Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2018, Тошкент вақти: 11:08

Adliya vazirligi stalinparastlar so‘rovi bilan "Ilhom" teatriga ogohlantirish berdi


Filmdan kadr

3 mart kuni Toshkentdagi "Ilhom" teatrida Britaniyada taniqli kinochi Armando Ianuchchi ( Armando Iannucci) tarafidan suratga olingan “Stalinning o‘limi” (The Death of Stalin) filmi bepul namoyish qilindi.

Rossiyada taqiqlangani ortidan tilga tushgan bu filmni Toshkentdagi Cineclub Paradiso kinoklubi tomoshabinlarga taqdim qildi.

"Ilhom" teatri rahbariyati bu kino taqdimoti ortidan O‘zbekiston Adliya vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan rasman ogohlantirilgan.

"Oyoq-osti qilingan muqaddas tuyg‘ular"

"Ilhom" teatri vakilining Ozodlikka aytishicha¸ “kino namoyishida Stalinni sevadiganlarning his-tuyg‘ulari poymol bo‘lgan va millatlararo nizo chiqish xatari bor” degan iddaolar asosida teatr rahbariyati rasman ogohlantirilgan.

"Shundan keyin film namoyishi keyingi kunlar repertuaridan olib tashlandi¸" deydi 7 mart kuni Ozodlik gaplashgan teatr xodimi.

"Ilhom" teatri vakiliga ko‘ra¸ “keksa yoshdagi o‘zbek va rus ziyolilari sevimli dohiy Stalin haqorat qilingan filmning O‘zbekistonda namoyish qilinishini muqaddas tuyg‘ularni oyoq-osti qilish deb atab,” huquq-tartibot organlariga shikoyat qilishgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu shikoyat Adliya vazirligiga yuborilgan.

"Xalqning har qanday shikoyati o‘rganiladi!"

7 mart kuni Adliya vazirligining o‘zini aholi shikoyatlari bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi deb tanishtirgan xodimi Ozodlikka “arizaning atroflicha o‘rganilib¸ teatr ma’muriyatiga shikoyatchilar aytgan nuqtalarga e’tibor qaratish kerakligi" uqtirilganini aytdi.

Biz mulozimlarmiz¸ bizga Stalinga sig‘inadi¸ deb ayb qo‘yish noto‘g‘ri. Biz aholi shikoyatlariga e’tibor qilib¸ kamchilik-nuqsonlar bartaraf qilishidan manfaatdormiz. Teatrga hech qanday ma’muriy chora ko‘rilmadi¸ faqat ogohlantirildi"¸ dedi Adliya vazirligi mulozimi.

“Agar Gitler obrazi kinoda yomon qilib ko‘rsatilibdi¸ deb shikoyat qilishsa¸ bu shikoyatni ham ko‘rib chiqib¸ kinoteatr rahbariyatiga ogohlantirish berasizmi? degan savolga Adliya vazirligi rasmiysi¸ “xalqning har qanday shikoyatini ko‘rib chiqamiz” degan qisqa javob bilan cheklandi.

Yagona axborot hududi

“Stalin o‘limi” filmi namoyishiga nisbatan ayrim o‘zbekistonliklarning salbiy munosabati haqida gapirgan kinomunaqqid Akmal Rizaev¸ bu e’tirozlarni “O‘zbekistonning Rossiya media hududida qolayotgani” bilan izohladi:

- Rossiya propagandasining O‘zbekistonda kabel televidenielar orqali odamlar zehnini parvarishlaganining mevasi bu. Millionlab sovet ziyolilari¸ xususan o‘zbek intelligentsiyasi vakillarini qirib tashlagan Iosif Stalin shaxsiga sig‘inishni Putin Rossiyasining propaganda mashinasi targ‘ib qilmoqda. Bundan tashqari¸ Toshkentdagi "Rossotrudnichestvo" tashkiloti ham kunora tadbir o‘tkazib¸ Stalinga sig‘inish¸ buyuk rus shovinizmi kabi ideyalarni targ‘ib qilmoqda¸ deydi munaqqid.

Toshkentdagi Cineclub Paradiso kinoklubi rahbari Aziz Hakimovning Facebookdagi o‘z sahifasida yozishicha, "Stalin o‘limi" namoyishidan so‘ng¸ kinoklub repertuari bilan Adliya vazirligi qiziqib qolgan.

"Bugun (5 mart) - Stalin o‘lgan kun. Ikki-uch kun oldin bizning kinoklub "Ilhom" teatrida Rossiyada taqiqlangan “Stalin o‘limi “ kinosini namoyish qildi. Tomoshabinlar orasidagi o‘zini haqoratlangan deya his qilganlar junbushga kelishibdi. Teatr direksiyasiga Goryustdan dag‘dag‘ali ogohlantirish kelgan. Bizning kinoklub repertuariga ham e’tirozlari bor ekan bu mulozimlarning. O‘zbekistonda Stalin tirik ekan¸ degan fikrga keldim. Afsus¸ Rossiya propagandasi to‘qmog‘i bizning boshimizda ham sinmoqda¸" deb ëzdi Cineclub Paradiso kinoklubi rahbari Facebookdagi sahifasida.

3 mart kuni “Stalin o‘limi” filmi taqdimotida qatnashgan toshkentlik Dmitriy Povarovning Ozodlika aytishicha¸ “film eng yaxshi G‘arb standartlari¸ xususan¸ Britaniya satirasi ruhida suratga olingan”:

- Kino zo‘r olingan. Faqat kulgi yordamida qo‘rquvdan qutulish mumkin. Filmni tomosha qilayotganlar auditoriyasi turfa edi. Zalda Stalinni ulug‘laydigan yoshi katta odamlar ham ko‘p edi. Ular kinoga o‘z bekgraundi bilan kelishdi. Norozilar ham o‘shalar bo‘ldi. Bunday bekgraundga ega bo‘lmagan yoshlar esa kinoni mazza qilib ko‘rishdi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Dmitriy Povarov.

Qo‘rquv

Kinotaqdimotida qatnashgan munaqqid Akmal Rizaev o‘zbek rasmiylarining “Stalin o‘limi” filmidan nega hurkkanligini asoslashga urindi:

- Birinchidan¸ katta rus og‘a taqiqlagan kinoni kimdir qo‘yganini eshitib¸ bu mulozimlar miyasidagi eski tormoz darrov ishlab ketgan. Ikkinchidan¸ kino bugungi o‘zbek voqeligini eslatadi. Karimov o‘lganida¸ hali tirik deb ushlab turishganini eslaysizmi? Kinoda ham Stalin o‘limini yashirib turishadi. Kinodagi jur’atsiz Malenkov obrazi O‘zbekiston Senati raisi Ne’matjon Yo‘ldoshev povedeniesini eslatadi. Beriya bu Inoyatov. Diktatorni ko‘mish marosimini tashkil qilgan Xrushchev esa¸ albatta¸ Mirziyoev obrazidir. Bu grotesk parallellar kimnidir cho‘chitganiga ishonaman¸ deydi bu suhbatdosh.

Adliya vazirligi “stalinparastlar” tarafini olib¸ "Ilhom" teatriga ogohlantirish berganiga o‘zlarini O‘zbekistondagi "neojadidlar" deb atovchi Sardor Salim¸ Anvar Nazir kabi bloger va siyosatshunoslar jiddiy e’tiroz bildirib chiqdi.

Siyosatshunos Anvar Nazir “stalinparast Adliya vazirligi mulozimlariga qarshi fleshmob o‘tkazmoqchi ekanligini aytadi:

- O‘tgan yili 9 mayda Toshkent ko‘chalarida Stalin rasmini ko‘tarib yurgan xolalar jahlimni chiqargan edi. Mayli¸ savodsiz xola endi bu¸ degandim o‘shanda. Ammo Adliya vazirligi mulozimlarining stalinparastligi o‘tib tushdi. Qodiriy¸ Fitrat¸ Elbek¸ Botularni o‘ldirgan jallod Stalinni nega o‘zbek mulozimi himoya qilishi kerak? deya ritorik savol qo‘yadi Nazirov.

Ozod Nazar: Адлия вазирлиги “Сталинпарастлар” тарафини олиб Илхом театрига огоҳлантириш берди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:48 0:00

Taqiqlangan va taqdirlangan kino

“Stalin o‘limi” filmi Rossiya va MDX davlatlarida 2018 yil 25 yanvardan boshlab keng prokatga chiqishi lozim edi. Biroq rus ijodiy intelligensiyasi va qator deputatlar tomonidan imzolangan iltimosnomaga asoslanib, Rossiya Madaniyat vazirligi film namoyishiga ruxsat beruvchi guvohnomani qaytarib oldi.

«Biz ushbu filmda Rossiya (sovet) kishisining obro‘sini yerga urishga yo‘naltirilgan ekstremistik ma’lumot, insonning ijtimoiy va milliy mansubligiga doir kamchiligini targ‘ibot qilish o‘rin olgan, deb hisoblaymiz», - deyiladi Nikita Mixalkov, Vladimir Bortko, Igor Ugolnikov kabi rejissyorlar, Davlat Dumasi deputati Leonid Slutskiy, marshal Jukovning qizi Era Jukova imzolagan ochiq murojaatda.

«Stalin o‘limi» filmi prokatining taqiqlanishi Rossiyada jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgani bois, prokuratura film mazmunini tekshira boshladi.

Biroq Rossiya prokuraturasi filmda ekstremizm izini topolmadi va qo‘shimcha diqqatga sazovor boshqa asoslar ham topilmadi.

“Stalin o‘limi” filmi Qozog‘istonning Olmaota shahridagi “Arman” kinoteatrida 1 fevral kuni “Klik” xalqaro mualliflik kinosi festivali doirasida bir marta namoyish qilindi.

«Stalin o‘limi» - Armando Iannuchchi filmi bo‘lib, u fransuz rassomlari Fabyen Nuri va Tyerri Robin komikslarini ekranlashtirgan rejissyordir.

Filmda Stiv Bushemi, Djeyson Ayzeks, Olga Kurilenko kabi aktyorlar ishtirok etgan.

2017 yil 8 sentabrda filmning xalqaro premyerasi boshlangan edi. Filmda Stalin o‘limidan so‘ng sovet siyosiy arboblari o‘rtasida hukumat uchun kechgan ashaddiy kurash hikoya qilinadi.

Film 2017 yil Britaniyada suratga olingan eng yaxshi mustaqil kinoasar sifatida e’tirof qilindi.

XS
SM
MD
LG