Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2021, Тошкент вақти: 10:10

Mirziyoev tansoqchilari boshlig‘i ishdan ketdi. Toshkent YHXB boshlig‘i hibsga olindi


Barat Mamenov Toshkent YHXB boshlig‘i etib 2015 yil dekabrida tayinlangan edi

O‘zbekiston prezidenti xavfsizlik xizmati (PXX) boshlig‘i Abdurahim Mo‘minov vazifasidan olinib, Favqulodda vaziyatlar vaziri muovini etib tayinlandi. Ayni paytda Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) boshlig‘i, polkovnik Barat Mamenov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bu haqda Ozodlikka mamlakat xavfsizlik idoralaridagi bir-biridan mustaqil ikki manba ma’lum qildi.

“5 kunga gauptvaxta”

Ismlari ochiqlanishini istamagan mulozimlarning Ozodlikka aytishicha ko‘ra, bunga ikki yuqori zobitning 23-24 aprel kunlari Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi paytida prezident Mirziyoevning g‘azabini qo‘zg‘agani sabab bo‘lgan.

Prezident shahardagi ob’ektlardan birini ko‘rayotgan bo‘lgan. O‘shanda qandaydir GAI xodimi o‘sha joydan o‘tib, mahallaga kirishi kerak bo‘lgan. Prezident xavfsizlik xizmati (xodimlari) unga o‘sha mintaqadagi mahallaga kirishga ruxsat bergan. Unga shovqin qilmasdan, asta o‘tib keting, deyishgan. Lekin GAI xodimi katta tezlikda, sirenalarni yoqib o‘tib ketgan. Buni Shavkat Mirziyoev ko‘rgan”,- dedi ismi sir qolish sharti bilan gapirgan YHXB zobiti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni kunning o‘zida Toshkent shahar YHXB boshlig‘i Barat Mamenov “besh kunga gauptvaxtaga tiqib qo‘yilgan”.

Shanba (28 aprel) kuni gauptvaxtadan chiqdi. Lekin, dushanba (30 aprel) kuni Barat Mamenovni o‘z kabinetidan naruchniklarda olib ketishdi”,- dedi YHXB zobiti.

Toshkent shahar YHXB navbatchisi 4 may kuni Ozodlik savoliga javoban boshqarmaga hozircha yangi rahbar tayinlanmaganini bildirdi.

- O‘n kunlar bo‘ldi boshliq ishga chiqqani yo‘q. Uning o‘rniga hech kim tayinlangani yo‘q. Shahar GAIsi boshliqsiz ishlayapti, – dedi Toshkent shahar YHXB navbatchisi.

Toshkent shahar IIB rasmiy veb sahifasining xabarlar lentasida boshqarma rahbariyatidagi o‘zgarish haqida hozircha hech qanday ma’lumot berilgani yo‘q.

Barat Mamenov 2015 yil avgustida boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan edi.

PXXdan FVVga

Ozodlikning yana bir manbasi - Ichki ishlar vazirligi xodimining ma’lum qilishicha, bir paytning o‘zida Prezident xavfsizlik xizmati (PXX) boshlig‘i Abdurahim Mo‘minov ham vazifasidan chetlatilgan.

Ayni o‘sha insident tufayli, xatoga yo‘l qo‘ygani uchun prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ini ham olishdi. Qandaydir GAI xodimi prezident turgan joydan, yana katta tezlikda o‘tgani uchun”, - dedi IIV xodimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Abdurahim Mo‘minov Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuborilgan”.

Ayni vazirlik rasmiy veb-saytidan Abdurahim Mo‘minovning favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘yicha vazir o‘rinbosari vazifasini bajarayotganini ko‘rish mumkin.

Abdurahim Mo‘minov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi
Abdurahim Mo‘minov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi

Abdurahim Mo‘minov Prezident xavfsizlik xizmati rahbarligiga 2016 yil, 20 dekabrda Davlat Bojxona xizmati boshlig‘i etib tayinlangan general Muidjon Tohiriy o‘rniga kelgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Mo‘minovning o‘rniga, ya’ni Prezident tansoqchilari boshlig‘i vazifasini "prezident Mirziyoevga yaqin shaxslardan biri" bajarmoqda.

Yangi rahbarning shaxsi va uning xizmat yo‘liga oid ma’lumotlarni Ozodlik o‘rganishga urinmoqda.

Prezident xavfsizlik xizmati mutlaqo yopiq tuzilma bo‘lgani uchun uning tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot olish deyarli imkonsiz.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ Islom Karimovning o‘limidan keyin bir muddat prezident xavfsizlik xizmatining kamida 1500 xodimi bo‘shatilib, ular o‘rniga yangi xodimlar yollangan edi.

XS
SM
MD
LG