Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2018, Тошкент вақти: 21:34

Sobiq MXXning ishsiz qolgan zobitlari militsiya va armiyada ish bilan ta’minlanmoqda


O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) sifatida qayta tashkil etilgani ortidan ishsiz qolgan zobitlar militsiya va armiyada ish bilan ta’minlanmoqda, o‘nlab xodimlar esa, o‘z arizasiga ko‘ra, ishdan ozod qilingan. Aynan qancha sobiq MXX xodimlari IIV hamda Mudofaa vazirligiga o‘tkazilayotgani haqida aniq raqam Ozodlikda yo‘q. ​

Ozodlik bilan suhbatlashgan va o‘z ismi aytilishini istamagan IIV mulozimining aytishicha¸ ilgari MXX bajarib kelgan vazifalardan bir qismi IIVga berilgan:

- Prezident farmoniga ko‘ra¸ sekretniy tashkilotlarga kuzatuv moslamalari va qo‘riqlaydigan texnik uskunalarni o‘rnatish va ularga kundalik xizmat ko‘rsatish birinchi apreldan boshlab Ichki ishlar vazirligiga o‘tyapti. Bu ishlarni shu paytgacha MXX qilib kelgan. Maxsus ob’ektlarni qo‘riqlaydigan sistemani loyihalovchi Konstruktorlik byurosi ham IIV ga o‘tdi. Bu ishlarda ishlaydigan MXX xodimlari ham IIV ga o‘tkazildi. Ularning ish staji uzluksiz davom etadi. Ilgari MXXdan olgan oylikni oladi. Unvon va imtiyozlari saqlanadi¸ dedi mulozim.

Prezident Mirziyoevning «O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida MXX boshqarmalaridan biri 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligiga o‘tkazilishi aytilgan. Lekin boshqarma nomi tilga olinmagan.

Biroq hujjatda ta’kidlanishicha¸ rejimli mudofaa ob’ektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish ishlari Mudofaa vazirligiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

"Kontora" bilan kindigini uzganlar

Ayni paytda MXX-DXXdan "o‘z xohishi" bilan bo‘shab ketayotganlar ham borligi to‘g‘risida ma’lumotlar kelmoqda. Ozodlik O‘zbekiston MXX idorasida 11 yil ishlab o‘z arizasiga ko‘ra, joriy yil yanvarida ishdan bo‘shagan andijonlik zobit bilan gaplashdi. B.I. ismli bu yigit hozir Rossiyada istiqomat qiladi. Uning aytishicha, ko‘pchilik rus tilli zobitlar ham ishini almashtirib Rossiyaga ketishgan:

- ChOPda ishlayapman (Xususiy qo‘riqlash hizmati - tahr) Oylik yaxshi¸ stress yo‘q. Yaqinda oilamni ham ko‘chirib kelaman. Kriminalistikani yaxshi o‘qigan mutaxassis o‘ris bolalardan men bilgan to‘rttasi ishdan bo‘shab, Rossiyaga kelib, yaxshi ishlarga joylashdi. Bittasi ugroziskda ishlayapti¸ gapning to‘g‘risini aytsam, SNBning nomi o‘zgargani¸ binosi olib qo‘yilgani va rais almashganidan xursand bo‘lgan joyim yo‘q¸ dedi B.I.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ birinchi navbatda tashkilotlarda kurator sifatida ishlagan yuzlab zobitlar ishsiz qolgan:

- Ularku ishini topib ketadi, ammo davlat yutqizdi bundan. Kuratorlar amaldorlarni nazorat qilib turadigan davlatning ko‘zu-qulog‘i edi. Hozir nazoratsiz qolgan bu amaldorlar o‘zboshimchaligidan keladigan zarar ko‘lamini hech kim his qilmayapti¸ dedi sobiq MXX zobiti.

DXX (sobiq MXX) zobitlariga yangi imtiyozlar beriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni Navoiy viloyat, Xatirchi tumanida viloyat faollari ishtirokidagi yig‘ilishda “viloyatdagi MXX xodimlarining aksar qismi oz oylikka yashayotgan kamtar xodimlar" ekanini ta’kidlagan edi.

Faollar bilan uchrashuvda prezidentning ta’kidlashicha¸ “Navoiy viloyatidagi MXX zobitlari oylikdan oylikkacha zo‘rg‘a kunini ko‘radi, uyi ham, shaxsiy avtomobili ham yo‘q”.

O‘z nutqida prezident bundan buën MXX xodimlari davlatning g‘amxo‘rligi ostida bo‘lishini va’da qilgan edi:

«Endilikda MXX xodimlari uchun sharoitlar yaxshilanadi, xususan, ular xizmat uylarida emas, o‘z uylarida turadi. Ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi», degan edi Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida.

Mirziyoev bundan oldin Qiziriq va Peshku tumanlari eli bilan uchrashgan paytda MXX faoliyatini ayovsiz tanqid qilgan edi.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha taxlilchi Rafael Sattorovning 16 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ “Bu popukqandava qamchi siyosatidir”

- Xavfsizlik tizimi kerak. Bunday tizimsiz hech bir davlat yashay olmaydi. Davlat rahbari sifatida Mirziyoev buni yaxshi tushunadi. Kam sonli¸ samara va sifat ko‘rsatkichlari yuqori xavfsizlik tizimi yaratiladi, degan deklaratsiyani ko‘rdik. Endi joriy yil oktabrida parlamentga taqdim qilinadigan DXX haqida qonunni kutyapmiz. Konkret sizning savolingizga kelsak¸ sobiq MXX xodimlarining ommaviy ishsiz qolishi degan narsa yuz bermaydi. Chunki bu lyustratsiya emas. Minglab sobiq MXX xodimlarini ko‘chaga haydash bugungi siyosiy reallikda salbiy oqibat kasb qilgan bo‘lar edi. Shu bois bu ishlarning xozirgi sur’ati ma’qul¸- deydi taxlilchi.

Tarixiy qaror?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra¸ MXX faoliyatini tubdan isloh qilish maqsadida bu idora nomi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) deb o‘zgartirildi.​

Ayni paytda DXX haqidagi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan

Qonun loyihasida davlatning ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish sohasida Davlat xavfsizlik xizmatining vazifa va funksiyalari, huquqiy maqomi, vakolatlari, bu sohadagi parlament nazoratining mexanizmlari va faoliyatning samaradorligi mezonlari belgilangan.

XS
SM
MD
LG