Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:19

Skotland-Yard sobiq rus josusining zaharlanishi yuzasidan tergov boshladi


Sergey Skripal 2006 yilgi mahkamada.
Sergey Skripal 2006 yilgi mahkamada.

Britaniyaning terrorchilikka qarshi kurash politsiyasi sobiq rus josusi Sergey Skripal va qizining qo‘qqisdan og‘ir xastalikka chalinib qolishi yuzasidan tergov boshladi. OAV Skripalning o‘g‘li Rossiyaga safari chog‘ida noma’lum sababga ko‘ra o‘lganini xabar qilgan edi.

Skotland-Yardga ko‘ra, terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi “g‘ayrioddiy holat sababli” ishni tergov qilishni o‘z zimmasiga oladi. Skripalga qarshi Rossiya tomonidan suiqasd uyushtirilganiga oida taxminlar kuchaygani ortidan Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson boshqa biror mamlakat bu ishga aralashgan bo‘lsa, buning “jazosiz” qolmasligini bildirdi.

66 yashar Sergey Skripal bilan uning 33 yashar qizi Solsberi kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga tushib qolgandan so‘ng Britaniya hukumatining keskin choralar va’da qilishining o‘z sabablari bor. Bi-Bi-Sining Skripal qarindoshlariga tayanib ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda uning oila a’zolaridan bir necha kishi sirli ravishda vafot etgan.

Aytilishicha¸ Skripalning 44 yashar o‘g‘li Sergey o‘tgan yili Rossiyaga borganida noma’lum xastalikdan vafot etgan¸ uning xotini esa¸ 2012 yili Rossiyadan Britaniyaga kelganidan ko‘p o‘tmay¸ saratondan o‘lgan.

Otasi bilan reanimatsiyada qolaëtgan Yuliya Skripal esa¸ Moskvadagi PepsiCo shirkatida ishlagan va otasini ko‘rish uchun o‘tgan hafta Britaniyaga kelganidan so‘ng¸ qo‘qqisdan kasallangan.

"Kobra" majlisi

7 mart kuni favqulodda masalalar bo‘yicha hukumatning maxsus "Kobra" qo‘mitasi ota-bola Skripallarga nima bo‘lgani yuzasidan majlis o‘tkazdi.

Bu yig‘in tugashi bilan politsiya rasmiysi ekspertlar Skripallarning qanday modda bilan zaharlanganini aniqlagani va bu haqda alohida bayonot bo‘lajagini bildirdi.

"Kobra" majlisi oldidan parlamentda ma’ruza qilgan Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson¸ agar ushbu baxtsiz hodisada Moskvaning qo‘li borligi isbotlansa, unga qarshi sanksiyalar qo‘llanishidan ogohlantirdi.

– Men hech kimni barmog‘im bilan ko‘rsatayotganim yo‘q, – dedi u. – Men dunyo mamlakatlariga shuni aytib qo‘ymoqchiman: Britaniya zaminida gunohsiz kishilar hayotiga tajovuz qilish oqibatsiz yoki jazosiz qolmaydi.

Jazo choralarimi?

Agar bu ishda Rossiya hukumatining qo‘li borligi isbotlansa, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilinadi. Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan Moskvaga nisbatan allaqachon sanksiya joriy qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Jonson bayonotini tanqid qilib, ularni “yovvoyi” deb atadi. Shu bilan birga u haftalik birifing chog‘ida jurnalistlarning savoliga javob qaytarayotib:

Shu paytgacha biz Britaniya hukumatidan birga surishtiruv o‘tkazish uchun hech qanday iltimos ham, taklif ham olmadik¸ dedi.

Solsberida ro‘y bergan sirli hodisa beixtiyor Rossiya xavfsizlik xizmatining iste’fodagi xodimi Aleksandr Litvinenko o‘limini yodga soladi. U 2006 yil noyabrida Londonda radioaktiv poloniy-210 bilan zaharlanib, vafot etgan edi.

Skripal – Rossiya Bosh razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi. 2006 yilda davlat sirlarini Britaniyaga sotib kelganlikda ayblanib¸ 13 yilga qamalgan, ammo 2010 yili josus almashuv amaliyoti chog‘ida ozod qilinib, G‘arbga chiqarib yuborilgan.

Rossiyaning Britaniyadagi elchixonasi baxtsiz hodisadan o‘z mamlakatini boshqalarga "olabo‘ji" qilib ko‘rsatishda foydalanilayotganini iddao qildi.

6 mart kuni ertalab Solsberi markazidagi voqea sodir bo‘lgan joy o‘rab olindi.

Skripalning Solsbergdagi uyi oldida politsiya mashinalari paydo bo‘ldi. Aytilishicha, uning uyi savdo markazidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan.

Buyuk Britaniyaning Uiltshirdagi maxfiy qurollarni tadqiq qilish markazi – Porton Daun olimlari Skripalning betobligiga sabab bo‘lgani gumon qilinayotgan “noma’lum modda”ning nima ekanini aniqlashga kirishdi, deyiladi hukumat tarqatgan bayonotda.

Mahalliy OAV faqulodda vaziyatlar xizmatlari ota-bolaning kuchli sintetik opiat bo‘lmish fentanildan zaharlanganini gumon qilayotgani haqida xabar berdi.

XS
SM
MD
LG