Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:32

O‘zbekiston qamoqxonalarining sobiq kuratori¸ MXX polkovnigi qamoqqa olindi


O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasining sobiq boshliq o‘rinbosari Toymuraz Alimov
O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasining sobiq boshliq o‘rinbosari Toymuraz Alimov

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari¸shu kunlarda umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Shuhrat G‘ulomov buyrug‘iga ko‘ra, qamoqxonalardagi ayrim mahkumlarni “likvidatsiya qilish”da qatnashgan 42 yashar polkovnik Toymuroz Alimov 26 fevral kuni hibsga olindi.

Alimovning hibsga olinishiga aloqador mulozimning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ MXXning Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (2018 yil fevralida tugatilgan - tahr) boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Toymuroz Alimovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-modda, («Qasddan odam o‘ldirish»), 301-modda («Hokimiyatni suiste’mol qilish») va 230-moddalari («Aybsiz odamni javobgarlikka tortish») asosida ayblov ilgari surilgan.

Tergovga aloqador mulozimning aytishicha¸ gumondor Toymuroz Olimjonovich Alimov O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi so‘roviga muvofiq hibsga olingan va Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatoriga olib kelingan.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Ozodlik bilan 28 fevral kungi suhbatda Toymuroz Alimovning aynan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi ( «Qasddan odam o‘ldirish») bo‘yicha hibsga olingani va Alimovning mahbuslarni muntazam qiynaganiga oid ma’lumotlarga ega ekanini bildirdi.

Huquq faoli iddaosiga ko‘ra¸ Alimov “MXX nazaridagi istalmagan shaxslarni¸ sir saqlanish zarur bo‘lgan hodisa guvohlarini ataylab o‘ldirish” bilan muntazam shug‘ullangan.

Ikromovga ko‘ra¸ Toymuroz Alimov qiynoq qo‘llagani uchun qamalgan ilk mulozim emas.

Toymuroz Alimov
Toymuroz Alimov

Guvoh hikoyasi

Moliyaviy jinoyatlarda ayblanib¸ 2015 yili Alimov guruhi tomonidan tergov qilingan sobiq mahkum Ozodlik bilan 28 fevral kungi suhbatda Toymuroz Alimov qilmishlariga guvoh bo‘lganini aytadi.

"Shaxsan Toymuroz Koson jazoni ijro etish muassasasiga borib¸ 44 yashar mahkum B.N.Q.(bu shaxsning to‘liq nomi Ozodlikka ma’lum. Aybsizlik prezumptsiyasi nuqtai nazaridan uni oshkor qilmayotir - tahr.) ga mahbuslar likvidatsiyasi bo‘yicha topshiriq berganiga guvohman. Bu odam bir necha marta tovlamachilik¸ odam o‘ldirish jinoyati bilan qamalgan. Asli farg‘onalik¸ hozir Chilonzorda yashaydi. Toymuroz shu bolaga shaxsan 97-bo‘yicha ( «Qasddan odam o‘ldirish») buyurganiga guvohman"¸ deydi sobiq mahkum.

General lavozimida ishlagan polkovnik

Toymuroz Alimov faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lgan rasmiyning aytishicha¸ u rasmiy rutbasi polkovnik bo‘laturib¸ general o‘tirish kerak bo‘lgan lavozimda ishlagan.

"2007 yildan 2014 yilgacha MXXning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishladi. 2014 yildan 2015 yilgacha Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. 2015 yildan 2017 yilning may oyigacha Namangan viloyat MXXning korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2017 yil may oyidan 2018 yil 5 fevralgacha MXXning korrupsiyaga qarshi bo‘linmasi boshlig‘i bo‘lib ishladi. Oxirgi lavozimi generalskiy lavozim deb qadrlanadi¸ deydi mulozim.

G‘ulomov o‘z sobiq xodimlariga qarshi ko‘rsatma bermoqda

O‘zbekiston IIV xodimlaridan birining Ozodlikkka aytishicha¸ Shuhrat G‘ulomov buyrug‘iga ko‘ra, qamoqxonalarida saqlangan ba’zi mahkumlarni “likvidatsiya qilish” jinoyati to‘rt oydan beri MXX tarafidan tekshirilmoqda.

IIV xodimi so‘zlariga ko‘ra, noyabr va dekabr oylarida o‘tkazilgan qayta tergovda Shuhrat G‘ulomov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlar qatori siyosiy va diniy mahkumlarni yo‘q qilish amaliyotiga boshchilik qilganiga ham iqror bo‘lgan. IIV xodimiga ko‘ra¸ qayta tergovni MXX zobiti Anvar Halimbetov olib bormoqda.

O‘tgan oy “Eltuz” nashri afv asosida ozodlikka chiqqan mahkum bilan suhbatni e’lon qilgan edi. Bu suhbatda MXX xodimlari¸ xususan¸ Toymuroz Alimov guruhi qasddan o‘ldirgani iddao qilingan uch mahkumning ismi keltiriladi.

Iddaoga ko‘ra¸ mahkumlar¸Tavakkal Hojiev¸ Hamidullo Omonov va Ilhom Ibragimovlar qiynab o‘ldirilgan.

Parlament sobiq deputati ham qiynoq qurboni bo‘ldimi?

Ozodlik muxbiri Toymuroz Alimov qiynog‘idan keyin o‘ldi¸ deb ishoniladigan xorazmlik Reyimboy Yo‘ldoshev yaqinlari bilan gaplashdi. Yaqinlarining aytishicha¸ 1989 yilgi parlamentda “Erk” fraksiyasi a’zosi bo‘lgan Reyimboy Yo‘ldoshev 2007 yili qamoqqa olinib¸ 2010 yil avgustida qamoqda urib o‘ldirilgan.

"O‘likni olish uchun Qiziltepadagi turmaga borganimizda¸ qamoqxona nozirlari bizga "nima qilsa MXX qildi¸ bizning aybimiz yo‘q" dedi. Reyimboy bilan birga o‘tirganlar qamoqdan chiqib¸ bizga uni Alimov gruppasi o‘ldirganini aytdi"¸ dedi qamoqda o‘lgan sobiq deputat yaqinlaridan biri.

Ozodlik ixtiyorida bunday iddaolarni tasdiqlovchi dalil-hujjat hozircha yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan IIV xodimining ishonishicha¸ Reyimboy Yo‘ldoshev muxolifatchi Muhammad Solihga xayrixoh shaxslardan biri bo‘lgani uchun qamalgan va jismonan yo‘q qilingan.

Qatl mashinasi?

Toshkentlik huquq himoyachisi Sur’at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga asoslanib¸ “o‘nlarcha mahkum Toymuroz Alimov boshqargan guruh tarafidan jismonan yo‘q qilingan”ini iddao qildi.

Ayni paytda Ozodlik hibsga olinganida MXX tarafidan qiynoqqa solingani oqibatida o‘lganlar haqida ma’lumot yig‘moqda.

Siz bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ o‘zingiz yoki yaqinlaringiz bevosita Alimov va uning guruhi tomonidan tergov qilingan bo‘lsa¸ marhamat¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG