Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2018, Тошкент вақти: 11:07

Ular Tojikistondan chiqib ketganida olti kishilik oila edi, ammo Iroqqa borib, "Islom davlati" (ID) ekstremistlar guruhiga qo‘shilganidan so‘ng oilaning boshidan kechirganlarini faqat bir kishi so‘zlab berishi mumkin. Oilaning besh a’zosi o‘ldirildi.

– O‘g‘limning oilasidan faqat 10 yashar nabiram Maryam omon qoldi, – deydi Muhammadrahim Shoev Ozodlik muxbiriga.

Tojikiston poytaxti yaqinidagi qishloqda dehqonchilik bilan kun ko‘rayotgan Shoev o‘g‘li Jamoliddinni so‘ngga marta 2015 yili ko‘rganini aytadi. O‘shanda u chet eldan G‘ayratobodga qisqa muddatga kelgan edi. Jamoliddin olti oycha qishlog‘ida turgach, xotini va farzandlarini o‘zi bilan birga olib ketadi.

Shoevga o‘g‘li Misrga ketmoqchi bo‘lganini, o‘sha yerda o‘n yilcha oldin o‘qiganini aytadi. Otaning 37 yashar o‘g‘li bilani oilasi Iroqqa borib qolishidan xabari bo‘lmagan.

Iroqda yetim qolgan qiz

Shoev oradan uy oy o‘tib, 2017 yili Mo‘sul shahriga qilingan hujum vaqtida o‘g‘lining oila a’zolaridan faqat nabirasi Maryam omon qolganini eshitib, uni “Iroqdan uyiga qaytarib olib kelmoqchi” bo‘layotganini aytadi.

Maryam Shoevaning daragi qo‘qqisdan chiqib qolgan. Rossiya televideniesi Mo‘sul shahri ID jangarilari changalidan qutqarilgandan so‘ng Iroqdagi bir boshpanaga olib kelingan rus tilida so‘zlashuvchi bolalar haqida ko‘rsatuv tayyorlab efirga uzatadi. O‘sha ko‘rsatuvni ko‘rgan bir tojik migranti uni tanib qolib, Ozodlik muxbiriga uning qarindoshlari manzilini beradi.

Nabirasi tirik qolganidan xabar topgan Shoev Tojikiston hokimiyat idoralaridan uni vatanga qaytarishda yordam so‘raydi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bu ish bir oz vaqt olishini aytadi.

– Biz u yerda qolib ketgan tojik ayollari va bolalarini vatanga qaytarish uchun Iroqning Qozog‘istondagi elchixonasi bilan ish olib borayapmiz, – dedi vazirlik matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda kuni.

Hukumatning hisob-kitobicha, 2014 yildan beri ID safiga borib qo‘shilish uchun 1000 dan oshiq tojik millatiga mansub kishi Iroq va Suriyaga jo‘nab ketgan. Ularning 200 ga yaqini bolalardir.

Tojikiston ID safiga qo‘shilib, jinoyat sodir etmagan barcha vatandoshlariga afv e’lon qildi va ularning o‘z ixtiyori bilan mamlakatga qaytishi mumkinligini bildirdi. O‘shandan beri o‘nlab odam ortga qaytib, normal hayotga qo‘shilib¸ o‘z ishi va o‘qishini davom ettirmoqda.

Qaytar yo‘lning uzoqligi

Tojikiston hokimiyat idoralariga ko‘ra, balog‘atga yetmagan va hujjatsiz bolalarni ortga qaytarish murakkab jarayon bo‘lib, uzoq vaqt talab qiladi. Buning uchun ularning kimligini aniqlash va vaqtinchalik safar hujjatlarini tayyorlab, Iroq elchixonasiga topshirish kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng bolalarga Bag‘doddan uchoqda yo‘lga chiqishga ruxsat etiladi.

O‘sha bolalarning Shoevga o‘xshash yaqin qarindoshlari bolalarga vasiylik talab qilishdan oldin kimligini va oilalarga taalluqligini aniqlash uchun hujjat va suratlar taqdim etishi shart.

Shoev zarur hujjat va suratlarni hokimiyat idoralariga topshirgani va ayni paytda javob kutayotganini aytadi.

Shoevning Iroqda o‘ldirilgan o‘g‘li Jamoliddin dastlab Misrdagi Al-Azhar universitetida o‘qish uchun 2004 yili jo‘nab ketgan.

Otaning bildirishicha, u o‘z yurtidan uylangani uchun tez-tez qishlog‘iga kelib turgan va o‘sha yerda to‘rt nafar farzandi tug‘ilgan.

– O‘g‘lim menga so‘nggi marta 2017 yil avgustida qo‘ng‘iroq qilgan edi. Shuning so‘ng bedarak ketdi, – dedi Shoev.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlikka ma’lum qilishicha, Jamoliddin Shoevning ismi Iroq va Suriyaga borib, ID saflariga qo‘shilgan tojik vatandoshlari orasida yo‘q. Shoev o‘g‘li va uning oila a’zolarining aksariyati halok bo‘lganini tasdiqlaganini aytdi.

Vazirlik Maryam Shoevani bobosi yoniga qaytarish uchun qancha vaqt ketishini aniq aytmadi.

- Noumid – shayton, deydi Shoev.

Tojikistondagi yana bir qancha bobo-momolar, amma-xolalar, amaki-tog‘alar hokimiyat idoralaridan urush hududlarida qolgan voyaga etmagan qarindoshlarini qaytarishda ko‘mak so‘ramoqda.

Bu bolalar Iroq va Suriyada ID saflariga qo‘shilgani ortidan o‘ldirilgan yoki bedarak ketgan tojik vatandoshlarining yetim qolgan farzandlaridir.

XS
SM
MD
LG