Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2021, Тошкент вақти: 09:21

AQSh 24 rossiyalik va bu mamlakatdagi 14 kompaniyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi


Sanksiya joriy etilgan rossiyaliklar ro‘yxatida milliarder Oleg Deripaska ham bor.

AQSh Moliya vazirligi juma kuni Rossiyaning 24 fuqarosi va 14 kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Sanksiya e’lon qilinganlar ro‘yxatida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller, Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, II vaziri Vladimir Kolokolsev va boshqalar bor.

Sanksiya joriy qilingan rossiyaliklar va kompaniyalarning to‘liq ro‘yxati bilan mana bu yerda tanishish mumkin.

“Rossiya hukumati dunyo bo‘ylab, jumladan Qrim bosqinini davom ettirish, Ukraina sharqida zo‘ravonlikni gij-gijlash, o‘z fuqarolarini bombardimon qilayotgan Asad rejimini qurol bilan ta’minlash, g‘arb demokratiyalariga putur yetkazishga urinish, yovuz niyat bilan kiberhujumlar qilish kabi zararli harakatlarni amalga oshirdi”, - deyilgan AQSh Moliya vaziri Stiva Mnuchin.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga nisbatan bir turkum yangi sanksiya joriy qilishni rejalashtirayotgani haqda oldinroq xabar qilingan edi.

Reyter axborot agentligi va “Vashington Post” gazetasining shaxsi sir qolishini so‘ragan AQSh hukumati vakillariga tayanib ma’lum qilishicha, kamida 6 nafar rossiyalikka nisbatan Moskvaning 2016 yilgi AQSh prezident sayloviga aralashganlik uchun jazo belgilovchi qonun asosida sanksiya qo‘llanilishi kutilayotgan edi.

Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning so‘nggi turkumi 15 mart kuni 19 shaxs va 5 tashkilotga nisbatan joriy qilingan edi. Tashkilotlar orasida Rossiyaning razvedka xizmatlari ham bor. Moliya vazirligi bunga ikki yil oldin saylovga aralashilgani va Qo‘shma Shtatlarga qarshi kiberhujumlar uyushtirilgani xususidagi gumonlar sabab bo‘lganini bildirgan edi.

AQSh Kongressining ayrim a’zolari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini saylovga aralashgani gumon qilinayotgan Rossiyani jazolash borasida deyarli hech ish qilmayotganlikda aybladi.

“Vashington Post” yaqinda Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchilari sobiq rossiyalik josusning Angliyada zaharlangani va tarixda eng buzg‘unchi kiberhujum ortidan yangi sanksiyalar qo‘llashni taklif qilgani xaqida yozgan edi.

AQShning iste’foga ketayotgan milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi MakMaster joriy haftada, Moskvani bu harakatlari uchun “yetarli tovon to‘lashga majbur qila olmadik”, deya bayonot berdi. Oradan bir necha soat o‘tib, Tramp bu gapga, “hech kim menchalik Rossiyaga nisbatan qattiqqo‘llik qila olgani yo‘q”, deya javob qaytardi.

AQSh bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar 4 mart kuni rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal bilan qizi Yuliyaning Britaniya hududida asabni falajlovchi gaz bilan zaharlangani ortidan yanada yomonlashdi. London va uning ittifoqchilari bu hujum uchun Rossiyani aybladi¸ Moskva esa ushbu ayblovlarni rad etmoqda.

26 mart kuni Qo‘shma Shtatlar va G‘arbning boshqa mamlakatlari Skripallarning zaharlanishiga norozilik tariqasida 150 dan ortiq rus diplomatini chiqarib yuborajagini ma’lum qildi. Rossiya ham oradan bir necha kun o‘tib, o‘nlab G‘arb diplomatini nomaqbul shaxs deb e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG