Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 04:25

MXX raisining o‘g‘liga mamlakatdan chiqish taqiqlandi


Illyustratsiya. Maqolada tilga olingan shaxslarga bu suratning aloqasi yo‘q.

Sobiq MXX raisi Rustam Inoyatovning 43 yashar o‘g‘li Sharif Inoyatov hamda Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning 40 yashar o‘g‘li Bobur Parpievni mamlakatdan chiqarmaslik haqida O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari kompyuter tarmog‘ida belgi paydo bo‘ldi.

Bu ma’lumotni Ozodlikka Chegara qo‘shinlari zobiti sizdirdi.

Orient Finans Bank boshqaruviga yaqin mulozimning Ozodlikka 2 aprel kuni aytishicha¸ bank boshqaruvi raisi Bobur Botirovich Parpiev joriy yilning 30 martida Toshkent xalqaro aeroportidan chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lganida DXX chegara qo‘shinlari zobiti talabi bilan orqaga qaytarilgan. Mulozimga ko‘ra¸ Bobur Parpiev bemalol uyiga qaytib o‘z faoliyatini davom ettiravergan.

Suhbatdosh ta’kidiga ko‘ra, “Parpievga nisbatan huquq -tartibot organlari tarafidan boshqa cheklovlar qo‘llanilmagan".

Bu voqeadan habardorligini Ozodlik bilan 2 apreldagi suhbatda bildirgan IIV mulozimiga ko‘ra¸ respublikadan quritilgan meva eksport qiladigan Uzgardens shirkati hissadori tadbirkor Sharif Inoyatov va Orient Finans Bank boshqaruv raisi Bobur Parpievlarga bir vaqtning o‘zida “mamlakatni tark qilishiga cheklov” qo‘yilgan.

Shu paytgacha ayni mulozim bergan ma’lumotlar¸ jumladan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va sobiq prezident maslahatchisi Jamshid Fayzievlarning qo‘lga olingani haqidagi xabarlar keyinchalik rasman tasdig‘ini topgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ “ Ustidan jinoiy ish ochilib hibsda qolayotgan sobiq Bosh prokurorning o‘g‘li Alisher Qodirovning qochib ketgani hamda ayni jinoiy ish doirasida hibsga olingan Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li Abdurashid Mirzaevning qochishga uringan paytda qo‘lga olinishi ortidan guvohlarning shaharni tark etmaslik masalasiga e’tibor kuchaygan”

Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozim "Sharif Inoyatov va Bobur Parpievga nisbatan jinoyat ishi ochilmagani va ular Bosh prokuratura nazoratidagi uchdan ortiq jiddiy jinoyat ishlarida guvoh sifatida o‘tayotgani uchun harakatlanish erkinligi vaqtincha cheklangan"ini aytdi.

Tadbirkorlar Sharif Inoyatov va Bobur Parpievlarning aynan qaysi jinoyat ishlarida guvoh yoki figurant ekanligiga Ozodlikda inkor yoki tasdiq yo‘q.

Bosh prokuratura: Bu ma’lumot bizga yetib kelmadi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi 2 aprel kuni Ozodlik savoliga javoban: “Bu ma’lumot Bosh prokuratura matbuot xizmatiga yetib kelmadi. Shunday ma’lumot kelishi bilan¸ agar lozim topsak, prokuratura saytida taqdim qilamiz”, dedi.

Orient Finans Bank¸ va Uzgardens shirkatining ismi sir qolishini istagan Toshkentdagi xodimiga ko‘ra¸ Sharif Inoyatov va Bobur Parpievlarning pasportlarida respublikadan chiqishga izn beruvchi stikerlari ( Xalq orasida OVIR stikeri - tahr) bo‘lgan.

Uzgardens shirkati rahbarlarining safar hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadigan bu xodim Ozodlik bilan suhbatda “bu holat tadbirkorning harakat erkinligini cheklovchi va qonunga zid” ekanligini ta’kidladi.

Cheklov qonuniy

O‘zbekiston Adliya vaziri mulozimi 2 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda¸ ustidan jinoiy ish ochilmagan va pasportida chiqish stikeri bo‘lgan vatandoshlarning mamalakatdan chiqishiga cheklov qo‘yish mexanizmini tushuntirib berdi:

- Qarzdor bo‘lsa yoki tergov jarayoniga oid muhim guvoh bo‘lsa, tergov guruhi so‘roviga binoan¸ DXX chegara qo‘shinlari elektron tizimiga u yoki bu shaxsni OVIR stikeri bor yo‘qligidan qat’inazar mamlakatdan chiqarmaslik mumkin. Bu cheklov Prokuratura iltimosnomasi¸ Majburiy ijro byurosi (MIB) so‘roviga ko‘ra¸ yoki sud qaror bilan amalga oshirilishi mumkin¸ dedi Adliya vazirligi mulozimi.

Qudratli mulozimlarning boy bolalari

Sharif Inoyatov

Yanvar oyida egallab turgan lavozimidan ozod qilingan sobiq MXX raisi general Rustam Inoyatovning 43 yashar o‘g‘li Sharif Inoyatov ochiq manbalar asosida surishtiruv olib boruvchi Open source investigations jurnalistik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra¸ butun dunyo bo‘ylab ko‘chmas mulk va biznes hissalarga ega.

“Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirgan Sharif Inoyatov MXX generali Rustam Inoyatovning o‘g‘lidir. U iqtisod fanlari bo‘yicha ta’limni horijda, jumladan, Qohiraning Al-Azhar universitetida oldi. Bundan tashqari, u otasi bilan Milliy xavfsizlik xizmatini oilaviy biznesga aylantirdi”, deb yozgan xalqaro jurnalistlar guruhi.

2005 yilning 23 noyabrida Avstriyada ro‘yxatga olingan Benif Handels GmbH shirkatining 60 foizi, Vena shahridagi 600 kvadrat metrli, 2 qavatli qasr Sharif Inoyatov nomida ekanligi haqidagi yuridik hujjatlar Ozodlikda mavjud.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Sharif Inoyatov Sankt-Peterburgda «Neva Alyans Grupp» (Neva Alyans Grupp) mas’uliyati cheklangan shirkat hissadoridir.

Rustam Inoyatovning o‘g‘li shirkatning 50 foiz, uning hamkorlari Ravshan Ubaydullaev va Baxtiyor Fozilovlar esa, 25 foizdan ulushga egalik qilishadi.

Asosiy faoliyati ko‘chmas mulk sarmoyalariga egalik qilish va boshqarish bo‘lgan «Neva Alyans Grupp»ning ustav jamg‘armasi 7 million dollarga teng. Birgina Sharif Inoyatovning o‘zi shirkatga 3,5 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan.

Open source investigations jurnalistik guruhi ochiqlagan ma’lumotlarda Uzgardens shirkati ham Inoyatovlar oilasiga tegishli ekani aytiladi.

Uzgardens – Rossiyaga O‘zbekistondan meva-sabzavot yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik shirkatdir.

Bobur Parpiev

2016 yili O‘zbekistondagi xususiy aksiyadorlik tijorat banki Orient Finans Bank boshqaruv raisligiga saylangan Bobur Parpiev Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning o‘g‘lidir. 2000 yilda Jahon iqtisodi va diplomatiyasi universitetining “xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetini, 2006 yilda esa, Toshkent davlat yuridik institutining “Yurisprudensiya” fakultetini tugatgan. Iqtisod fanlari nomzodligini yoqlagan.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston boshqaruviga yaqin tadbirkorning aytishicha¸ Bobur Parpiev rahbarlik qilayotgan bank shu kunlarda tekshirilmoqda.

- O‘tgan hafta O‘zbekiston Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Alisher Akmalov qo‘lga olingan edi. Akmalov bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida Orient Finans Bankka ham savollar paydo bo‘ldi. Aynan Akmalov Inoyatov-Parpiev tandemida yaratilgan bir nechta banklar faoliyatiga (Bu banklar ro‘yxati Ozodlikda bor) imtiyozlar yaratib berish bilan shug‘ullangan edi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston boshqaruviga yaqin tadbirkor.

O‘tgan haftada Akmalov hibsga olingani borasida Ozodlik e’lon qilgan maqolada ham bu mulozimning (Akmalovning) “Inoyatov-Parpiev” tandemiga “xizmat qilgani” haqida ma’lumotlar bor.

XS
SM
MD
LG