Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 19:41

Qozog‘iston prezidenti Ostona sammiti tashabbuschisi Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildirdi


15 mart kuni amaliy tashrif bilan Ostonaga kelgan O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev bilan uchrashdi.

O‘zbek prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra¸ Oqo‘rdada Mirziyoevni qarshi olgan Nazarboev¸ «o‘zbek prezidenti bilan uchrashishni sog‘inganini» aytgan:

- Siz O‘zbekistonda juda katta ishlarni amalga oshirayapsiz va bu butun mintaqamizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kecha Tojikiston, bugun Qirg‘iziston Prezidentlari bilan gaplashdim. Ular ham sizning siyosiy irodangiz va sa’y-harakatlaringiz xalqlarimizni xursand qilayotganini aytishdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bugungi maslahat uchrashuvi ham sizning tashabbusingiz bilan tashkil etildi. Bu hali boshlanishi. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan konferensiya ham juda muhim, – degan Nursulton Nazarboev o‘zbek hamkasbi bilan navbatdagi uchrashuvida.

Prezident matbuot xizmati keltirgan iqtibosga ko‘ra¸ Shavkat Mirziyoev o‘zi prezidentlikka kelgandan beri o‘tgan davrda ikki qo‘shni o‘rtasidagi aloqalarning jadal rivojlanganini ta’kidlagan:

- Keyingi bir yarim yil ichida ikki do‘st, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi tizimga tushdi. 2017 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 2 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiyotimiz, madaniy-gumanitar aloqalarimiz yanada mustahkamlandi. Eng katta natija – odamlarning kayfiyati, – degan Shavkat Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Ostonada o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvida Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlarining qatnashishi kutilmoqda. Turkmaniston delegatsiyasiga mamlakat parlamenti raisi Akja Nurberdiev rahbarlik qiladi.

Mintaqa davlatlarida bayram qilinadigan Navro‘z arafasida o‘tayotgan Ostona uchrashuvi¸ aytilishicha¸ bir necha maqsadni ko‘zlaydi.

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati rasmiysi Doniyor Sidiqovga ko‘ra¸ sammitda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish¸ o‘zaro siësiy muloqotni mustahkamlash¸ siyosiy-diplomatik¸ savdo-iqtisodiy¸ moliya-sarmoyaviy¸ transport-kommunikatsiya¸ ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari “qat’iy protokolsiz” muhokama qilinadi.

Ostona sammiti nihoyasida imzolanishi kutilayotgan qo‘shma bayonotda¸ besh davlatning “yaqin mintaqaviy hamkorlik¸ bir-birini qo‘llab-quvvatlash¸mintaqa xavfsizligi¸ barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlash maqsadida dolzarb muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi” aks etadi¸ deya bildirdi Doniyor Sodiqov.

XS
SM
MD
LG