Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:55

Blog: Kafkavoriy mahkama


Bobomurod Abdullaev va yana uch sudlanuvchi ustida 7 mart kungi mahkama jarayoniga to‘planganlar.
Bobomurod Abdullaev va yana uch sudlanuvchi ustida 7 mart kungi mahkama jarayoniga to‘planganlar.

Diktatura yillarida biz, mustaqil O‘zbekiston vatandoshlari, huquq maydonidagi absurdga shu qadar ko‘nikib ketdik-ki, vaziyatning fojiaviyligi bizni qayg‘uga solmaydigan, kulgililigi esa kulgimizni qistamaydigan bo‘ldi.

Mana, o‘zi va oilasiga almisoqdan qolgan eski mashinada taksichilik qilib non topadigan bir ishsiz jurnalist qanday davlat to‘ntarishining bosh tashkilotchisi bo‘lib qolishini bir ko‘ring!

Mana, o‘rta maktab o‘qituvchisi bo‘sh vaqtida blogerlik qilib, yanayam bo‘shroq paytida umrida bir marta ko‘rgan o‘sha taksist bilan davlat to‘ntarishda sherik bo‘lib qolishini tomosha qiling!

Mana, tekstil sotadigan bir do‘konchi va restoran menejeri - yana o‘sha taksichi bilan "til biriktirib" - sevimli vatanimizning konstitutsiyasiga kattakon tajovuz qilishini ko‘rmaysizmi!

Kecha videoda Toshkent shahar sudi oldida mahkama boshlanishini kutib turgan odamlarni ko‘rdim. Ular Bobomurod Abdullaev va uning "sheriklari"ning mahkamasini kutayotgandilar.

Men bu insonlarning yuzlariga qarayman: sokin, seriltifot chehralar.Tabassum ichidalar. Suhbatlashmoqdalar, rasm chekmoqdalar, "selfi" aylamoqdalar.

Ularning bir maromdagi hatti-harakatlarida bu absurd iqlimidan paydo bo‘lgan na bir tushkunlik, na besaranjomlik bor. Ular absurdning shu qadar qalbidalarki, uni sezmaydilar hatto. Ulardagi sokinlik xuddi Edvard Munkning "Faryod" kartinasidagi ko‘prik ustida huzur ichida ketayotgan ikki kishidagi sokinatni yodga soladi.

Hatto chet elliklar, xorijiy elchiliklar missiyasining xodimlari ham sodir bulayotgan voqealarni xuddi shunday bo‘lishi kerakday qarshilayotgani, hech bir anormal (favqulodda) hol yo‘q kabi qabul qilayotgani ko‘rinadi videoda. Absurd shu qadar xonakilashgan bu yerda.

Shu bois, sud hakami tutqun Abdullaev advokatining ishni qiynoqlarni tekshiradigan ekspertizaga topshirib, jinoiy ishni suddan chaqirib olish va yangidan tergovga berish talabini qondirganda, mahkama salonida o‘tirgan bu sokin insonlar buyuk bir taajjub ichida qoldilar.

Bunday hol mustaqil O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagandi chunki.

Mahkama hakamining bu kutilmagan qarori absurdning harir o‘rtugini "tarr" etib yirtdi!

Go‘yo yangi bir Vaqt paydo bo‘ldi. Yangi soatlar "chiq"illay boshladi. Va insonlar bir-birlariga xuddi ilk dafa ko‘rayotganday hayrat ichida boqa boshladilar!

Bu metafora emas, do‘stlar.

Bu bizning posttotalitar davlatlarning shafqatsiz voqeligidir.

Absurd bir necha soniya bizdan chekinsa aynan shu ta’riflaganimiz holat vujudga keladi.

Ha, jarayon aynan shunday boshlandi va darrov bitdi, de-fakto bitdi.

Men mahkama jarayonini nazarda tutayapman.

2018 yil 7 mart soat 14.00 da boshlanib, bir yarim soat ham o‘tmay darrov tamom bo‘lgan mahkama jarayonini nazarda tutdim. Hakam Z.Nurmatov tutqun B.Abdullaevning ishini ekspertizga yuborishga qaror bergani zahot bitdi bu jarayon.

Nega u bu qadar tez bitdi?

Chunki aybnomaning bosh figurantiga qarshi yo‘naltirilgan ayblov iddaolari ichida shubha ostiga tushmagan bitta ham iddao qolmagandi.

"Bosh figurant" B.Abdullaev o‘z shikoyatida o‘ziga, uchta "sherigi"ga, MXX shefi I.Abdulaevga, IIB vaziri Bobojonovga, M.Solihga qarshi bergan butun ko‘rsatmalarining qiynoq ostida berilganini e’tirof etgandi.

Demak, agar ekspertiza tutqunga qiynoq uyg‘ulanganini tasbit va tasdiq etsa (ki bunga shubha yo‘q), agar O‘zbekiston Qonunchiligida qiynoq ostida olingan ko‘rsatmalarning hisobga olinmasligi sobit bo‘lsa, mahkama uchun ikki yo‘l bor:

1.Bu to‘rtta tutqunni sud zalidanoq ozod qilib yuborish.

2.Yoki darhol yangi jinoyat o‘ylab topib, uni Jinoyat Kodeksining 159-moddasiga uydirish kerak bo‘ladi.

Ammo yuzaga kelgan bu vaziyatda ikkinchi holatni hayotga tadbiq etishning hech iloji yo‘q.

Chunki mahkama ayni onda ham mahkama, ham tergov maqomida bo‘la olmaydi.

Demak, mahkama Bobomurod Abdullaev va uning do‘stlarini oqlash haqda hukm chiqarishi kerak. Boshqa chiqish yo‘li yo‘q. Bu bilan mahkama ayni onda bu to‘rtta O‘zbekiston vatandoshini qiynagan kimsalarni jinoiy javobgarlikka tortish haqda ham bilvosita hukm chiqargan bo‘ladi.

Ya’ni jarayon bitdi. Ammo absurd nima bo‘ldi, u ham bitdimi?

Muhammad Solih

8.03.2018

Ozodlik chop etadigan bloglar mualliflarning shaxsiy qarashlari ifodasi va ular Ozodlik tahririyati pozitsiyasini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG