Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:28

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Eronga safar boshladi


Parij diplomatlari rahbari Jan-Iv Le Drian.
Parij diplomatlari rahbari Jan-Iv Le Drian.

G‘arb davlatlari 2015 yili Tehron bilan yadro dasturi borasida erishgan shartnoma taqdiri¸ shuningdek Suriyada yetti yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushidagi Eron ishtiroki tortishuvlarga sabab bo‘layotgan ayni kezda¸ Fransiya tashqi ishlar vaziri Eron poytaxtiga keldi.

Parij diplomatlari rahbari Jan-Iv Le Drianning dastlab yanvar oyiga mo‘ljallangan safari Eron bo‘ylab talabalar o‘tkazgan norozilik namoyishlari sabab qoldirilgan edi.

Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, ikki kunlik safar chog‘ida Le Drian prezident Hasan Ruhoniy va tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashib, “ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro masalalar”ni muhokama qiladi.

Muzokara kun tartibidan 2015 yili G‘arb davlatlari bilan eshirilgan yadro dasturi bo‘yicha shartnoma ijrosi muhokamasi ham o‘rin olgan. Mazkur shartnomada Eron G‘arb sanksiyalarining bekor qilinishi evaziga yadro dasturini ancha-muncha qisqartirishni zimmasiga olgan edi.

O‘tgan yili AQSh prezidenti Donald Tramp kamchiliklar “tuzatilmaydigan bo‘lsa”, bu kelishuvdan chiqish to‘g‘risida bayonot bergandan so‘ng shartnoma kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda.

Safar oldidan Fransiya tashqi ishlar vaziri Frans-press agentligiga Tehronga “Donald Tramp emissari” sifatida bormayotganini ta’kidladi.

Eron rasmiylari mamlakatning raketa va yadro dasturlari mudofaa maqsadlariga qaratilgani va muzokara mavzusi bo‘lmasligini takror-takror aytib kelmoqda.

Parij va Tehron hukumatlarining Suriyadagi urush va unga Eron aralashuvi masalasida ham turlicha qarashlarga ega.

Zarif Le Drian bilan uchrashuv oldidan e’lon qilingan intervyusida Yevropa ittifoqini Eronga nisbatan “ekstremizm”da aybladi.

– Yevropa mamlakatlari Qo‘shma Shtatlarni Eron bilan erishilgan shartnomadan chiqarib yubormaslik uchun ekstremizmga qo‘l urmoqda va bundan o‘zi aziyat chekmoqda va bu hol Yevropa siyosatiga putur yetkazadi, – dedi Tehron diplomatlari rahbari 5 mart kuni “E’timod” istohotchilar gazetasiga bergan intervyusida.

Ayni paytda Eron qurolli kuchlari matbuot kotibi, rasmiy Tehron G‘arb mamlakatlari bosimiga qaramasdan raketa dasturini davom ettirishini bildirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 4 fevral kuni Ruhoniy bilan telefon orqali so‘zlashib, uni Sharqiy G‘utadagi isyonchilar nazoratidagi anklavga “betartib” hujumlarni to‘xtatish uchun Suriya hukumatiga “yetarli darajada bosim o‘tkazish”ga da’vat qildi.

Eron prezidenti vebsaytida keltirilishicha, Ruhoniy Makronga Saudiya Arabistoni bilan uning ittifoqchilariga qurol-yarog‘ sotayotgan mamlakatlarning Yamanda sodir bo‘layotgan “urush jinoyatlari” uchun javob berishi kerakligini aytgan.

Fransiya Saudiya Arabistoniga eng ko‘p qurol-yarog‘ eksport qilayotgan mamlakatlardan biridir. Rasmiy Ar-Riyod Yamanning xalqaro hamjamiyat tan olgan hukumatining shia husi isyonchilari va ittifoqchilariga qarshi 2015 yildan beri davom etayotgan urushida harbiy koalitsiyaga rahbarlik qilmoqda.

Parij bilan Tehronning qurol-yarog‘ dasturlari va Suriya masalasidan tashqari iqtisodiy manfaatlari ham bor. Le Drianning Eron rasmiylari bilan biznes sohasida hamkorlik masalalarini ham muhokama qilishi ehtimoldan xoli emas.

Eronga nisbatan G‘arb sanksiyalari bekor qilinishi ortidan 2017 yili Frantsiyaning energetika sohasidagi yetakchi kompaniyasi “Total” bilan gaz zahiralarini izlab topish bo‘yicha 5 milliard dollarlik shartnoma imzolagan.

Eron va Fransiya ommaviy axborot vositalari Le Drian safari prezident Makronning joriy yilda Eronga tashrifi uchun zamin hozirlashini taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG