Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:29

Prezident yangi farmon imzoladi - MXX DXXga aylandi


O‘tmishga aylangan forma.
O‘tmishga aylangan forma.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Bu haqda davlat telekanallari Toshkent vaqti bilan oqshomgi 7:30 dagi informatsion ko‘rsatuvida ma’lum qildi.

Farmonda¸ Milliy xavfsizlik xizmatining O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurash sistemasidagi roli alohida e’tirof etilgan.

Ayni paytda¸ prezident imzolagan farmonda vakolatlari chegarasi aniq belgilab berilgan qonun hujjatlari bo‘lmagan holda¸ milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha aspektlarini MXXga berib qo‘yish bu idoraning O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimlarining barchasi faoliyatiga aralashuviga olib kelgani aytiladi.

Farmonga ko‘ra¸ MXX faoliyatini tubdan isloh qilish maqsadida bu idora nomi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) deb o‘zgartirildi.

Davlat xavfsizlik xizmati huquq¸ mas’uliyat va kelishuvlar bo‘yicha MXXning vorisi ekani aytilgan farmonda¸ DXX O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni himoya qiladigan, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurash olib boradigan vakolatli organ sifatida tasniflandi.

Bu xizmatning vakolat¸ mas’uliyat va haqlarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik bazasi yaratish ehtiyoji tilga olingan farmonda O‘zbekiston fuqarolari haqlari¸ erkinlik va qonuniy manfaatlarini og‘ishmay himoya qilishni kafolatlash DXXning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir Abdulla Aripov va prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Mahmudovga yuklatilgan farmonda¸ DXX rahbariyatiga ikki oy ichida xizmat faoliyatini tashkil etish¸ xizmat o‘quv muassasalari faoliyatini takomillashtirish¸ davlat chegaralarini qo‘riqlash samarasini oshirishga oid prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

O‘zbekiston prezidenti 2018 yilning 31 yanvar kuni MXXni 1995 yildan boshqarib kelgan qudratli general Rustam Inoyatovni vazifasidan ozod qilib¸ uning o‘rniga O‘zbekiston Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaevni MXX raisi etib tayinladi.

MXXdagi Mirziyoev islohotlari

Shavkat Mirziyoev 16 fevral kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini yana bir bor keskin tanqid qilgan edi:

- Bizda bitta tashkilot bor, milliy xavfsizlik degan janoblar bor. Sizlar hammalaring bilyapsizlar, qanaqa o‘zgarishlar O‘zbekistonda bo‘lyapti. Bitta davlatning idorasiga shuncha vakolat berish, bu umuman davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonatchilik¸ degan edi prezident.

MXXga berilgan cheksiz vakolatni tanqid qilgan prezident, tizim faoliyatini o‘tgan asrning 30-yillaridagi qatag‘onga solishtirgan edi:

- Bularga hech kim bunday vakolat bermagan, lekin o‘zlari oldi. Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 37-yil ham bunday emas. Shuning uchun hamma narsa joy-joyiga, men hozir aytmoqchi emasman, ularning ko‘pi qonun oldida javob berishni boshladi¸ degan edi prezident.

Bundan oldin 19 yanvar kuni Surxondaryo viloyati faollari bilan Qiziriq tumanida o‘tkazgan yig‘ilishda ham prezident MXX faoliyatini birinchi marta qattiq tanqid qilgan edi.

Prezident bu kabi tanqidiy chiqishlarida MXX yuqori lavozimligi mulozimlarining davlatga xiyonatda ayblanib¸ hibsga olingani¸ xususan¸ MXX raisining 1-o‘rinbosari general Shuhrat G‘ulomovning umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganini aytib o‘tgan edi.

XS
SM
MD
LG