Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:53

O‘zbekiston bank tizimining soyadagi “xo‘jayini” Alisher Akmalov ustidan ish ochildi


Alisher Akmalovning keyingi 25 yil davomida O‘zbekiston bank tizimining soyadagi xo‘jayiniga aylangani aytilmoqda.
Alisher Akmalovning keyingi 25 yil davomida O‘zbekiston bank tizimining soyadagi xo‘jayiniga aylangani aytilmoqda.

O‘tgan bir hafta davomida Ozodlikka bir-biridan mustaqil mulozimlarning xabar berishicha¸ mamlakat Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura hamkorlikda o‘tkazayotgan korrupsiyaga qarshi maxsus amaliyotlar doirasida O‘zbekiston Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Alisher Akmalov ham qo‘lga olingan.

1997 yildan 2018 yilning 13 fevraliga qadar Markaziy bank raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan 56 yashar Alisher Akmalov¸ bank tizimi mulozimlarining Ozodlikka aytishicha¸ Milliy xavfsizlik xizmatining O‘zbekiston bank sistemasi ustidan nazoratini amalga oshirib kelgan asosiy shaxs bo‘lgan.

O‘zbekiston huquq¸ bank va hokimiyat tizimida ishlovchi mulozimlarga ko‘ra¸ Akmalov 17 mart kuni Toshkentda hibsga olingan.

Ozodlik keyingi bir necha kun davomida bu voqeaga bevosita aloqador mulozimlar bilan bog‘lanib¸ voqea tafsilotlarini o‘rganishga harakat qildi.

23 mart kuni voqea tafsilotlariga yaqin mulozimlardan biri “Markaziy bank raisi o‘rinbosari - MXX kuratori¸ bank kadrlarining boshini yegan Akmalov Alisher ham 7 sutkadan beri hibsda”¸ deb yozgan bo‘lsa¸ bevosita hukumat tarkibida ishlovchi mulozim¸ Akmalovning Qodirov ishi doirasida qo‘lga olingan sobiq amaldorlardan biri ekanini bildirdi.

Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov ishi doirasida yana 25 kishining ushlanganini xabar qildingizlar. Ular orasida Alisher Akmalov ham bor. Bank sohasidagi asosiy esenbeshnik. Zamprem’er Qahramon Akmalovning akasi. Uni hibsga olishdi¸ so‘roq qilishayapti. Delo tayyor”¸ deb xabar yubordi Ozodlikka Toshkent hukumatidagi yana bir mulozim ham 24 mart kuni.

Huquq tizimlarida ishlovchi rasmiy esa 23 mart kuni Ozodlikka Alisher Akmalovning ushlanganini tasdiqlagan¸ ammo uning hibsda qancha saqlanishi aniq emasligini bildirgan edi.

Qamaldi, lekin chiqarib yuborishlari mumkin. Hech narsa gapirmayapti¸ pokazaniya ham konkretniy bermayapti»¸ deb bildirgan Akmalov ishiga bevosita aloqador mulozim¸ Akmalovning «rejim bo‘yicha Mullajonovning birinchi zami bo‘lgani» va «pul-kredit¸ konvertatsiyani nazorat qilgan asosiy shaxs» ekanini qo‘shimcha qildi.

Akmalov ishi bo‘yicha Ozodlikka ma’lumot yo‘llagan Ichki ishlar vazirligi mulozimi 23 mart kuni hali uning hibsda ekani va «3 million dollar isk puli» to‘laganini bildirdi.

26 mart kuni Ozodlik qayta bog‘langan bu mulozim Alisher Akmalovning dushanba kuni ham hibsda qolayotganini bildirdi.

«Hozir vokzalning oldidagi respublika transport militsiyasi podvalida saqlanmoqda. Aprelda Zangiotaga ko‘chgan vaqtinchalik saqlash izolyatoriga chiqarishsa kerak»¸ dedi bu mulozim.

(Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning hibsga olingani haqida ayni shu manba xabar bergan va ko‘p o‘tmay bu ma’lumot o‘z rasmiy tasdig‘ini topgan edi – tahr.)

26 mart kuni Alisher Akmalovning aynan qaerda ekani¸ uni ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash bo‘yicha mahkama ajrim chiqargan-chiqarmagani haqida Ozodlik rasmiy idoralardan aniq ma’lumot ola olmadi.

26 mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlik bog‘langan rasmiysi Alisher Akmalovning hibsga olingan-olinmagani yuzasidan “ma’lumot yo‘qligi”ni bildirdi.

Markaziy bankning 26 mart kuni Ozodlik murojaat qilgan rasmiylari ham “fevral oyida lavozimidan bo‘shagan Akmalov” taqdiriga oid so‘nggi tafsilotlardan bexabarliklarini bildirdilar.

Bank tiziminig “seriy kardinali”

Ozodlik bilan ismi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston bank tizimi mutasaddilaridan biri¸ Alisher Akmalovni shunday ta’rifladi.

Akmalovning kabineti MXXning Markaziy bankdagi ofisiga aylangan edi. Qanchalab bank xodimlari, tijorat banklari filiallarining boshqaruvchilari, hatto Markaziy bank raisining o‘rinbosarlaridan biri uning kabinetidan qo‘liga kishan solinib, bank xodimlarining ko‘z o‘ngida namoyishkorona olib ketilgandi. MXX xodimlarining har qanday iltimosi - lavozim deysizmi, konvertatsiya deysizmi, kredit deysizmi... uning kabinetida, bir qo‘ng‘iroq orqali hal etilardi”¸ deya iddao qildi Akmalovning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan sobiq hamkasblaridan biri .

Bu bankirga ko‘ra¸ O‘zbekiston bank tizimidagi eng quyi lavozimdan to eng tepasigacha kimning qaysi lavozimga tayinlanishi¸ kimning qachon ishdan olinishi¸ qaysi bankka lizentsiya berilib¸ qaysisidan olinishini ham¸ qay biriga tekshiruv yuborilib¸ qay biriga yuborilmasligini ham” keyingi 25 yil davomida aynan Alisher Akmalov hal qilib kelgan.

Toshkent tijorat banklaridan birida ishlovchi menejer Ozodlikka “birgina kadrlar tayinlovidan topilgan pullarning o‘zi millionlab dollarga borishini” aytadi.

Buning ustiga¸ noqonuniy pullarni bank tizimi orqali yuvib¸ xorijga chiqarish¸ konvertatsiya uchun xizmat haqi¸ qora bozorni qo‘shsangiz¸ Akmalov xo‘jayinlik qilgan moliyaviy hududning qanchalik kengligi va u yerda aylangan pullarning qanchalik kattaligini tasavvur qilasiz”¸ deydi tijorat banklaridan biri menejeri.

“Inoyatov-Parpievning odami”

O‘zbekiston bank tizimidagi mutasaddilardan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ Alisher Akmalovni mamlakatning katta boylaridan biri sifatida ta’riflab¸ uning MXX sobiq raisi Rustam Inoyatov va hamon O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi lavozimida qolayotgan Botir Parpievlar himoyasidagi “tegib bo‘lmas” shaxs maqomida ish tutib kelganini iddao qildi.

Inoyatov-Parpiev tandemida yaratilgan bir-nechta banklar faoliyatiga (Bu banklar ro‘yxati Ozodlikda bor) ko‘z qorachig‘iday qarardi. Bu banklarni inspektorlar nomiga tekshirib kelardi, ularga nisbatan og‘ir majburiyatlar belgilatmasdi. Ularga mumkin qadar xos imtiyozlar yaratib berardi. Davlat banklari mijozlarining oylik ish haqini berishga qiynalib yotganda, bu banklar katta banklarga naqd pul sotardi. Bu cho‘ntak banklar pulni pulga urishtirib pul qilardi. MXXchi biznesmenlarning offshorlarga chiqarib yuborayotgan pullariga hech kim hech narsa demasdi. Vaholanki, Akmalov ana shu pullar uchun birinchi navbatda javob beradigan rahbar edi”¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan bankir.

Ozodlik ixtiyorida hozircha¸ Alisher Akmalovning noqonuniy faoliyatini tasdiqlovchi hujjat-dalillar yo‘q. (Sizda shunday hujjatlar bo‘lsa¸ Ozodlikka yuborishingiz mumkin.)

“Londonda o‘rinlashgan oila”

Aytilishicha¸ O‘zbekiston Markaziy banki o‘rinbosari sifatidagi rasmiy lavozimdan boshqa biznesi qaydga olinmagan Alisher Akmalovning aksar oila a’zolari xorijda qimmatbaho ko‘chmas mulk sotib olib¸ shu yerda muqim yashaydi.

Xususan¸ kenja o‘g‘li Saidolimxon Akmalov¸ uning Facebook sahifasida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ Londonda yashaydi va Angliyaning eng qimmat maktablaridan biri Hurtwood House xususiy maktabida o‘qigan. (Bu maktabning bir yillik narxi 40 ming funt sterling atrofidadir.)

Akmalovni O‘zbekiston bank va moliya tizimidagi qudratli shaxsga aylantirgan jihatlardan yana biri¸ uning sobiq Iqtisodiyot vaziri Galina Saidova bilan qudaligi ekani aytiladi.

Aytilishicha¸ Saidovaning o‘g‘li Artur Shodiboev Alisher Akmalovning qizi Azizaga uylangan va bu oila ham Londonda muqim o‘rnashgan.

Ozodlik suhbatlashgan tergov amaliyotlariga yaqin mulozimlar¸ Akmalov boyligining eng kamtar hisob-kitob bo‘yicha¸ 400-500 million AQSh dollarini tashkil etishi taxmin etilayotgani va so‘roqning asosan “xizmat vakolatlarini suiste’mol qilish” vositasi qo‘lga kiritilgan deb tasniflanayotgan bu boylikni davlatga qaytarishga qaratilganini bildirdilar.

Siz Alisher Akmalov, shuningdek boshqa shov-shuvli jinoyat ishlari tafsilotlarini bilsangiz, ma’lumotlarni Ozodlikka yuborishingiz mumkin. Shaxsingiz sir tutilishi kafolatlanadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG