Линклар

Шошилинч хабар
19 июн 2018, Тошкент вақти: 13:47

Bosh prokuratura «O‘zbekiston temir yo‘llari»da ham keng qamrovli tekshirish o‘tkazmoqda


Angren-Pop temir yo‘li

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyati respublika Bosh prokuraturasining 30 kishilik taftish guruhi tarafidan joriy yilning 19 fevralidan boshlab tekshirilmoqda.

Bu jarayonning borayotganini tasdiqlagan shirkat mutasaddisi¸ uni rejali tekshiruv deb atadi. Tafsilotlardan yaxshi xabardor mulozimlardan biri esa¸ prezidentning shirkat faoliyatidan qoniqmayotgani ortidan¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari"da keng ko‘lamli tekshiruv borayotganini ta’kidladi.

Yagona "Transport vazirligi" tuziladimi?

“O‘zbekiston temir yo‘llari” rasmiy vakilining 22 fevral kuni Ozodlikka bildirishicha¸ «tekshiruv favqulloda ahamiyat kasb etmagan reja asosidagi reviziya¸ xolos».

Mamlakatlaro transport-logistika tizimida ishlaydigan mutaxassisning Ozodlikka aytishicha¸ «bu keng qamrovli tekshiruv temir yo‘l tizimining eng katta rahbarlari yo‘l qo‘ygan katta kamchiliklar bois tizimni qayta tashkillashtirish maqsadida» o‘tkazilmoqda. Mutaxassisning ishonishicha¸ bu taftish "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati¸ O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va boshqa transport shirkatlarini yagona tizimga birlashtirish bilan yakun topishi mumkin."

Temir yo‘lga aloqador hamma narsa tekshirilmoqda

Mamlakatlaro transport-logistika tizimida ishlaydigan mutaxassisning o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga asoslanib bildirishicha¸30 kishilik prokuratura taftishchilari «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining tashish (perevozka)¸ yetkazib berishga (postavka) oid mavjud shartnomalarini qanday bajarayotganini tekshirmoqda.

Shuningdek «mamlakat hududidagi temir yo‘llardan tranzit shaklida o‘tadigan yuklar uchun joriy qilingan to‘lovning MDH davlatlari orasida eng qimmat bo‘lgani» oqibatida davlatga yetkazilgan zarar ham prokuratura tarafidan o‘rganilmoqda¸ deydi mutaxassis.

Ozodlik tasarrufida bo‘lgan jadvalga ko‘ra¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari" mamlakat hududidan o‘tadigan 231 km temir yo‘ldan birlamchi alyuminiydan iborat yukni o‘tkazishga 73 dollar tranzit haqi belgilagan. (Qiyos uchun - ayni yuk tranzitiga Gruziya 10 dollar haq belgilagan. Ozarboyjonda esa ayni yuk tipini 429 kmlik yo‘ldan o‘tkazish uchun 12 AQSh dollari miqdorida tranzit haqi belgilagan.)

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassining aniqlama kiritishicha¸ tranzit haqi uchun O‘zbekiston tarafi belgilagan 73 dollarning faqat 12 dollarigina davlat g‘aznasiga tushadi. Qolgan qismi esa¸ uning iddaosicha¸ shu paytga qadar offshor shirkatlar orqali “shubhali tadbirkor”lar tarafidan o‘zlashtirilgan.

Tranzit haqlari bo‘yicha qiyosiy jadval
Tranzit haqlari bo‘yicha qiyosiy jadval

Ikki cho‘ntak

“O‘zbekiston temir yo‘llari” tranzit qatnoviga ikki xil tarif o‘rnatish sxemasi orqali katta mablag‘ni o‘zlashtirgan¸" deydi suhbatdosh.

