Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:35

OzodDayjest: Deputat oliygohlarda shartnoma pulini keskin kamaytirishni taklif etmoqda


Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universitetida o‘qish uchun talabalar keyingi o‘quv yilida qariyb 30 mln so‘m to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universitetida o‘qish uchun talabalar keyingi o‘quv yilida qariyb 30 mln so‘m to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Farg‘onada dala ishlari bilan bog‘liq qonunbuzarliklar qayd etildi. O‘zbek deputati OTMda kontrakt pulini kamaytirish taklifi bilan chiqdi. Namanganda velosipedli mirshablar paydo bo‘ldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Farg‘ona viloyatida chigit ekish ishlarida soxtagarchiliklar aniqlandi

Farg‘ona viloyatida chigit ekish ishlarining borishi to‘g‘risidagi hisobotlarda voqelikni buzib ko‘rsatish va qo‘shib yozish holatlari fosh etildi (“Huquq”, 19 aprel). Bu haqda Bosh prokuratura vakili Shavkat Rahimov ma’lum qilgan. Masalan, 425 gektar yer maydoniga chigit ekilgani to‘g‘risida yolg‘on hisobot berilgan. Shuningdek, viloyatdagi 1721 gektar maydonda mineral o‘g‘it bilan 2-oziqlantirish o‘tkazilmagani aniqlangan. 2434 gektar yer maydoni esa qoloq deya baholanib, mazkur yerlarni qoloqlikdan chiqarish belgilangan. Viloyatda paxta va boshoqli don yetishtirishga daxldor boshqa qonun buzilishi holatlari ham qayd etilgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha ma’muriy va jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Oliy Majlis deputati: Ota-onalarga qiyinchilik tug‘dirayotgani sabab o‘qish uchun kontrakt pulini kamaytirish kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt pulini kamaytirishni taklif qilmoqda (“Oila va jamiyat”, 18 aprel). Deputatga ko‘ra, har yili yuzlab yoshlar kontrakt pulini to‘lolmagani sabab talabalar safidan chetlashtiriladi, yana minglab oilalar shartnoma to‘lovini to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bois ta’til oylarida stipendiya to‘lamaslik va boshqa o‘zgartirishlar hisobiga shartnoma pulini kamaytirish lozim, deb hisoblamoqda deputat. Qayd etilishicha, shu yo‘l bilan shartnoma pulini 1,6 million so‘mdan 4,5 million so‘mgacha keskin kamaytirish imkoni mavjud. Ayni paytda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasining 30 foizini davlat granti tashkil qiladi. Kvotaning qolgan 70 foizi shartnomaga to‘g‘ri keladi.

Namanganda velosipedda harakatlanuvchi ichki ishlar xodimlari paydo bo‘ldi

Namangan shahrida velosipedda harakatlanuvchi ichki ishlar xodimlari paydo bo‘ldi. Bu borada maxsus tayyorgarlikdan xodimlar maxsus sumka, aptechka va joy xaritasi bilan ta’minlangan (“Postda”, 14 aprel). Velopatrullar shaharda jamoat tartibini nazorat qiladi. “Avtotransport vositalari kirishi taqiqlangan joylarda, ya’ni xiyobon va bozorlarda velosipedlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash juda qulay” degan Namangan IIB vakili, podpolkovnik Xayrulla Salimov. Qayd etilishicha, velopatrul xizmati naryadlari tomonidan 10 kun ichida 134 ta huquqbuzarlik aniqlangan. IIV nashriga ko‘ra, 20 yil avval Namangan ichki ishlar boshqarmasi mamlakatda ilk bor otliq otryad ham tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG