Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 02:47

“MY5” telekanali Toshkent xiyobonlarida o‘pishayotgan yoshlarni har hafta fosh qilmoqchi (VIDEO)


«Mening Yurtim» («MY5») telekanali 1 aprel kuni ko‘rsatgan “Reyd kamera” ko‘rsatuvining birinchi sonida Toshkent bog‘larida qo‘l ushlashib yurgan, o‘pishayotgan yoshlar namoyish etildi. Jamoat joylarida o‘zbek yoshlarining “axloqsizlikni targ‘ib qilayotganini fosh etishni" maqsad qilgan bu ko‘rsatuv¸ mualliflarga ko‘ra¸ “foydasi ko‘rinmaguncha” davom etadi.

Bir guruh o‘zbekistonliklar¸ bu ko‘rsatuvni “yoshlar orasidagi axloqiy buzilishlarni kamaytirish” urinishi deb olqishlasa¸ ikkinchi taraf uni “shaxs daxlsizligi” to‘g‘risidagi qonunga tupurish deya, keskin tanqid qilmoqda.​

Тошкент хиëбонларида ўпишаëтган ëшларни фош қилган “MY5” телеканалининг мухбири билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:46 0:00

Maqsad – yoshlarni tartibga chaqirish!

“Reyd kamera” ko‘rsatuvining ilk sonida MY5 yozuvi tushirilgan qora nimcha kiyib¸ qo‘lida diktofon ushlagan yosh yigit Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni va Brodvey bulvaridagi o‘rindiqlarda qo‘l ushlashib¸ o‘pishib turgan yigit-qizlar oldiga borib¸ “Nima qilib o‘tiribsiz?” degan savol bilan murojaat qiladi¸ bu so‘roq-javoblar uzoqdan videotasvirga olinadi.

“Reyd kamera” boshlovchisi¸ “Mening yurtim” telekanali jurnalisti 22 yashar Badriddin Husniddinov Ozodlik bilan suhbatda¸ Toshkent bog‘ va xiyobonlarida o‘zbek yoshlarining “axloqsizlikni targ‘ib qiladigan” hatti-harakatlari avvallari ham boshqa telekanallarga mavzu bo‘lganini aytadi:

- Avvallari uzoqdan tasvirga olib¸ studiyada muhokama qilishgan. Biz esa¸ tasvirga olish jarayonida to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldiga borib¸ noto‘g‘ri ish qilayotganini¸ bunaqa jamoat joyida axloqni buzayotganligini tushuntirdik¸ xolos. Maqsadimiz¸ hozirgi paytdagi yoshlarimizni tartibga chaqirish¸ bunaqa ishlar noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib berish¸ xolos.¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda ko‘rsatuv muallifi va boshlovchisi.

"Shunaqa demokratiya sizga kerakmi?"

Toshkent vaqti bilan 21:30 da namoyish etilgan bu ko‘rsatuv¸ darhol Facebookdagi "Xalq bilan muloqot" sahifasida muhokamaga tashlandi.

90 ming a’zosi bo‘lgan bu guruhda berilgan "Ko‘rsatuv g‘oyasi haqida kim qanday fikrda?" degan savolga munosabat 24 soat ichida munosabat bildirgan 1000 dan oshiq feysbukchilar orasida jurnalistni qo‘llab-quvvatlaganlar talaygina.

Ko‘rsatuv tarafdorlaridan biri "Shunaqa qilib yashirin kamerada olib sharmanda kilish kerey bularni, bu yer Yevropa emas"¸ desa¸ sharh.uz nomidan qo‘yilgan izohda:

"Jurnalist bugungi kunning eng muhim muammolaridan birini olib chiqqan. Yoshlarga erkinlik berilgan¸ lekin buning ham chegarasai borligini anglashi kerak. Axloqsizlikni demokratiya, erkinlik deb aytayotganlar millatimizning asosiy dushmanlaridir"¸ deyiladi jumladan.

Bu ko‘rsatuv – shaxs daxlsizligiga ochiq tajovuz!

Ayni paytda¸ “Reyd kamera” ko‘rsatuvi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga tashlangandan so‘ng jiddiy tanqidlarga ham uchradi.

"Bu jurnalistlarga nima bo‘lgan o‘zi? Shuni ham dolzarb mavzu qilib TVga olib chiqqan jurnalistlarga uyateee!!!! Boshqa qiladigan ishlari yo‘qmi bularning? Borib qishloqlardagi bog‘cha¸ maktab¸ bolnitsalarni va yo‘llarning ahvolini suratga olsa bo‘lmasmidi!!! Ha¸ zamonaviy yoshlar eskichasiga uchrashuv qilmaydiku endi!!!" deb yozdi Facebook foydalanuvchilaridan biri.

O‘zbekistonlik taniqli blogger¸ faylasuf Xurshid Yo‘ldoshev¸ bu ko‘rsatuvni dunyoviy davlat tamoyillariga zid¸ deb baholaydi.

Dunyoviy davlat qonunlariga ko‘ra¸ bunday harakat shaxs daxlsizligiga tajovuz hisoblanadi. Axloqsizlikni gapirgisi kelsa¸ axloqsizliklarning onasi bo‘lmish korrupsiyaga qarshi kurashsin. Har qanday axloqning markazida insonning qadr-qimmati turishi kerak. O‘sha yoshlar kimning huquqini buzibdi¸ kimning qadr-qimmatini toptabdi? Hech kimning. Agar chinakamiga axloqsizlikni fosh qilmoqchi bo‘lsa¸ ana so‘kong‘ich rahbarlarni fosh qilsin”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda ko‘rsatuv tanqidchilaridan biri¸ o‘zbekistonlik yosh blogger Xurshid Yo‘ldoshev.

Huquqiy baho – advokat izohi

2 aprel kuni Ozodlik muxbiri Toshkentdagi advokatlik shirkati mutaxassisi bilan bog‘lanib¸ “Reyd kamera” ko‘rsatuviga bildirilayotgan huquqiy e’tirozlarga izoh berishni so‘radi.

Bu ko‘rsatuvni ko‘rmaganini e’tirof etgan advokat¸ uni shaxs daxlsizligi va so‘z erkinligiga berilgan konstitutsiyaviy kafolatlar bir-biri bilan to‘qnash kelishiga misol bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Konstitutsiyaning 25-moddasida “har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega¸ 27-moddasida esa¸ “har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan¸ shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega”¸ deyilgan. Ayni paytda¸ 29-moddada “har kim fikrlash¸ so‘z va e’tiqod erkinligiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash¸ olish va tarqatish huquqiga ega”¸ deyilgan.

Bu ko‘rsatuv mualliflari¸ biz ijtimoiy ahamiyatga ega muammoni yoritish uchun¸ jamoat joylarida tasvirga oldik¸ lekin tasvirga tushganlarga nisbatan hech qanday xusumatimiz yo‘qligi bois ular shaxsini oshkor qilmadik¸ yuzini ko‘rsatmadik”¸ deyishi mumkin. Ayni paytda¸ jurnalist borib¸ o‘ziga tanbeh bergan shaxslar¸ “bu mening shaxsiy erkim¸ men qonun va qoidalarni buzayotganim yo‘q¸ sening ishing bo‘lmasin”¸ deyishga haqli. Shaxs va so‘z erkinligi shunaqa nozik ziddiyatga kirishgan misollar shuning uchun ham jiddiy matbuot emas¸ odatda sariq matbuotning temasi bo‘lib qoladi”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan huquqshunos.

Bog‘larda o‘pishish – qonun-qoidalarga zidmi?

Ozodlik bilan 2 aprel kungi suhbatda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiysi¸ na O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi va na Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksida jamoat joylarida o‘pishish yoki quchoqlashishning qonunbuzarlik sifatida tasniflanganini bildirdi.

Toshkentdagi eng yirik istirohat bog‘laridan biri boshqaruvchisi ham bundaylarga tanbeh berishga¸ qonun nuqtai-nazaridan hech kimning haqqi yo‘qligini bildirdi.

Men Toshkentning yoshlar ko‘p keladigan parkiga rahbar sifatida¸ bundaylarga shu paytgacha biror narsa demaganman¸ demayman ham! Ha endi¸ yoshlik-beboshlik¸ deb o‘tib ketaman. Sevishganlar qo‘l ushlashib yurolmasa¸ quchoqlasha olmasa¸ biz ham Eron bo‘lamizku unda! Biz faqat ular ichib to‘polon qilsa yoki odamlar ko‘z o‘ngida jinsiy aloqa qilsa¸ jamoat tartibini buzdi¸ deb militsiya chaqiramiz. Lekin shuncha yillik tajribamda¸ bunaqa holat bo‘lgani yo‘q”¸ dedi Toshkent markazidagi istirohat bog‘i rahbari 2 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin¸ ayni shu mavzu O‘zbekistonda muhokamaga qo‘yilganida¸ Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining o‘shandagi boshlig‘i Bahodir Qurbonov “xiyobonlardagi sevishganlarga tanbeh berishga militsiyaning haqi yo‘q”¸ deya bayonot bergan edi.

2017 yilning 13 aprel kuni “Muloqot vaqti” ko‘rsatuvida jamoat joylarida sevishgan yoshlar o‘zlarini “uyatsizlarcha” tutayotganiga militsiya “chora ko‘rmayotgani” tanqid qilinganiga javob bergan Bahodir Qurbonov:

- Nima bo‘lganda ham biz dunyoviy va demokratik jamiyat qurayapmiz. Biz ham odam. Agar militsiya xodimi kelajakda oila qurib birga yashashi, mehnat qilishi, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan sevishganlar oldiga borib, ularga ruhiy lat yetkazsa, militsiya xodimlariga munosabat qanday bo‘ladi?¸ degan edi.

“Bog‘larda o‘pishadiganlarni fosh qilish davom etadi?”

“Mening yurtim” telekanali 1 aprel kundan namoyish qilishni boshlagan “Reyd kamera” ko‘rsatuvi¸ uning muallif va boshlovchisi Badriddin Husniddinovga ko‘ra¸ bundan so‘ng ham davom etadi:

- Bu narsa ta’sir qilmagan bo‘lsa¸ biz foyda bo‘lmaganuncha harakat qilamiz foyda bo‘lishi uchun. Davom ettiramiz. Ko‘rsatuv bo‘ladi har hafta¸ dedi Ozodlik bilan 2 aprel kungi suhbatda yosh jurnalist.

2014 yilda “Yoshlar madaniyat va san’at markazi”, o‘shandagi “Kamolot” yoshlar harakati, O‘zEOAVMA, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi kabi qator tashkilotlar muassisligida tashkil etilgan “Mening yurtim” telekanali raqamli formatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatlari hududida efirga uzatiladi.

XS
SM
MD
LG