Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2018, Тошкент вақти: 22:44

OzodDayjest: “O‘zbekistonliklar Amerika qullaridan ham og‘irroq yumushga majburlangan”


Illyustrativ surat.

Yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev yaqin tarixda o‘zbek paxtakorlari ahvoli XIX asrda Amerikada yashagan qullar holidan ham zabunroq bo‘lganini qayd etdi. Qashqadaryoda shantajni tirikchilik vositasiga aylantirgan ikki shaxs qamaldi. Xalq dardidan bexabar va’daboz deputatlar tanqid qilindi.

_____________________________________________________________

O‘zbek yozuvchisi o‘z yurtdoshlari Amerika qullaridan ham og‘irroq yumushga majburlanganini urg‘uladi

“Oskar” mukofotiga loyiq ko‘rilgan “12 yil qullikda” filmida hikoya qilingan qullarning og‘ir yumushlari yaqin tarixda O‘zbekiston aholisi zimmasiga yuklangan majburiyatlar oldida holva, deb hisoblaydi yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev (“Hurriyat”, 7 mart). Hollivud filmida XIX asrda Amerikadagi qullar og‘ir yumushlarga, xususan, paxta terishga majburlangani hikoya qilinadi. Qullarga kuniga 200 funt – qariyb 91 kilogramm paxta majburiyati yuklanadi. Yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning xotirlashicha,talabalik kezlari ulardan kuniga 100 kilogramm “oq oltin” normasini bajarishi talab etilgan. Bu talabni bajarmagan “xalq dushmanlari” kechqurun, traktor chiroqlari yorug‘ida yana dalaga chiqarilgan. Dalada mahalliy ayollar orasida 200-300 kilolab paxta terganlar ham bo‘lgan. O‘z davrida SSSR xalq deputatlarining birinchi syezdida ma’ruza qilgan atoqli yozuvchi Odil Yoqubov ham Amerikadagi hatto toshbag‘ir oqtanli fermerlar plantatsiyalarida ishlagan qullarni yaxshilab boqqani, ammo o‘zbekistonliklar jaziramada 12 soatlab ishlagani, zaharli ximikatlar sababli turli og‘ir xastaliklarga chalinganini tanqid qilgan.

“Deputatlarning chekka hududlarda xalq bilan muloqot qilayotgani yolg‘on”

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 17-maktab tomi qulab tushishi mumkin, ammo ta’lim maskanini ta’mirlash necha yildan beri paysalga solib kelinmoqda. Bu haqda “Darakchi” nashriga shu tumanlik faxriy pedagog No‘’monjon Ko‘paysinov shikoyat qilgan. Favqulodda vaziyatlar idorasi maktab nurab borayotgani haqida dalolatnoma tuzgan. Bu borada 10 ta davlat idorasiga, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Eshmatovaga murojaat qilingan, ammo foydasi bo‘lmagan. Pedagog N.Ko‘paysinovga ko‘ra, F.Eshmatova saylovoldi uchrashuvni ayni shu xarob maktabda o‘tkazib, deputatlikka saylansa, yangi maktab qurilishiga vakolati doirasida yordam qilishga va’da bergan. Ammo deputat yordam berish uyoqda tursin, maktab direktorining rasmiy xatiga javob yo‘llashga ham yaramagan. Ta’kidlanishicha, qashqadaryolik faxriy pedagogning arizabozlikdan topgan haqiqati shuki, ayrim deputatlarning chekka hududlarda xalq bilan muloqot qilayotgani haqidagi gaplari yolg‘on.

Qashqadaryoda ikki kishi “yozg‘uvchiligi” uchun qamaldi

Qashqadaryoda qog‘oz va qalamni jinoyat quroliga aylantirgan ikki kishi ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 8 mart). Viloyat prokuraturasi vakili Bahodir Erkaevga ko‘ra, Dehqonobod tumanida yashovchi 58 yoshli Saylov Toshqulov va 42 yoshli Normengli Bakkaev tovlamachilik va shantaj yo‘li bilan ko‘plab odamlarga zarar yetkizgan. Mazkur shaxslar bir qancha kafe va choyxonalarga borib ovqatlangach, ular ustidan xizmat sifati yomon degan mazmunda shikoyat yozgan. So‘ng shikoyatni kafe va choyxona rahbarlariga ko‘rsatib, uni tegishli idoralarga yubormaslik evaziga pul talab qilgan. Shu tariqa ikki shaxs tovlamachilik va shantajni tirikchilik vositasiga aylantirgan. Qayd etilishicha, “yozg‘uvchilar”ga jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi 7 yilu 6 oy va 7 yilu 7 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG