Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2018, Тошкент вақти: 20:38

OzodDayjest: O‘zbek boylari isrofdan yuz o‘girib, ilm ahliga homiylik qilishga chaqirildi


O‘zbek to‘ylaridagi isrofgarchilik matbuotda ko‘p tanqid qilinadi.

Aqto‘be fojiasining shohidi yong‘in tafsilotlariga oydinlik kiritdi. 2014 yilda qayta “toshbo‘ron qilingan” ma’rifatparvar Hamza oqlandi. O‘zbek sarmoyadorlari ilm-ma’rifat ahliga homiylik qilishga da’vat etildi.

_____________________________________________________________

Aqto‘be fojiasida omon qolgan namanganlik yigit yong‘in tafsilotlariga oydinlik kiritdi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan yong‘inda omon qolgan namanganlik Ahror Isakov fojia tafsilotlariga oydinlik kiritdi (“Darakchi”, 1 mart). Ahror Isakovga ko‘ra, avtobus juda sovib ketganidan yo‘lovchilar salonni kavshar lampa bilan isitgan. Ayni shu kavshar lampa hamda avtobusdagi bir kanistr benzin yong‘inni keltirib chiqargan. Avvalroq avtobus ichidagi yo‘lovchilar bir-biri bilan janjallashgani xabar berilgan edi. Ammo Ahror Isakov bu xabarlarni “uydirma” deb atagan. “Hech kim ichmagandi. Hech kim janjal chiqargani yo‘q”, degan u. Ikki qavatli avtobusning eshiklari havo bilan yopilgani bois yong‘in paytida ishdan chiqqan va yo‘lovchilar olov ichidagi avtobusdan tashqariga chiqa olmaganlar. Omon qolgan 5 kishi avtobus oynalarini sindirib, ichidan odamlarni chiqarmoqchi bo‘lgan, ammo sahrodan tosh topa olmaganlar. 2018 yil 18 yanvar kuni ro‘y bergan fojiada 52 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan.

2014 yilda qayta “toshbo‘ron qilingan” ma’rifatparvar Hamzaning millat oldidagi xizmatlari endi e’tirof etildi

2014 yili rasmiy matbuotda shaxsi qoralangan ma’rifatparvar Hamza Hakimzoda Niyoziyning tarixiy xizmati oradan 4 yil o‘tib e’tirof etildi. O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan tarqatilib, bir qator matbuot nashrlarida chop etilgan maqolada Hamza yangi o‘zbek adabiyotining tamal toshini qo‘ygan siymolardan biri ekani ta’kidlanadi. Maqolada Hamza ulug‘ dramaturg, an’ana va novatorlikni birlashtirgan shoir, boshlovchi nosir, o‘tkir publitsist, mohir pedagog, milliy kompozitor, otashin notiq, rejissyor va teatr arbobi o‘laroq sifatlanadi. “Xalqimizning bu fidoyi o‘g‘loni yurtning kelajagi – ma’rifat, maorif, adabiyot, ta’lim-tarbiya yo‘lida amalga oshirgan ishlarining salmog‘i juda og‘ir tosh bosadi. Bu qutlug‘ yo‘lda Hamza molini ham, jonini ham ayamagan”, deyiladi maqolada. Qayd etilishicha, Toshkentdagi adiblar xiyobonida Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon qatorida Hamzaning ham haykali o‘rnatilishi tarixiy haqiqatning tiklanishi bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil avgustda O‘zbekiston parlamenti va hukumati nashri bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan maqolada professor Muhammad Quronov ma’rifatparvar Hamzaning iste’dodi va millat oldidagi xizmatlarini shubha ostiga olgan edi.

“O‘zbek sarmoyadorlari pulini to‘y-hashamga sovurmay, ilm ahliga homiylik qilsin”

To‘y-hashamatlarni dabdaba bilan o‘tkazishga mukkasidan ketgan o‘zbek millati vakillarining ilm-fanga homiylik qilishga qorni og‘riydi (“Oila davrasida”, 1 mart). Ommaviy axborot vositalarida buyuk ajdodlar bilan maqtanish avj olgan, ammo hech kim ularning ijodiy merosini o‘rganish yoki o‘rgatishga mablag‘ sarfligisi kelmaydi. “Beruniyning kamida 40 dan ortiq kitobi dunyo kutubxonalarida saqlanmoqda. Faqat o‘tgan asrning 60-yillarida 2 tagina kitobi o‘zbek tilida nashrdan chiqqan. Fikr taraqqiyoti uchun pul berishni hech kim targ‘ib qilmaydi. Buning uchun imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa-da, hali hech kim bu borada o‘ylab ham ko‘rgan emas”, deb yozadi muallif. Qayd etilishicha, o‘zbek sarmoyadorlari isrof, baxillik kabi qabih illatlardan forig‘ bo‘lib, ilm ahliga va ma’rifatga homiylik qilishi vaqti allaqachon kelgan.

XS
SM
MD
LG