Temir yo‘ldagi “g‘irromlik sxemalari” bois o‘zbek-tojik munosabatlariga zarar yetdi¸ deb qo‘shimcha qiladi bu mutaxassis:

-Tojikistondagi “Talko” shirkatiga oid alyuminni O‘zbekistondan tranzit olib o‘tish yiliga bir yarim million tonnadan¸ yarim million tonnaga tushdi. Nega? Chunki tranzit narxi nihoyatda qimmat. Tojikistonning “Talko” shirkati "O‘zbekiston temir yo‘llari" joriy qilgan ikki xil tariflik tizim oqibatida zarar ko‘rmoqda. Bundan tojik hukumati ham xafa. 2003 yilda bu shirkatning O‘zbekiston orqali o‘tkazgan har bir tonna alyuminiysi uchun O‘zbekiston tarafi 26 dollar tranzit haqi olgan. Bugun esa tonnasiga 73 dollar olinmoqda. Bu pulning 12 dollardan tashqarisi shubhali korchalonlar cho‘ntagiga tushmoqda. Davlat zarar ko‘rdi alal-oqibat. Bu tendensiya Qirg‘iziston¸ Turkmaniston va Qozog‘iston hukumatlarini hurkitdi. Shu bois ular alternativ aylanma yo‘llar qurib¸ yuk tashiy boshladi. O‘zbek temir yo‘llaridagi “korchalon”lar ochko‘zligi bois O‘zbekiston iqtisodi va mintaqaviy munosabatlari zarar ko‘rdi¸ deydi ismi ochiqlanishini istagan mutaxassis.

Katta rahbar soyasidagi shubhali korchalon?

Suhbatdosh aytgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» ichidagi korchalonlardan birining pul yuvish va korruptsiya bo‘yicha xalqaro ro‘yxatga tushgani haqida ma’lumot bor. Panamadagi Mossack Fonseca yuridik kompaniyasidan sizib chiqqan ma’lumotlarda O‘zbekistonda muqim yashaydigan Gruziya vatandoshining qilmishlari haqida aytiladi. Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarda esa aynan shu shirkat “tranzit haqi” bo‘yicha ikki xil tarif o‘rnatganiga oid ishoratlar bor.

Bundan tashqari¸ aynan “O‘zbekiston temir yo‘llari” orqali¸ shu kunlarda sobiqqa aylangan MXX generallari Rustam Inoyatov¸ Shuhrat G‘ulomov va Hayot Sharifxo‘jaevlar kriminal avtoritet Husan Moskovskiy bilan birga “shubhali” yuk qatnovini amalga oshirganiga oid ma’lumotlar Ozodlikda mavjud. (Ozodlik mavzuga oid tekshiruvini davom ettiradi.)

"Karimov o‘lib¸ Ochilboy qutuldi"

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov o‘limidan sal oldin 2016 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining kamida uch mulozimi ishdan olingan va o‘nlab mulozim ustidan MXX tekshiruv o‘tkazib¸ ochilgan jinoyat ishi prokuraturaga oshirilgan edi.

O‘sha paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari bo‘lgan Ochilboy Ramatov o‘zining ishdan haydalgan uch o‘rinbosari Davron Dehqonov, Sherzod Ismatullaev, Shuhrat Sodiqovlar ortidan lavozimidan ajrashi kutilayotgan edi.

Mazkur taftishda bevosita qatnashgan moliyaviy mutaxassislardan birining Ozodlikka 22 fevral kuni aytishicha¸ tekshiruv natijasida “O‘zbekistondagi temir yo‘l tizimining privatizatsiya qilinmagani va raqobatning yo‘qligi bois bu sohadagi rivojlanish ko‘lami sustligi tanqid qilingan va soha mulozimlari bir qator moliyaviy jinoyatlarda ayblangan”.

Sobiq taftishchining aytishicha¸ Karimovning o‘limi Ochilboy Ramatovni ishdan olinishdan saqlab qolgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasini uzoq yillar boshqarib kelayotgan Ochilboy Ramatovni ishdan olish harakatlari ketayotgan edi. Klassikaga aylangan tryuk bilan 2016 yilda Ochilboy “kasal” bo‘lib statsionarga yotib ham olgandi. Uni ishdan olinishi bo‘yicha yuqoridan “dobro” olingan edi. Ammo birdan Karimov o‘lib¸ Ochilboyning baxti ochilib ketdi¸ deydi 2016 yili “O‘zbekiston temir yo‘llari” tekshiruvida qatnashgan taftishchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik hozircha "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatida borayotgan prokuratura tekshiruvlarining qachon tugashiga oid aniq ma’lumotga ega emas.

Siz bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ marhamat¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG