Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2018, Тошкент вақти: 00:57

Kreml Britaniyadagi sobiq josus ishi bo‘yicha hamkorlikka “tayyor”ligini bildirdi


Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi polkovnigi bo‘lgan Sergey Skripal Moskva harbiy sudi tomonidan 2006 yili 13 yilga qamalgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva sobiq rus josusi bo‘lgani aytilayotgan shaxsning qo‘qqisdan og‘ir betob bo‘lib qolganini tekshirayotgan Britaniya idoralari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi:

– Fojia yuz berganini ko‘rib turibmiz. Ammo uning sababini ham, bu odamning nima bilan shug‘ullanganiyu va ishi bugungi fojia bilan qanchalik bog‘liq ekanini ham bilmaymiz, – dedi Peskov.

Politsiya xabariga ko‘ra, taxminan 60 yashar erkak va 30 yoshlardagi ayol Angliya g‘arbidagi Solsberi shahri savdo markazi yonidagi skameykada hushsiz holda topilgan.

Britaniya ommaviy axborot vositalari hushsiz shaxsning o‘tmishda Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi polkovnigi bo‘lgan Sergey Skripal ekanini aniqladi. 2006 yilda davlat sirlarini Britaniyaga sotganlikda ayblanib qamalgan Skripal 2010 yili josus almashuv amaliyoti chog‘ida ozod qilinib, G‘arbga chiqarib yuborilgan.

Skripal so‘nggi yillarda Britaniyada to‘satdan kasal bo‘lib yoki o‘lib qolgan rossiyaliklarning navbatdagisidir. Hozircha Britaniya hokimiyat idoralari uning xastaligi allaqanday "nopok o‘yin natijasi" deb ko‘rilmayotganini bildirdi.

Skameykada hushsiz holda topilgan Skripal va uning qizi bo‘lib chiqqan yosh ayol Solsberi kasalxonasiga yotqizildi. Politsiya ularga “noma’lum modda ta’sir ko‘rsatgani”ni aytmoqda.

– Ikkalasi ham og‘ir ahvolda reanimatsiyaga yotqizildi. Surishtiruv ishlari endi boshlangani sababli jinoyat sodir bo‘lmagan-bo‘lmaganini aniq ayta olmaymiz. Ammo ayni hol yirik baxtsiz hodisa sifatida baholandi va bir qancha davlat idoralari uning sabablarini o‘zaro kelishgan holda aniqlashga kirishdi, – dedi Uiltshir politsiyasi xodimi Greyg Holden.

6 mart kuni ertalab shahar markazidagi voqea sodir bo‘lgan joy o‘rab olindi va maxsus himoya kiyimlari kiyib olgan qutqaruvchilar o‘sha yerni maxsus mato bilan yopib qo‘ydi.

Skripalning Solisbergdagi uyi oldida ham politsiya mashinalari paydo bo‘ldi.

Milliy sog‘liqni saqlash xizmati vakili bemorlar haqida cheklangan ma’lumotga ega ekani, ammo ular bilan bog‘liq baxtsiz hodisa “jamoatchilik salomatligiga xavf tug‘dirmasligi”ni aytdi.

Rossiyalik ota-qizning qanaqa moddadan zaharlangani hozircha aniqlanmadi. Ammo mahalliy nashrlarga ko‘ra¸ Faqulodda vaziyatlar xizmati ularning kuchli sintetik opiat fentanildan zaharlanganini gumon qilmoqda.

Rossiyalik josus va uning qizining hushdan ketganiniga bevosita guvoh bo‘lganlar darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilgan.

Guvohlardan biri Bi-Bi-Siga bu voqeaning o‘z ko‘z o‘ngida qanday rivojlanganini aytib berdi:

– Men endi darsimni tugatib, shu yo‘ldan o‘tib ketayotgan edim. O‘ng tarafdagi skameykada keksaroq kishi bilan juvon o‘tirgan ekan. Ayol erkak tomon qiyshaygan edi – hushidan ketgan bo‘lsa kerak. Erkak osmonga qarab, qo‘llarini g‘alati harakatlantirdi. Xavotirga tushdim, yoniga borib, yordam bergim keldi, – dedi Freya Chyorch.

Skripal 2004 yil dekabrida Moskvada hibsga olingan va 2006 yil avgustida Moskva harbiy sudi uni “josuslik ko‘rinishidagi hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydigan sotqinlik” uchun 13 yillik qamoqqa hukm qilgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) taxminicha, Skripal 90-yillarda armiyada xizmat qilib yurgan vaqtdan Britaniya razvedkasi - MI6 bilan hamkorlik qila boshlagan.

2016 yili Britaniya tergovchilari e’lon qilgan xulosada aytilishicha, yana bir sobiq josus Litvinenkoning 2006 yili Londondagi mehmonxonada poloniy-210 bilan zaharlab o‘ldirilishida Andrey Lugovoy va Dmitriy Kovtun singari rus kishilarining qo‘li bo‘lgan va ular FSB buyrug‘i bilan ish qilgan.

Rossiya bu jinoyatda gumon qilinganlarni Londonga topshirishdan bosh tortdi va bu so‘rovni “noshaffof”¸ “siyosiy sabablarga ko‘ra” deb rad qildi.

Kovtun va ayni paytda Rosiya parlamenti deputati bo‘lgan Lugovoy bu ishga daxldorligini inkor etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG