘ladi. Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 37-yil ham bunday emas. Shuning uchun hamma narsa joy-joyiga, men hozir aytmoqchi emasman, ularning ko‘pi qonun oldida javob berishni boshladi. Bulbulday sayraydi, bulbulchadek. Hali kirgan yo‘q ular, ko‘p fuqarolarni kirgizgan joyiga, – dedi jumladan Shavkat Mirziyoev.

13 fevralda Ozodlik MXXda boshlangan kadr o‘zgarishlaridan yaxshi xabardor Toshkent mulozimga tayanib O‘zbekiston prokuratura tizimidagi mas’ul lavozimlarda ishlab kelgan bir qator kadrlar MXX rahbarlik o‘rinlariga tayinlanganini xabar qilgandi.

Xususan Ozodlik gaplashgan rasmiylar MXXning oddiy o‘zbekistonliklar orasida qo‘rquv bilan tilga olinadigan Tergov boshqarmasi (sobiq Gvardeyskaya ko‘chasidagi – tahr) boshlig‘i etib Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari Abror Abdullaev tayinlanganini bildirgan edi.

20 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan Bosh prokuratura rasmiysi, Farrux Toxtimametov ustidan jinoyat ishining prezident Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bilan MXXda prokuratura tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli tekshiruvlar doirasida qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 20 fevraldan boshlab Bosh prokuratura Karimov hukmronligi davrida ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib jazoga tortilgan yirik tadbirkorlardan ularni tergov qilgan MXX xodimlariga qarshi ko‘rsatmalar ola boshlagan.

XS
SM
MD
LG