Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 04:46

Farg‘ona. Yozyovonlik o‘qituvchi va vrachlarga Prezident o‘tadigan yo‘llar supurtirildi


Yozyovon tuman hokimligi binosi ham artib-tozalanmoqda. Mahalliy o‘qituvchi jo‘natgan surat. 2018, 4 aprel.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi kollej va maktablarning o‘qituvchilari va texnik xodimlari hamda tibbiyot muassasalari xodimlari 4 aprel kuni ertalabdan tuman markazi ko‘chalarini supurish¸ ta’mirdan chiqarilgan binolar oynasini yuvish¸ ko‘cha chetidagi beton bordyurlarni bo‘yash kabi ishlarga safarbar qilindi.

Tumandagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, byudjetdan oylik oladigan barcha¸ shuningdek, kollej o‘quvchilari ham tozalash ishlariga chiqarilgan. O‘qituvchi o‘z xabariga suratlar ilova qildi.

Ozodlik bu xabar ortidan Yozyovon tuman kasalxonasi vrachi bilan gaplashdi. Uning aytishicha¸ 4 aprel kuni barcha hamshira¸ farrosh va boshqa tibbiyot xodimlari tozalik ishlariga chiqarilgan.

- Kasalxonada ikki-uch nafar doktor navbatchi bo‘lib qoldi. Prezident kelarmish, hammayoqni tozalab qo‘yinglar, degan buyruq ham keldi. Kasalxona hovlisini tozalashga ham¸ tuman markazidagi obodonchilikka ham odam chiqardik. Hamshiralarimiz Katta Marg‘ilon va Yozyovon yo‘li bo‘yida ishlashyapti,- dedi kasalxona vrachi Ozodlik bilan 4 sentabr kungi suhbatda.

Prezident Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga qachon safar qilishi noma’lum.

Yozyovon tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchining yozishicha, obodonchilik ishlari uchun o‘qituvchilarni tekin ishlatish bilan birga ularga o‘lpon ham solingan:

“Kraskaga¸ ko‘chat va gulga deb pul yig‘ib olishdi. Hozirgina bir rayono xodimi 55 million so‘mga gul olib keldik, dedi. Nafaqat o‘qituvchi va do‘xtir, barcha tashkilotni ko‘chaga chiqarishdi. Raygazni ham, soliqchilarni ham¸ barcha idoralarni ko‘chaga haydashdi”,- deb yozdi Ozodlikka xabar yo‘llagan o‘qituvchi.

Ozodlikning mobil muxbirlaridan biri 4 aprel kuni yo‘llagan suratda Yozyovondagi ko‘chalar shoshilinch asfalt qilinayotgani aks etgan.

- Soat 19 da prezident o‘tad,i deb shoshirishyapti¸ kun botsa ham o‘qituvchilarni uyiga qo‘yib yubormayapti, - dedi mobil muxbirimiz.

Yozyovon tuman Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari Ozodlik muxbirining “Nega o‘qituvchilar ko‘cha supurishga chiqarildi¸ degan savolini javobsiz qoldirdi.

O‘zini "Yozyovon tuman hokimining yoshlar siyosati ¸ ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-marifiy ishlar bo‘limi xodimi", deb tanishtirgan mulozim “hech kim majburlanmadi, tumandagilar bahorgi hasharga o‘z ixtiyorlari bilan chiqishdi”, deb gapni qisqa qildi.

Farg‘ona viloyat hokimligining o‘zini Ilhom Nosirov, deb tanishtirgan mulozimi “O‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining ko‘cha supurishga chiqarilishini qonunga zid”, deb atadi va “chora ko‘ramiz”, deb va’da berdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilish holatlari ko‘payayotgani kuzatilayapti.

Joriy yilning 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘ondagi 42-maktab o‘qituvchilari 14 mart kuni hokimlik buyrug‘i bilan prezident Shavkat Mirziyoev o‘tishi kutilgan magistral yo‘lni oqlab-tozalashga olib chiqilgan mahal¸ 23 yashar Diana Yenikeevani KamAz mashinasi urib ketgan va ayol o‘sha kuniyoq jon bergan edi.

XS
SM
MD
LG