Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 13:00

Bosh prokuratura prokuror Mirzaev va oilasiga jinoiy ish ochilgani haqidagi Ozodlik xabarini bir oycha o‘tib tasdiqladi


22 mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikning 1 mart kungi xabarini tasdiqlovchi¸ ayni paytda¸ o‘zining 2 mart kungi raddiyasini rad qiladigan yangi bayonot e’lon qildi.

TASDIQ

FUQAROLAR DIQQATIGA” deb nomlangan 22 mart sanasi qo‘yilgan so‘nggi bildirishnomasida Bosh prokuratura matbuot xizmati quyidagilarni yozadi:

Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari M.A.Mirzaev, uning turmush o‘rtog‘i M.X.Mirzaeva, o‘g‘li A.M.Mirzaev ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan, agar Siz ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yoki boshqa jinoiy qilmishlar oqibatida jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz, Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishingiz yoki 233-63-33, 236-00-76 telefon raqamlari orqali xabar berishingiz mumkin."

Ozodlik xabar qilgan edi...

1 mart kuni Ozodlik O‘zbekiston huquq tizimlari mulozimlari va bevosita guvohlarga tayangan holda¸ rasmiy lavozimiga ko‘ra¸ Toshkent shahar prokurorining 1-o‘rinbosari bo‘lgani holda¸ butun prokuratura tizimini boshqarib kelgani aytiladigan Mirag‘lam Mirzaev¸ uning xotini va o‘g‘lining 23 fevral kuni maxsus reyd bilan olib ketilganini xabar qilgan edi.

Ozodlik manbalari¸ Mirzaevlarning sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov ishi doirasida olib ketilgani va ularning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotganini bildirgan edi.

Bosh prokuraturaning Ozodlik 1 mart kuni bog‘langan rasmiylari "bu voqea haqida ma’lumotga ega emasligini”ni aytish bilan cheklangan¸ ammo 2 mart kuni matbuot xizmati Mirzaevlar yuzasidan Ozodlik tarqatgan xabarni Ozodlik nomini tilga olmay turib¸ rad etishga uringan edi.

Ozodlik xabariga raddiya...

Bosh prokuratura rasmiy saytida 2 mart kuni chop etilgan “RADDIYa” nomli bayonotda:

“Internet tarmog‘ida (shu kunlarda O‘zbekiston rasmiy idoralari va mahalliy matbuotda aniq qilib Ozodlik deyish o‘rniga ayni shu va shunga o‘xshash abstrakt so‘z qo‘llash urf bo‘lgan – tahr.) O‘zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori R.Qodirovga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari M.Mirzaev va uning oila a’zolari ushlanganligi to‘g‘risida xabar tarqatilgan. Bosh prokuratura ushbu ma’lumot haqiqatga muvofiq emasligini ma’lum qiladi”¸ deyilgan edi.

O‘z raddiyasini o‘zi rad etish an’anasi?

Bu O‘zbekiston Bosh prokuraturasining o‘z raddiyasini o‘zi rad etishining birinchi namunasi emas.

Bundan avval 23 fevral kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirovning 22 fevral kuni ushlangani va ustidan jinoiy ish ochilgani haqida Ozodlik 23 fevralda tarqatgan xabarga mahalliy matbuot orqali raddiya bergan edi.

Ammo 24 fevral kuni Bosh prokuratura o‘z raddiyasini rad etib¸ yozma bayonot chiqargan va Qodirovning hibsga olingani haqida Ozodlik tarqatgan xabarni tasdiqlagan edi.

Ozodlikning 22 fevral kungi xabarining 24 fevral kungi rasmiy tasdig‘i.
Ozodlikning 22 fevral kungi xabarining 24 fevral kungi rasmiy tasdig‘i.

Rasmiy tizimlarga jo‘rovoz matbuot

25 yil mobaynida kuchli senzura ostida faqat rasmiy idoralar bergan va bugun yolg‘onligini prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zi qayta-qayta takrorlayotgan ma’lumotlarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida "davlat idorasi" nomidan beriladigan xabarlarni surishtirish an’anasi hali ham shakllanmagan.

Keyingi oylar davomida O‘zbekistondagi shov-shuvli voqealar haqida hukumat idoralari tarqalishini istamagan ma’lumotlarning Ozodlikda birinchi bo‘lib yoyinlanishi ortidan prokuratura¸ ichki ishlar va hokimiyat idoralarining "raddiya" chiqarishi urfga aylanmoqda.

Bunday ma’lumotning nechog‘li asosli ekanini o‘z manbalari orqali tekshirish imkoniga ega bo‘lgani holda¸ O‘zbekiston ichkarisi va xorijdagi ayrim matbuot nashrlari¸ rasmiy raddiyalarni "kopi-peyst" (copy-paste) qilishda davom etmoqda.

Ko‘p o‘tmay rasman rad etilayotgan rasmiy raddiyalarni tarqatish¸ mahalliy matbuotning mustaqil bo‘lishiga to‘siq bo‘layotgan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatida "ma’lumot yo‘q"

Bosh prokuraturaning so‘nggi bayonotida “juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgan” Mirzaevlarning ushlangan-ushlanmagani¸ og‘ir jinoyatlarda gumonlanayotgan bu shaxslarga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llanilganiga oid biror ma’lumot yo‘q.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rasmiysi Ozodlik bilan 22 mart kungi qisqa suhbatda yana bu savolga javob bo‘ladigan ma’lumoti yo‘qligini bildirish bilan cheklandi.

Ozodlik aniqlamasi

Mirzaevlarning 23 fevral kuni maxsus amaliyot chog‘ida olib ketilganini Ozodlikka bildirgan huquq tizimidagi mulozimlar¸ Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li Abdurashid Mirzaevning so‘roqdan keyin qo‘yib yuborilgani¸ ammo oilasini olib Moskvaga qochishga uringan mahali¸ 6 mart kuni Toshkent aeroportida qo‘lga olinganini xabar qilgan edi.

Abdurashid Mirzaevni Moskva reysiga chiqish oldidan ushlagan maxsus guruh zobitlaridan biri Ozodlikka voqea joyidan olingani aytilgan ushbu fotosuratni ham yuborgan edi.

Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li¸ bu suratni yuborgan mulozimga ko‘ra¸ 6 mart kuni ertalab Toshkent aeroportida ushlangan.
Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li¸ bu suratni yuborgan mulozimga ko‘ra¸ 6 mart kuni ertalab Toshkent aeroportida ushlangan.

O‘zbekiston prokuratura¸ ichki ishlar¸ MXX ¸ sud va advokatura tizimida "uyushgan jinoiy guruh" tuzib¸ ulardagi kadrlar tayinlovidan tortib¸ mahkama chiqaradigan hukmlarga qadar juda katta miqdordagi pora evaziga belgilab kelgani iddao qilinayotgan Mirzaevlar yuzasidan borayotgan tergov amaliyotlariga oid hujjat-dalillar¸ gumonlanayotganlarning hozirda qaerda saqlanayotgani¸ tergovni kim¸ qaerda olib borayotganiga oid hujjat-dalillar hozircha Ozodlik ixtiyorida mavjud emas.

Bunday tafsilotlardan bevosita yoki bilvosita xabardor bo‘lsangiz¸ o‘zingizdagi ma’lumotlarni¸ shaxsingiz sir qolish kafolati evaziga¸ Ozodlikka yuborishingiz mumkin.

Shuningdek¸ sobiq Bosh prokuror va Mirag‘lam Mirzaev guruhi¸ qolaversa¸ sobiq MXX rahbar va zobitlaridan jabr ko‘rganlar ham o‘z hikoyalarini Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashish imkoniga ega.

XS
SM
MD
LG