Линклар

Шошилинч хабар
21 июн 2018, Тошкент вақти: 17:14

Kovalchuk kokainni Argentinadan Rossiyaga O‘zbekiston uchog‘ida olib kelmoqchimidi?


Argentina Xavfsizlik vaziri Patrisiya Bullrich kokain mojarosi haqida gapirmoqda.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Andrey Kovalchukni Argentinadan Moskvaga 400 kilogramm kokainni kontrabanda qilishga uringanlikda gumon qilmoqda. Gumonlanuvchi esa¸ AQSh razvedka xizmati bilan Argentina politsiyasini o‘ziga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblamoqda, deb xabar beradi Rossiya ommaviy axborot vositalari (OAV).

Andrey Kovalchukning advokati 28 fevralda bergan bayonoti 16 jomadonlik yuk bilan bog‘liq mish-mishlarga to‘la ishda kutilmagan burilish bo‘ldi. Moskva hokimiyat idoralari iddaosicha, 60 million dollar deb baholanayotgan yuqori sifatli kokain Rossiyaning Buenos-Ayresdagi elchixonasi omborida qoldirib ketilgan.

Argentina xavfsizlik vaziri Patrisiya Bullrich o‘tgan hafta 389 kilogrammlik kokain 2016 yil dekabrida jomadonlardan topilganini xabar qildi. Bu haqda politsiyaga Rossiyaning elchisi va uch nafar FXX zobiti xabar qilgan. Bu voqeani sharhlagan vazir «Argentina ilgari hech qachon narkotiklar bilan bog‘liq bu qadar murakkab va g‘ayritabiiy amaliyotiga duch kelmagan edi», deya e’tirof etdi.

Kokain o‘rniga jomadonlarga un joylandi va yuk 2017 yili Rossiyaga jo‘natildi. Ularni olib ketishga kelgan ikki kishi hibsga olindi. Ismi K harfi bilan boshlanuvchi gumondor kokainni sotib olgan va elchixona hududiga olib kirgan.

FXXga ko‘ra, jami uch kishi Rossiyada, yana ikki kishi Argentinada ushlandi. Buni ikki mamlakat vakillari qo‘shma amaliyot deb atamoqda. Unga bosh-qosh bo‘lgan kishiga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi. Keyinchalik bu odamning ismi Andrey Kovalchuk ekani, Rossiyaning Argentinadagi elchixonasida texnik xodim bo‘lib ishlagani va ayni paytda Germaniyada yashayotgani ma’lum bo‘ldi.

Kovalchuk advokati Vladimir Jerebenkovning 27 fevral kuni ma’lum qilishicha, mijozi 2016 yili jomadonlarni elchixonada qoldirgan va ularda kokain emas, qahva, spirtli ichimliklar va boshqa narsalar bo‘lgan.

Rossiya OAVning 28 fevral kuni Jerebenkovga iqtibosan xabar berishicha, ushbu amaliyot AQSh razvedka xizmatlari Argentina politsiyasi bilan birga Rossiya elchixonasining obro‘sini to‘kish uchun uyushtirgan ig‘vodan boshqa narsa emas.

Jerebenkov iddaosini isbotlash uchun hech qanday dalil keltirmadi. Fikricha, Kovalchuk Rossiyaga kelish hamda “aybsizligini isbotlash va haqiqatni qaror toptirish” uchun tergovchilar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova 23 fevral kuni kokain mojarosi Rossiya diplomatiyasi nomiga “dog‘ bo‘lib tushishi” haqida yozgan OAVni tanqid qildi.

– Aslida mutlaqo buning teskarisi bo‘lib chiqdi. Ushbu amaliyotning muvaffaqiyatini Rossiya elchisi bilan diplomatiya xodimlari sa’y-harakatlari ta’minlab berdi, – dedi Zaxarova.

Shu o‘rinda Kovalchukning advokati bayonotidagi g‘alati bir jihatga e’tiborni qaratmasdan bo‘lmaydi. Ushbu mashmashaga O‘zbekiston nomi ham aralashib qolmoqda.

Advokatga ko‘ra, Kovalьchuk Rossiyaga olib kelmoqchi bo‘lgan yuki – qahva, sigara va spirtli ichimliklar uchun O‘zbekistondan xususiy uchoq yollashga kelishib olgan. Shundan so‘ng Rossiyaning Argentinadagi elchixonasiga yukni olib chiqib ketish uchun bir necha oy davomida tinimsiz qo‘ng‘iroq qilgan va nima uchun elchixonadagilar “yukni jo‘natishni istamayotganidan hayron bo‘lgan”.

Ushbu kokain mashmashasi 22 fevralda oshkor bo‘ldi. Hibsga olingan 5 kishiga va qidiruvdagi Kovalchukka Rossiya Jinoyat Kodeksining narkotiklarni juda ko‘p miqdorda ishlab chiqarish, sotish, yoki jo‘natish va kontrabanda qilish to‘g‘risidagi moddasi bilan ayb qo‘yilmoqda.

XS
SM
MD
LG