Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

Xayr, qurollanish nazorati, salom, qurollanish poygasimi?


Vladimir Putin.
Vladimir Putin.

Qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha mutaxassislar, mabodo yangi qurollanish poygasi boshlanib ketmagan bo‘lsa, uning boshlanib ketish ehtimoli juda kattaligidan ogohlantirmoqda.

Vladimir Putin Rossiya yangi strategik qurollar, jumladan, tinimsiz uchadigan va AQSh raketa mudofaa tizimlarini aylanib o‘tishga qodir yadro raketalarini ishlab chiqqanini ma’lum qildi. Ayni bayonot Vashingtondan Berlingacha bo‘lgan hududdagi siyosatchilar, harbiy ekspert va parlamentchilar e’tiborini tortdi.

Putinning ochiq-oydin aytishicha, bu AQSh bilan qurol-aslaha nazorati bo‘yicha amal qilib kelayotgan shartnoma 16 yil oldin bekor bo‘lgani oqibatidir.

– O‘shanda hech kim gapimizni eshitmagan edi, – dedi Putin 1 mart kuni yuzlab qonun chiqaruvchilar, boshqa rasmiylar oldida qilgan va televidenie orqali olib ko‘rsatilgan ma’ruzasida. – Endi quloq solarsiz.

Dunyodagi jami yadro qurollarining 93 foiziga egalik qiluvchi Moskva bilan Vashington keyingi yillarda qurollarga oid siyosatiga muayyan o‘zgartirishlar kiritgan edi.

“Endi-endi g‘aflat uyqusidan uyg‘onayapmiz”

Putin ayni paytda xizmatda bo‘lgan va ishlab chiqilayotgan yadroviy kallak tashuvchi raketalar, jumladan, suv ostida harakatlanuvchi dron, yer bag‘irlab ucha oluvchi qanotli raketa bilan maqtandi. Bu harbiy texnika namunalari qonun chiqaruvchilar, boshqa yuksak lavozimli rasmiylar oldidagi ikki soatlik ma’ruz vaqtida kompyuter animatsiyasi va raketa uchirilishi tasvirlari orqali namoyish etildi.

Jorjtaun unversiteti professori¸ «Amerika yadro strategiyasi mantig‘i» kitobi muallifi, Metyu Kroenig Qo‘shma Shtatlar bilan Rossiya qurollanish poygasini boshlab yuborganini taxmin qiladi. Uning fikricha, bundan Vashingtonning xabari bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin.

Putin ma’ruzasida taassuf bilan qayd etgan hujjat ballistik raketalarni ishlab chiqarishni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lib, u Moskva bilan Vashingtonning raketaga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqish qobiliyatini cheklashga qaratilgan edi. 1972 yili qo‘l qo‘yilgan ushbu shartnoma sovuq urush vaqtida ikki yirik yadroviy davlat o‘rtasida erishilgan eng muhim kelishuvlardan biri edi. Biroq 2002 yili o‘sha vaqtdagi prezident Jorj Bush shartnomaga amal qilishni bir tomonlama to‘xtatdi. Putin o‘sha payt bu ish “xato bo‘lgani”dan shikoyat qilgan edi.

“Xatarli va keraksiz yo‘l”

Tramp yanvar oyida mamlakat ahvoliha oid Kongressda qilgan murojaatnomasida kongressmenlarni “yadro qurollarini modernizatsiya qilish va qayta qurish”ga da’vat qilgan edi.

– Putin yangi qurollarni ishlab chiqishga sabab qilib AQShning qurol-yarog‘ nazoratiga oid va’dasida turmaganini ko‘rsatdi, – deydi Qurol-yarog‘ nazorati uyushmasi tahlilchisi Kingston Rayf.

Uning ogohlantirishicha, “Rossiya bilan Qo‘shma Shtatlar xatarli va keraksiz yo‘ldan ketmoqda”.

Putin ma’ruzasida yana Trampning yaqinda e’lon qilingan “AQShning yadro qurollari bilan bog‘liq vaziyat tahlili”ni tilga oldi. Ushbu siyosiy hujjatda Vashington qay tarzda va qachon yadro qurollarini qo‘llashi mumkinligi bayon qilinadi. Tahlilda ularni qo‘llash yo‘riqnomalariga bo‘lgan keskin talablar yumshatilayotgani aytiladi. Masalan, hujjatda kam kuchga ega yadro qurollarini cheklangan zarba berish uchun joylashtirish mumkinligi aytiladi.

– Biz Rossiya va uning ittifoqchilariga qarshi yadro qurollarini har qanday qo‘llashni, ular kam, o‘rta yoki boshqa kuchga ega bo‘lishidan qat’iy nazar, yadro hujumi deb hisoblaymiz, – dedi Putin. – Biz bunga zudlik bilan javob qaytaramiz.

AQSh bilan Rossiya qurol-aslahalarini tartibga soluvchi START shartnomasini 2010 yili o‘shandagi prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev imzolagan edi.

Ikki davlar rasmiylari joriy oy boshida qurol-aslahalarni kamaytirish uchun shartnoma majburiyatlariga rioya qilayotganini bildirdi.

Ushbu shartnomaning amal qilish muddati 2021 yilda tugaydi. Kremlning Yevropa, Yaqin Sharq va dunyoning boshqa chekkalaridagi siyosati kongressdagilarining jig‘iga tegayotgani, Trampning AQSh qurollari haqidagi bayonoti ushbu shartnoma muddati tugagandan so‘ng qurollanish borasida hech qanday cheklov qolmasligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

XS
SM
MD
LG