Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:17

Myuller Tramp Seshnzni ishdan bo‘shatmoqchi bo‘lganini tergov qilmoqda


AQSh Bosh prokurori Jeff Sessions
AQSh Bosh prokurori Jeff Sessions

AQSh maxsus prokurori Robert Myuller prezidenti Donald Tramp o‘tgan yili yozda bosh prokuror Jeff Sessions (Jeff Seshnz) ni lavozimidan iste’fo berishga majburlagani bilan bog‘liq gumon yuzasidan tergov o‘tkazmoqda.

“Washington Post” gazetasi bunga Rossiyaning 2016 yilgi saylovga aralashuvini tergov qilishga prezident qarshilik ko‘rsatishga uringanini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Gazeta 28 fevral kuni Myuller boshliq tergovchilar Trampning iyul va avgustdagi xususiy izohlariga oydinlik kiritish uchun guvohlarni so‘roq qilayotgani xususida xabar tarqatdi. O‘shanda u Tvitterga Seshnzning hamiyatiga teguvchi bir turkum izohlar qo‘ygan edi.

Maqolada aytilishicha, o‘tgan yili yozda Tramp Seshnzni ishdan bo‘shatish yoki majburlab ketkazish masalasini xususiy tartibda muhokama qilgan. Bu ham yetmaganday, u bir safar Oq uy xodimlariga Seshnzdan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza olishni buyurgan. Oq uyda maslahatchi bo‘lib ishlayotgan bir kishining aytishicha, Seshnz haliyam ishdan ketmaganini eshitib, prezident “ rosmana ajablangan”.

Gazeta Myuller mana shu va boshqa xabarlarga asoslanib, Tramp Tvitterga qo‘ygan izohlardan maqsad “ishdan ketishga majburlash uchun omma ko‘z o‘ngida bosh prokurorning obro‘sini to‘kkan-to‘kmagani”ni aniqlashga harakat qilmoqda. Bundan maqsad uning o‘rniga boshqa odamni tayinlab, Trampning 2016 yilgi saylov vaqtida o‘z harakatlarini Rossiya bilan muvofiqlashtirganiga oid gumonlar bilan bog‘liq tergovni nazorat qilishga urinish bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“New York Times” gazetasi oldinroq Myuller Trampning 2017 yil bahorida Seshnzni ishdan bo‘shatishga uringani haqidagi gumonlarni o‘rganib chiqayotgani xususida yozgan edi.

Tramp Rossiya bilan bog‘liq mojaroni tergov qilishga xalaqit berganini inkor qilmoqda. Aytishicha, kampaniya vaqtida Rossiya bilan hech qanday kelishuv bo‘lmagan. Rossiya ham saylovga aralashganini inkor qilib kelmoqda.

Hozircha na Oq uy, na Adliya vazirligi “Washington Post” gazetasida chop etilgan maqolaga izoh berish to‘g‘risidagi iltimoslarga javob qaytardi.

Maqola Tramp yana Tvitterda Seshnzni tanqid qilganidan keyin paydo bo‘ldi. Seshnz esa ushbu masala yuzasidan surishtiruv olib borishni Adliya vazirligining mustaqil bosh inspektoriga topshirganini aytdi.

– Modomiki, bosh prokuror ekanman, o‘z vazifamni halol va sidqidildan bajaraveraman. Vazirlik ham ishini mavjud qonunlar va Konstitutsiyaga ko‘ra, odil va haqqoniy ado etaveradi, – dedi Seshnz.

Tramp bilan Seshnzning munosabatlari bosh prokuror bir yil oldin Rossiya bilan bog‘liq masalani tergov qilishdan bosh tortgandan beri yomonlashib bormoqda. Uning bu tergovdan o‘zini chetga olishi Myullerning maxsus prokuror etib tayinlanishiga sabab bo‘ldi. Myuller esa o‘z navbatida Trampning bir necha sobiq yordamchisi va saylov kampaniyasi vaqtidagi maslahatchisiga ayblovlar e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG