Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2018, Тошкент вақти: 01:31

Toshkentda Yulduz Usmonovaning sobiq fuqaroviy eri Farhod “shayton” hibsga olindi


Farhod To‘laganov

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligidagi bir-biridan mustaqil ikki mulozimning Ozodlikka ma’lum qilishicha, 18 aprelda Toshkentda yirik tadbirkor Farhod To‘laganov hibsga olingan. Ismlari sir qolishini so‘ragan mazkur ikki manbaga ko‘ra, 43 yashar Farhod To‘laganov tovlamachilik, MXX zobitlariga pora berish-olishda vositachilik qilish (JK 212- moddasi), davlat organi xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish va tovlamachilik (JK 165- moddasi) kabi jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi zobitining ma’lum qilishicha, Farhod To‘laganov 18 aprelda Bosh prokuratura binosida so‘roq qilingach, bir kun o‘tib, Ichki ishlar vazirligi izolyatoriga kiritilgan.

Bosh prokuratura mulozimining aytishicha, Farhod To‘laganov hozirda tergovga tortilgan sobiq MXX tergovchisi L. J. (ismi Ozodlikka ma’lum - tahririyat) bergan ko‘rsatma asosida hibsga olingan.

Bosh prokuratura mulozimining ma’lum qilishicha, Farhod To‘laganov hozirda tergov qilinayotgan MXX tergovchisi “bilan yillar davomida ko‘plab tadbirkorlardan tovlamachilik yo‘li bilan millionlab dollar mablag‘ni o‘zlashtirgan".

"Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Farhod To‘laganov tergovchi L.J. bilan birga yillar davomida tadbirkorlardan pul undirib, ularni qiyratib kelgan. Tergovchi Toshkentdagi puldor biznesmenlar ustidan jinoiy ish ochgan, Farhod To‘laganov esa, ularning ishonchiga kirib, ularning ishi va biznesi haqida ma’lumot to‘plab, tergovchiga yetkazib turgan. Ana undan keyin "ishingni bitkazib beraman" deb, biznesmenlardan pora olgan va tergovchi bilan bo‘lishgan",- dedi bosh prokuratura xodimi.​

Uning bildirishicha, jinoyat ishida Farhod To‘laganovning ukasi Dilmurod To‘laganov ham gumonlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda.

"Porani, asosan, Farhodning ukasi Dilmurodga o‘tkazib turishgan," dedi prokuratura xodimi.

Ichki ishlar vazirligi zobiti Dilmurod To‘laganovning qidirilayotganini aytdi.

Hozir uning ukasi Dilmurod To‘laganov qidiruvga berilgan. Uni ham tutish haqida buyruq berilgan bizga. Qidirayapmiz”,- dedi militsiya zobiti.

Farhod To‘laganov bilan bog‘liq ma’lumotlarni Ozodlikka ma’lum qilgan ikki manbadan shu paytgacha olingan boshqa ma’lumotlar o‘z vaqtida o‘zining rasmiy tasdig‘ini topgan.

Bosh prokuratura mulozimining aytishicha, Farhod To‘laganov O‘zbekiston bo‘ylab o‘nlab savdo do‘konlari, yirik supermarketlar hamda ishlab chiqarish korxonalariga egalik qiladi.

Sebzor dahasidagi bino
Sebzor dahasidagi bino

​Shu yil boshida Toshkentning Sebzor dahasidagi yirik turar-joy kompleksi ham Farhod To‘laganov egalik qilgan shirkat tomonidan barpo etilgan edi.

Farhod To‘laganov 2000- yillar boshida qisqa muddat O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaning fuqaroviy eri bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka Usmonovani hamda To‘laganovni yaqindan taniydigan bir san’atkor va bir tadbirkor ismlarini sir saqlash sharti bilan aytishdi.

Toshkentdagi tadbirkorlar orasida “shayton” va “GIF” laqablari bilan tanilgan Farhod To‘laganov 2009 yil fevral oyida tovlamachilikda ayblanib, hayotining bir necha yilini panjaralar ortida o‘tkazgan.

Bosh prokuratura xodimiga ko‘ra, tergovchilar hozirda Farhod To‘laganovdan jabr ko‘rgan “o‘nlab” fuqarolardan ko‘rsatmalar olmoqda.

XS
SM
MD
LG