Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:46

Sobiq Bosh prokurorning o‘g‘li qidiruvga berildi; kuyovi hibsga olindi. Mirzaevning qochishga uringan o‘g‘li aeroportda ushlandi


O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib¸ hibsda qolayotgan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirovning 39 yashar o‘g‘li Alisher Qodirov Ichki ishlar vazirligi tarafidan 2018 yilning 5 mart kuni xalqaro qidiruvga berildi.

Vazirlik tomonidan qidiruvga berilganlar ro‘yxatiga kiritilgan sobiq Bosh prokurorning 39 yashar o‘g‘li Qodirov Alisherbek Rashitovich¸ O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) va 168-moddasida (Firibgarlik) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Alisher Qodirov Rashitjonov nomi O‘zbekiston IIV saytidagi qidiruvga berilganlar ro‘yxatida 5 mart kuni kechqurun paydo bo‘ldi.
Alisher Qodirov Rashitjonov nomi O‘zbekiston IIV saytidagi qidiruvga berilganlar ro‘yxatida 5 mart kuni kechqurun paydo bo‘ldi.

IIV tizimida ishlaydigan mulozim 6 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda Alisher Qodirovning otasi hibsga olinishidan 10 kuncha oldin (Rashitjon Qodirov¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 22 fevral¸ Bosh prokuratura baënotiga ko‘ra¸ 23 fevral kuni ushlangan - tahr.) Moskvaga qochib ketganini bildirdi.

Bu mulozimga ko‘ra¸ Rashitjon Qodirov ustidan ochilgan jinoiy ishni olib borayotgan tergovchilar qochuvdagi Alisher Qodirov bilan WhatsApp tarmog‘i vositasida muzokara olib bormoqda.

Qodirov ishi tafsilotlaridan yaxshi xabardor mulozimga ko‘ra¸ bu muzokaralar natijasida Alisher Qodirov “otasi o‘g‘irlagan” deya da’vo arizasida ko‘rsatilgan yarim millard dollarning 20 millionlik qismini Infinbank orqali davlatga qaytargan.

Hozircha Ozodlik Bosh prokuraturaga Alisher Qodirovning qaerga yashiringani ma’lum yoki ma’lum emasligini bilmaydi.

Ozodlikka Alisher Qodirovning qaerga qochgani haqida bir-biriga zid turli ma’lumotlar kelmoqda.

"Alisher Qodirov Moskvada. YeI vizasini olishga harakat qilayapti. U¸ eplasa¸ Buyuk Britaniyadan boshpana olmoqchi"¸ deyiladi shaxsi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik tadbirkor.

Ayni paytda¸ 6 mart kuni Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan maktubda¸ Alisher Qodirovning Shveysariyaning Surix shahridagi Pfingstwelstrasse ko‘chasi 98-uyda bekingani iddao qilinadi.

Ozodlikka Farhod Mamajonovning Surixdagi kvartirasi¸ deb yuborilgan bu surat egasi¸ sobiq Bosh prokurorning qochuvdagi o‘g‘li ana shu manzilda yashayotganini iddao qildi.
Ozodlikka Farhod Mamajonovning Surixdagi kvartirasi¸ deb yuborilgan bu surat egasi¸ sobiq Bosh prokurorning qochuvdagi o‘g‘li ana shu manzilda yashayotganini iddao qildi.

Ozodlikka yuborilgan hujjatlarga ko‘ra¸ Surixdagi ikki qavatli hashamatli kvartira Qodirovlar oilasi pulini yuvganlikda ayblanayotgan Infinbank “egasi” Farhod Mamajonovga tegishli. (Hujjatda uy egasi Mamatdjanov Farkhod deb yozilgan -tahr.)

(Bu maktubni shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan yuborgan o‘zbekistonlik tadbirkor¸ Ozodlikka Farhod Mamajonovga oid bank hisobi¸ soliq deklaratsiyasi va boshqa moliyaviy hujjatlar nusxasini ham taqdim qildi.)

Farhod Mamajonovga berilgan moliyaviy hujjat tepasida uning Surixdagi kvartirasi adresi yozilgan.
Farhod Mamajonovga berilgan moliyaviy hujjat tepasida uning Surixdagi kvartirasi adresi yozilgan.

O‘zbekiston bank tizimida ishlovchi mulozimi 5 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda¸ Toshkentdagi Infinbank “egasi” 43 yashar Farhod Mamajonovning (qop tikib boyigani uchun laqabi Qop - tahr.) sobiq prokuror Rashitjon Qodirov “pulini yuvganlikda” gumonlanayotganini bildirgan edi.

O‘zini Infinbank mijozi deb tanishtirgan qozog‘istonlik tadbirkor iddaosiga ko‘ra¸ “Mamajonov sobiq prokuror Qodirov pullarini Dubay va Riga banklari orqali yuvib¸ Shveysariyaga o‘tkazishda gumonlanib ushlangan va hozirda IIV yerto‘lasida so‘roqqa tutilmoqda”.

Navbat kuyovlarga keldi...

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ sobiq Bosh prokurorning ikki nikohdan jami beshta bolasi bor va ularning to‘rttasi qiz farzanddir.

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining sobiq amaldori 6 mart kuni Rashitjon Qodirov kuyovlaridan biri¸ qo‘mitaning Bojxona nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Oybek Zayniddinov ushlanganini xabar qildi.

Bu mulozimga ko‘ra¸ Zayniddinov qaynotasi ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida ushlangan va so‘roq qilinmoqda.

Bu xabarni Rashitjon Qodirov ishiga bevosita aloqador IIV mulozimi ham tasdiqladi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi vakili Ozodlik bilan 6 mart kungi suhbatda Oybek Zayniddinovning hibsga olinganini inkor qilmadi.

“Oybek Zayniddinovich 5 va 6 mart kunlarida ish joyida mavjud emas¸ shundan boshqa ma’lumot ayta olmayman¸” dedi qo‘mita matbuot vakili.

Bojxona qo‘mitasining Huquqiy boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘afur Qurbonov Ozodlik bilan 6 mart kungi qisqa suhbatda Oybek Zayniddinovning ushlangan-ushlanmagani haqidagi savolga sukut bilan javob qaytardi¸ savol takrorlanganda¸ go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

"Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li qochishga uringan paytda ushlandi"

MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i¸ 23 fevral kuni ushlanib so‘roq qilingan 42 yashar Abdurashid Mirzaev ( Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li) 6 mart kuni oilasini olib Moskvaga qochib ketayotganida IIV xodimlari tarafidan qo‘lga olingan.

Mirzaevni Toshkent aeroportida kunning birinchi yarmida qo‘lga olgan guruhga yaqin zobitning Ozodlikka 6 mart kuni xabar berishicha¸ Abdurashid Mirzaev aeroport xavfsizlik tizimida ishlaydigan eski tanishlari ko‘magida Moskvaga uchayotgan samolyot bortiga chiqayotgan paytda qo‘lga olinib¸ Transport prokuraturasi tergov izolyatoriga olib ketilgan.

Avvalroq huquq tizimi mulozimlari Ozodlikka Abdurashid Mirzaevning "Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgani”ni bildirgan edi.

Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq 1-o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev (laqabi Antibiotik) va oila a’zaolari ustidan jinoiy ish ochilgani haqida Ozodlik 1 mart kuni xabar tarqatgan edi.

2 mart kuni Ozodlik xabariga munosabat bildirgan Bosh prokuratura matbuot xizmati "Mirag‘lam Mirzaev va oila-a’zolarining sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida ushlanmaganini" bildirgan edi.

Ozodlik¸ sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov¸ qolaversa Karimov huquq tizimlari amaldorlari va ularning O‘zbekiston boshqaruv tizimida “tomir otgan” qarindoshlari ustidan ochilgan jinoiy ishlar tafsilotini yaqindan kuzatishda davom etadi.

Siz bu jarayonlarga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lsangiz¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG