Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:59

OzodDayjest: Farg‘onada nasha sotgan sud xodimi ushlandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qichqiriq kanalida cho‘kayotgan 18 yoshli o‘smir qutqarib qolindi. Rishton tumanlararo sudida devonxona mudiri bo‘lib ishlagan shaxs giyohvandlik moddasi savdosi ustida qo‘lga olindi. Kelinlar sepiga “O‘tkan kunlar” kitobini qo‘shib berish taklif etildi.

_____________________________________________________________

Qichqiriq kanalida cho‘kayotgan 18 yoshli o‘smir qutqarib qolindi

Toshkent shahri Olmazor tumanidan oqib o‘tuvchi Qichqiriq kanalida cho‘kayotgan 18 yoshli o‘smir hudud profilaktika inspektori, leytenant Jamshid Abdulboqiev tomonidan qutqarib qolindi (“Postda”, 21 aprel). Hududni ko‘zdan kechirib yurgan inspektorga o‘smirning cho‘kayotgani xabar qilingach, u ikkilanmasdan o‘zini anhorga otgan va yigitchani qutqarib qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2000 yilda tug‘ilgan Hasan Niyozov hovlisi yonidan oqib o‘tuvchi kanaldan suv olayotib, oyog‘i toyib anhorga tushib ketgan. Qayd etilishicha, leytenant J.Abdulboqiev ichki ishlar tizimiga o‘tgunga qadar karate bilan shug‘ullangan, 2009 yili Italiyada o‘tgan musobaqada jahon chempioni bo‘lgan.

Qichqiriq kanalida bolalarning cho‘kishi avval ham kuzatilgan. Masalan, joriy yil yanvarida Olmazor tumanidagi 134-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Abdulloh Ro‘ziboev do‘stin qutqarish chog‘i kanalga cho‘kib ketgan edi.

Farg‘onada giyohvandlik moddasi sotgan sud mansabdori qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanlararo sudida devonxona mudiri bo‘lib ishlagan shaxs giyohvandlik moddasi savdosi ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuraturaning “Huquq” nashri xabar beradi. Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan devonxona mudiri vositachilik qilib, tanishiga nasha olib bergan. Nasha oldi-berdisi Farg‘ona shahridagi Xo‘jamag‘iz qabristonida amalga oshirilgan. Giyohvandlik moddasi savdosida yana ikki kishi qatnashgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda sotgan jinoiy guruh a’zolariga axloq tuzatish va ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlagan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.

Kelinlar sepiga “O‘tkan kunlar” kitobini qo‘shib berish taklif etildi

O‘zbek kelinlarining sepiga atoqli adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” kitobini ham qo‘shib berish lozim (“Inson va qonun”, 24 aprel). Qayd etilishicha, gruzin kelinlarining sarposiga Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” asari qo‘shib beriladi. Mazkur holatdan ibrat olib, o‘zbek xalqi ham milliy adabiyotning mumtoz namunasi bo‘lmish “O‘tkan kunlar” romanini yosh oilalarga tortiq qilishi kerak. Maqolada yosh oilalarga ma’naviyatni oshiruvchi boshqa kitoblarni ham hadya etish lozimligi, buning uchun esa FHDYo organlarini kitoblar bilan ta’minlash uchun fond tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlanadi.

XS
SM
MD
LG