Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 11:12

Rossiya TIV matbuot kotibasi amaldagi deputatni shilqimlikda aybladi


Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova mashhur deputatni shilqimlikda aybladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi mashhur deputat Leonid Slutskiyni shilqimlikda ayblagan yana bir ayol bo‘ldi.

G‘arb matbuoti so‘zlaridan tez-tez iqtibos keltiradigan matbuot kotibasi Mariya Zaxarova 10 mart kuni, bundan 5 yil muqaddam deputat “Leonid restoranda menga juda noqulay so‘zlarni gapirgan”, deb aytdi.

– Men o‘sha yerdagi odamlardan hayron bo‘ldim... o‘sha paytda lom-mim deyishmadi, mening yonimni ham olishmadi, – dedi u Rossiyaning NTV telekanaliga.

Aytishicha, ko‘ngilsiz voqea besh yil oldin sodir bo‘lgan paytda u "mashhur emas edi”.

Men, “nega endi shu gaplarni endi aytyapti, bularning barchasini o‘ylab topgan”, qabilidagi gaplarga mutlaqo qarshiman. – dedi u.

Zaxarova deputatni shilqimlikda oshkora ayblagan uch jurnalist ayol qatoriga qo‘shildi.

Uch ayol – RTVI telekanalining muharrir o‘rinbosari Yekaterina Kotrikadze, “Dojd” TV prodyuseri Darya Juk va Bi-Bi-Si Rus xizmati muxbiri Farida Rustamova – yaqinda Slutskiyni shilqimlikda ayblagan edi. Ularga ko‘ra, deputat o‘zlariga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlar qilgan, o‘pmoqchi bo‘lgan va nozik joylariga qo‘l yugurtirgan.

50 yashar Slutskiy noqonuniy xatti-harakatlar qilganini inkor etib, ayblayotgan ayollarni sudga berish bilan tahdid qildi. Biroq negadir 8 mart kuni Feysbukdagi sahifasida ulardan uzr so‘radi. O‘sha kun Rossiya va boshqa mamlakatlarda Xalqaro Xotin-qizlar kuni sifatida nishonlanadi.

“Bayram munosabati bilan kimnidir istab yoki istamay xafa qilgan bo‘lsam, kechirim so‘rayman, – deb yozdi Slutskiy. – Ishoninglar, men bu ishni yomon niyatda qilganim yo‘q”.

Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy Slutskiyni deputatlikdan ketishga da’vat qildi. Prezidentlikka nomzod Kseniya Sobchak va yana bir necha faollar Davlat Dumasi binosi oldida yakka noroziliklar uyushtirdi.

Navalniy jurnalist ayollar bilan birdam ekanini aytib, Davlat dumasining Xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Slutskiyni “jirkanch deputat” deb atadi. U yana ayblanayotgan Slutskiyni himoya qilib chiqqan boshqa deputatlarni ham tanqid qildi.

– Slutskiyni yoqlayotgan va himoya qilayotganlardan qo‘rqish kerak,– deb yozdi Navalniy vebsaytida. – Slutskiy shilqimlik qilish bilan odamlarni xafa qilib, tahqirlaydigan jirkanch odamgina bo‘lib qolmasdan, qallob hamdir.

Navalniy Slutskiyni korrupsiyada aybladi. Muxolifning bildirishicha, u beklarcha yashaydi, qonuniy yo‘l bilan torpayotgan puli bunaqa hayot tarziga etishi dargumon, uni Dumadan “sharmandalarcha haydash kerak”.

Prezidentlikka nomzodlar orasida yagona jurnalist bo‘lgan Sobchak Davlat Dumasi oldida “Deputatlar, bizga kerak emassiz!” degan plakat bilan norozilik bildirdi.

Sobchak prezidentlikka nomzod va Liberal demokratik partiya (LDPR) rahbari Vladimir Jirinovskiyni Slutskiyni “himoya qilayotganlik”da aybladi, chunki Slutskiy ham uning partiyasi a’zosidir.

XS
SM
MD
LG