Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2018, Тошкент вақти: 20:39

MXX Ahmadboyga $ 70 000 bergan yangiyo‘llikni “jinoyatga sheriklik”da ayblamoqda


Dilshod Rustamov MXX Tergov boshqarmasi binosida Ahmad Tursunboevga nisbatan jismoniy kuch qo‘llanganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi.

Yangiyo‘llik 45 yashar tadbirkor Dilshod Rustamov - Ahmad Tursunboevga pul berganini rasman bildirib¸ huquq tizimlaridan mablag‘ini undirib berishni so‘raganlardan biri.

2016 yil sentabrida arizasi MXX tomonidan ko‘rib chiqilayotgani aytilgan Dilshod Rustamovning "maqomi" 2018 yilning yanvar oyida MXX tergovchilari tomonidan jabrlanuvchidan "jinoyatchining sherigi"ga o‘zgartirildi.

Rasmiy da’vogar

Tadbirkor Dilshod Rustamov 2015 yilda ikkita "Damas" avtomobilini Ahmadboy Tursunboevga topshirib¸ u hibsga olingunga qadar¸ mashinalar qiymatidan kelishilgan miqdorda foiz olib turgan.

2016 yilning 15 iyun kuni Ahmadboy hibsga olinganida¸ uning mashinalar ustiga¸ hovlisini sotib bergan 70 ming dollarga yaqin puli ham "bedarak ketgan".

2016 yil iyul oyida Dilshod Rustamovning o‘g‘li Chinoz tuman Ichki ishlar bo‘limiga puliga da’vo qilib¸ ariza topshirgan.

19 sentabr kuni Yangiyo‘l tuman Ichki ishlar bo‘limi binosida MXX xodimlari suhbat o‘tkazib¸tushuntirish arizasi yozdirib olgan¸ sud nihoyasida pullari qaytarib berilish ehtimoli katta ekanini bayon qilgan.

Bu arizasidan natija bo‘lmagach¸ joriy yilning 8 yanvarida respublika MXXsiga pulini undirishni so‘rab qayta murojaat qilgan.

Bu murojaat ortidan Dilshod Rustamov va arizaga qo‘l qo‘ygan 22 yashar o‘g‘li Javohir 2018 yilning 11 yanvar kuni MXXning eski Gvardeyskaya ko‘chasidagi Tergov boshqarmasiga chaqirtirilgan.

Javohir Rustamovni ertalabki soat 9 ga chaqirtirgan tergovchi Ulug‘bek To‘xtasinov¸ u bilan 12:30 gacha “suhbatlashgan” va Rustamovdan Ahmadboydan 34 million so‘m atrofidagi mablag‘ni undirib berishingizni so‘rayman¸ degan rasmiy ariza yozdirib olgan.

Ertalabki suhbat davomida tergovchi Rustamovga pulni qaytarishda davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini qayta-qayta ta’kidlagan.

“Suhbat”dan chiqib¸ uyiga kelishi bilan ota-bola Rustamovlarni yana MXX idorasiga chaqirtirishgan.

Bu galgi suhbat endi butunlay boshqa ruhda bo‘ldi¸ deydi Ozodlik 23 fevral kuni suhbatlashgan Dilshod Rustamov.

- Bizga qattiq ruhiy bosim o‘tkazishdi. Ahmadboyga bergan mashinangni qaysi pulingga olgansan¸ qaerda qancha mulking bor¸ nechta mashinang bor¸ hammasini xatlatamiz¸ kerak bo‘lsa¸ musodara qilamiz. Ahmadboyning jinoyatiga sheriksan¸ hozir sizga nisbatan ham jinoiy ish ochib¸ Ahmadboyning yoniga podvalga tiqib qo‘yaman¸ deb qo‘rqitdi. Oxiri¸ birinchi arizaning teskarisini yozdirishdi. O‘g‘limga Ahmadboyga bergan pulimga da’vo qilmayman¸ degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishdi. Ustiga ustak¸ “suhbat qonunga muvofiq o‘tkazildi¸ hech qanday bosim bo‘lmadi¸ tergovchilarga e’tirozim yo‘q”¸ degan qog‘ozga ham qo‘l qo‘ydirishdi¸ deydi Dilshod Rustamov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:23 0:00
Бевосита линк

Ota-o‘g‘il Rustamovlarning aytishicha¸ 11 yanvar kungi tergov davomida tergovchilardan biri ularga 5300 AQSh dollari¸ yana boshqasi 6000 dollar miqdorida jarimaga tortilishni aytib, po‘pisa qilgan.

23 fevral kuni Ozodlik muxbiri Milliy xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi bilan bog‘lanib¸ Rustamov shikoyatiga munosabat olishga urindi.

Boshqarma xodimi¸ tilga olingan Ulug‘bek To‘xtasinov bilan telefon orqali gaplashish mumkin emasligini aytib¸ Tergov boshqarmasiga shaxsan kelishni so‘radi.

(Ozodlik Pragada joylashgani uchun¸ bunday taklifni hozircha qabul qila olmaydi.)

Xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan “Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” MChJ muassisi bo‘lgan sudlanuvchi bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan odamlarning katta mablag‘ini noqonuniy ravishda olganlikda ayblanib, 2016 yilda MXX tomonidan hibsga olingan edi.

2018 yilning 21 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi Tursunboevni Jinoyat Kodeksining qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topib¸ unga 13 yillik qamoq jazosi tayinladi. Ayni paytda¸ unga nisbatan amnistiya qo‘llanilib¸ bu muddat to‘rtdan birga qisqartirildi.

Ahmadboyga pul berganlar qonun oldida kim - jabrlanuvchimi yoki jinoyatga sherikmi?

Ozodlik bu savolga huquqiy izoh berishni so‘rab O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qildi.

Sud mulozimi bu savolga har bir alohida ishdan kelib chiqib javob berilishini bildirdi:

- Bu savol sudga emas¸ tergov organlariga berilishi kerak. Kimning jabrlanuvchi¸ kimning esa¸ jinoyatga sherikligini tergov hal qiladi¸ shuning asosida sud hukm chiqaradi. Tergov o‘zini jabrlanuvchi deb ariza berganlar ishini ko‘rib chiqqanidan keyin¸ ularning hammasi birvarakayiga navbatdagi sudda ko‘rib chiqiladi. Hukm esa tergov xulosasiga asoslanadi¸ dedi Oliy sud rasmiysi.

Toshkent shahridagi advokatlik xizmati mutaxassisi ham ayni mazmunda gapirdi:

- Sud ishi shunaqa jarayonki¸ guvoh yoki jabrlanuvchi ish davomida jinoyatga sherikka aylanishi mumkin. Buni tergov¸ oxirida esa¸ sud hal qiladi. Ahmadboy ishi bo‘yicha kim jabrlanuvchiyu¸ kim jinoyatga sherik - holatning og‘ir-yengilligi¸ berilgan summa¸ qaerda pul berildi¸ nima asosida berildi¸ qancha foyda ko‘rildi¸ shu kabi mezonlar bilan aniqlanadi. Har bir shikoyatchining arizasi alohida ko‘rib chiqiladi tergov davomida¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi huquqiy xizmat shirkatlaridan biri advokati.

2016 yil iyul oyida Ozodlik suhbatlashgan Toshkent viloyati huquq tizimi mulozimlaridan biri¸ Tursunboevga pul berganlarning kamida 45 ming ekani va ularning yarmi o‘zlarini jinoyatchiga chiqarishlaridan qo‘rqib¸ ariza yozmaganini bildirgan edi.

Moliyaviy piramida qurganlikda ayblanib¸ 21 fevral kuni 13 yilga qamalgan Ahmad Tursunboevga pul bergan o‘zbekistonliklar soni qariyb 50 mingga boradi.

Shou biznes yulduzlaridan oddiy dehqongacha puli¸ qimmatbaho taqinchoq va mashinalarigacha Ahmadboyga foizga berib¸ 2016 yilning 15 iyun kuni "boy" qo‘lga olinishi ortidan¸ unga berganidan ajrab qoldi.

Ahmad Tursunboev o‘tgan yili qo‘lga olinganidan keyin o‘tgan bir hafta ichidayoq¸ Ozodlikning huquq -tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra, Ahmadboydan pulini undirib berishni so‘rab ariza berganlar soni 20 mingdan oshgan edi.

XS
SM
MD
LG