Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 19:26

Soliq qo‘mitasi raisining yangi muovini IIV qidiruvga bergan shaxslar ro‘yxatida


Bu e’lon¸ O‘zbekiston IIV rasmiy saytidan 2018 yilning 13 mart kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 8 da nusxa olindi.

O‘zbekiston prezidenti qarori bilan 12 mart kuni Behzod Anvarovich Musaev Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bu haqda O‘zbekistondagi bir necha Internet nashri xabar tarqatdi¸ ammo hozircha prezidentning bu tayinlovga oid farmoni prezident rasmiy saytida e’lon qilinmadi.

Bungacha Davlat soliq qo‘mitasi raisinining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdusalom Yo‘ldoshev prezident Shavkat Mirziyoevning 28-29 yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida lavozimidan ozod etilgan edi.

Behzod Musaev 2010-2011 yillarda ayni lavozimda faoliyat yuritgan. Undan avval esa Hisob palatasi raisi lavozimida ishlagan.

Musaev qaytadan Soliq qo‘mitasi rahbarligiga tayinlangani aytilganidan bir kun o‘tib - 13 mart kuni ham 1973 yil 12 dekabrda tug‘ilgan "Behzod Musaev Anvarovich" degan shaxs O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi saytida qidiruvga berilganlar ro‘yxatida qolmoqda.

Bu shaxs haqida ma’lumot berish so‘ralgan e’londa yozilishicha¸ surati taqdim etilmagan Behzod Musaev¸ O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining oltita moddasi¸ xususan¸ 167-modda ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)¸ 175-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish)¸ 178-moddasi (Chet el valyutasini yashirish)¸ 179-moddasi (Soxta tadbirkorlik)¸ 184-moddasi (Byudjet va smeta-shtat intizomini buzish) va 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) da ko‘zda tutilgan jiddiy iqtisodiy jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanganib¸ qidiruvga berilgan.

Bu e’londa Behzod Musaev Anvarovichning O‘zbekiston IIVsi tomonidan qidiruvga berilgan sanasi aniq ko‘rsatilmagan.

Norasmiy manbalar 2012 yilda Soliq qo‘mitasi raisi 1-o‘rinbosari Behzod Musaevning o‘z ustidan jinoiy ish ochilishi arafasida AQShdan siyosiy boshpana olganini iddao qilmoqda.

Ozodlikda tasdiqlashning hozircha imkoni bo‘lmagan bu xabarlarga ko‘ra¸ Behzod Musaev AQShga tajriba almashish dasturi bo‘yicha borib, o‘sha erda qolib ketgan. Norasmiy manbalar O‘zbekiston mulozimining boshpana so‘rashini vatanida unga nisbatan xavf tug‘ilgani bilan izohlagan.

O‘zbekiston IIV rasmiy saytida 2018 yil 13 mart kuni ham turgan e’lon bunday xavf mohiyatini oydinlashtiradi.

Hozircha Musaevga nisbatan ochilgan jinoiy ishning yopilgan-yopilmagani haqida rasmiy xabar yo‘q.

XS
SM
MD
LG