Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:30

«Mahallada duv-duv gap» filmini suratga olgan Shuhrat Abbosov olamdan o‘tdi


"Mahallada duv-duv gap" kinosi muallifi¸ o‘zbek kinorejissëri Shuhrat Abbosov olamdan o‘tdi.
"Mahallada duv-duv gap" kinosi muallifi¸ o‘zbek kinorejissëri Shuhrat Abbosov olamdan o‘tdi.

O‘zbek kinosi oqsoqoli¸ SSSR xalq artisti¸ SSSR davlat mukofoti laureati, kinorejisser Shuhrat Abbosov og‘ir xastalikdan so‘ng 25 aprel kuni Toshkentdagi 1-hukumat statsionarining reanimatsiya bo‘limida olamdan o‘tdi

87 yashar san’at arbobi 24 aprel kuni kasalxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan edi.

O‘zbek kinosi oqsoqoli olamdan o‘tganini Ozodlikka uni davolagan vrach ma’lum qildi. Vrachga ko‘ra¸ o‘tkir buyrak yetishmasligi oqibatida chorshanba kuni oqshomgi soat 6 dan o‘tganda Abbosovning joni uzilgan.

Shuhrat Abbosov o‘zbekistonliklarning bir necha avlodi orasida mashhur "Mahallada duv-duv gap" kinosi muallifidir.

Bu xabar ortidan Ozodlik gaplashgan SSSR xalq artisti¸ taniqli balet ustasi Bernora Qorieva Abbosov o‘limi bilan «o‘zbek millati buyuk kinochisidan judo bo‘lganini" ta’kidladi.

- U kishini so‘nggi damlarda holidan xabar olmagan o‘zbek mulozimlari uyalsin. Nega biz peshonamizga bitgan yulduzlarning qadriga yeta olmaymiz¸ dedi Bernora Qorieva Ozodlik bilan suhbatda.

СССР халқ артисти Бернора Қориева таъзияси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:10 0:00

Kinochining o‘g‘li Eljon Abbosov Ozodlik bilan 25 aprel kungi suhbatda milliy kino darg‘asining hozirgi holidan davlat mulozimlari xabar olmayotganini bildirgan edi:

- Otam o‘lmoqda¸ ammo mulozimlar xabarimizni ham olmayapti. Otam o‘lganidan keyin ular nekrologlarga imzo chekib, ta’ziya bildirishganining keragi ham yo‘q. Hozir e’tibor berishsin¸ otam o‘lim to‘shagida, so‘nggi nafasini olayotgan paytda kelib hol-ahvol so‘rashsin¸ degan edi otasining o‘limidan bir necha soat oldin uning o‘g‘li.

Taniqli o‘zbek rassomi Vyacheslav Oxunov¸ o‘zbek mulozimlarining millat oydinlariga befarq munosabati tuzalmas kasal shakliga kelganidan afsus bildirdi:

- Menda o‘zbek mulozimlari shu millat dong‘ini dunyoga tanitgan odamlarga ataylab befarq degan¸ tasavvur paydo bo‘layapti. Bizda talantli kishilarning qadriga yetishmaydi. Chunki hukumat tarkibida tasodifiy¸ o‘tkinchi¸ oq-qorani tanimaydigan kimsalar o‘tiribdi¸ degan rassom taniqli shoir Erkin Vohidov¸ kinochi Mels Abzalov va Markaziy Osiyodagi birinchi ayol dirijer Dilbar Abdurahmonova o‘lim to‘shagida yotganida mulozimlar xabar olmaganligini afsus bilan esladi.

Qadrimga yig‘layman..

Kinochi Shuhrat Abbosovning o‘g‘li Eljon Abbosov Ozodlik bilan suhbatda “qornimga emas¸ qadrimga yig‘layman” degan o‘zbek maqolini esladi:

- O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev har holda otam suratga olgan “Sen yetim emassan” degan kinoni ko‘rgan bo‘lsa kerak. Har holda shu kunlarda erinmagan mulozim kunda olti karra shu kinoni eslab o‘tiribdi. Lekin Shavkat Mirziyoev bu kinoni suratga olgan odam o‘lib ketgan bo‘lsa kerak¸ deb o‘ylaydi shekilli. O‘zbekiston hukumati Shuhrat Abbosov degan ismni unutganidan afsusdaman. Albatta¸ mulozimlar otamning umriga yana 10 yil qo‘shib bera olmaydi. Ammo shu odam shu millatni ulug‘lab kino olgan deya¸ kasalxonaga kelib ko‘rishsa¸ bemorning qo‘lini siqib hamdard bo‘lsa¸ bu mulozimlarnig bir joyi kamayib qoladimi¸ deydi kinochining o‘g‘li.

Shuhrat Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan.1949 yilda Toshkent Tibbiyot texnikumini tamomlagan. 1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr san’ati instituti), 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil olgan.

Avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan.

Shuhrat Abbosov suratga olgan "Mahallada duv-duv gap" (1960), "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968), "Olovli yo‘llar" (1977-1983), "Katta urushdagi kichik odam" (1990) kabi filmlar sovet kinosining mumtoz namunalari sifatida Rossiya kino akademiyasi oltin fondiga kiritilgan.

Rejissyorning mustaqillikdan so‘ng Tog‘ay Murod romani asosida suratga olgan "Otamdan qolgan dalalar" filmi ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan.

Shuhrat Abbosov kino san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR Xalq artisti, O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG