Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2018, Тошкент вақти: 09:16

OzodDayjest: Jizzaxlik yigit internetdagi firibgarlik bois $10000 dan ayrildi


Illyustrativ surat.

Forish tumanida yashovchi yigitni “afrikalik qarindoshi” chuv tushirib ketdi. Savdo-sanoat palatasi rasmiysi mamlakatda mavjud byurokratik to‘siqlarni yengishga tashkilot vakolati yetmayotganini aytdi. Namanganda majburiy ijro byurosi xodimi kaltaklandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Jizzaxlik yigitni Afrikadagi “qarindosh”i 10 ming dollarga chuv tushirdi

Jizzax viloyati Forish tumanida yashovchi Komron Keldiev internet orqali amalga oshirilgan yirik firibgarlik qurboni bo‘ldi (“Postda”, 24 fevral). Forishlik yigit ijtimoiy tarmoqda o‘zini Stanislav Keldiev deb tanishtirgan kimsa bilan tanishadi. U Afrika davlatlaridan birida yashashi, otasi tatar, onasi rus bo‘lib, bobosi Forish tumanida yashaganini aytadi. Shu tariqa ular qarindosh tutinishadi va ijtimoiy tarmoqda tez-tez gaplashib turishadi. Kunlarning birida Stanislav Keldiev o‘rniga aloqaga boshqa odam chiqib, uning advokati Robert Jekson ekani, mijozi to‘satdan vafot etgani haqida xabar beradi. S. Keldiev bir necha qarindoshi, jumladan, Komronga ham 10 million AQSh dollari meros qoldirgani, faqat bu pullar Yevropadagi nufuzli bankda saqlanayotgani, ularni olish uchun hujjat rasmiylashtirishga 10 ming dollar kerakligini aytadi. Yolg‘onlarga ishongan forishlik yigit tanishlaridan qarz olib, aytilgan bankka pulni yuboradi. Pul yuborilgach, Robert Jekson ham, uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi ham g‘oyib bo‘ladi. Ichki ishlar idorasiga murojaat qilgan yigitga u firibgarlik qurboni bo‘lgani tushuntiriladi. O‘zlarining Afrikada ekanini iddao qilgan firibgarlar tutilganmi, yo‘qmi – bunga aniqlik kiritilmagan.

Savdo-sanoat palatasi rasmiysi mamlakatda byurokratik to‘siqlar ko‘pligini aytdi

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov joylarda byurokratik to‘siqlar ko‘p ekani, ammo ularni yengishga ba’zan tashkilot vakolati yetmayotganini aytdi (“Jamiyat”, 23 fevral). “Biz murojaat qilgan har bir tadbirkorni eshitamiz, uni qiynayotgan muammoni imkon darajasida ijobiy hal etishga harakat qilamiz. Afsuski, ayrim hollarda tadbirkorlarning poymol etilgan huquqlarini tiklashga vakolatimiz yetmaydi. Ko‘p joylarda byurokratik to‘siqlarga uchrayapmiz”, degan Savdo-sanoat palatasi raisi muovini. Qayd etilishicha, ilgari tadbirkorlar orasida sog‘lom raqobat yo‘q edi, kimlarningdir yo‘li ochiq, kimlarningdir yo‘lida esa sun’iy g‘ovlar bor edi. Ayni paytda bunday hollarga chek qo‘yilmoqda. Islom Jasimovga ko‘ra, bugungi kunda tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlatga xiyonat darajasida baholanmoqda.

Namanganda majburiy ijro byurosi xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etildi

Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi xodimlariga zo‘ravonlik qilindi (“Huquq”, 1 mart). Byuro xodimlari Adhamjon Obidov va Baxtiyor Kamolov Chodak qishlog‘idagi Shamsiddin Hasanov xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha dalolatnoma yozayotganida, shu mahallada yashovchi Shavkatjon Yusupov mast holda hovliga kirib kelgan. So‘ng bezorilik qilib, dalolatnomani yirtib tashlagan, “Senlar odamlardan pul talab qilyapsan”, deya Baxtiyor Kamolovning yuziga musht tushirgan. Mast holdagi vatandoshni ushlash uchun ichki ishlar xodimlari chaqirilgan.

XS
SM
MD
LG