Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:59

Mustaqil O‘zbekistonning qimmatga tushgan orzusi - yana bir Dreamliner Toshkentda


18 may kuni Boing 787 Dreamliner uchqichi AQShdan Toshkentga uchib keldi. Prezident Mirziyoevning AQShga rasmiy tashrifi davomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatiga topshirilgan bu galgi “Orzu layneri”(uchqich nomining o‘zbekcha tarjimasi - tahr.) davlatga qarashli kompaniya ixtiyoridagi uchinchi Dreamliner bo‘ldi.

Rasmiy va mahalliy matbuot¸ qolaversa¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda Dreamliner sotib olgan hozircha yagona davlat ekanini “alohida qayd etmoqda”.

Ayni paytda¸ samolyotning dunyodagi eng qimmat bu modelini sotib olishga iqtisodiy va moliyaviy imkoniyat va tijoriy ehtiyoj bor edimi¸ mintaqada birinchi bo‘lib “Orzu layner”lari sotib olish o‘zbekistonlik soliq to‘lovchiga qanchaga tushdi¸ degan savollarga hozircha javob yo‘q.

Ozodlikning bu savoliga 22 may kuni "O‘zbekiston havo yo‘llari" matbuot xizmati "kontrakt narxi Boeing kompaniyasining tijorat siri deb malakalangan"¸ deya javob berdi.

Qimmat orzu

«O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ shirkat 2020 yilga qadar jami oltita Dreamliner uchqichiga ega bo‘ladi.

Boing korporatsiyasi e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra¸ O‘zbekiston jami 7 dona Dreamliner sotib olishga buyurtma bergan.

Milliy aviakompaniya rasmiylari¸ o‘z parkidagi uch dona “Orzu layner”i uchun qancha to‘langaniga oid Ozodlik savoliga 21 may kuni aniq javob bermadi.

Islom Karimov 2014 yili qo‘l qo‘ygan qarorda¸ dastlabki ikkita Dreamliner uchun 246¸4 million dollar ajratilgani va bu mablag‘ning yarmini davlat ajratishi yozilgan. Qolgani¸ Ozodlik gaplashgan Toshkent mulozimlariga ko‘ra¸ AQShning Exim banki ajratgan kredit bilan qoplangan.

Qolgan to‘rtta Dreamliner iqtisodiy ahvoli og‘ir ekanini prezident Shavkat Mirziyoev qayta-qayta ta’kidlayotgan O‘zbekiston uchun qanchaga tushganiga oid so‘rovga "O‘zbekiston havo yo‘llari" 22 may kuni:

"Keyingi to‘rtta laynerga oid kontrakt narxi Boeing kompaniyasining tijorat siri deb malakalangan¸" degan yozma javob yubordi.

4-5 soatlik parvozga Dreamliner kerak emas!

Ozodlik bilan suhbatda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi sobiq mutasaddilaridan biri¸ Dreamliner sotib olish qarorini aviakompaniyaning "eng katta xato”laridan biri deb atadi.

Nyu-Yorkdan boshqa uzoq masofali reysi yo‘q aviakompaniyaga Dreamliner olish tijoriy-iqtisodiy jihatdan mutlaq noto‘g‘ri qaror bo‘lgan.

«Dreamliner olish bu «Havo yo‘llari»ning oldingi raisi Tyanning ishi. Bu kompaniya doim tepadagilarning kormushkasi bo‘lib kelgan. O‘z parkidagi uchqichlardan unumli foydalana olmay turgan aviakompaniyaga har biri 170 million dollarlik samolyot olindi. Bu qaror tijoriy va iqtisodiy jihatdan mutlaq noto‘g‘ri. Dreamliner uzoq masofaga uchadigan samolyot. Parvoz 7 soatdan uzoqqa cho‘ziladigan reyslar ko‘p bo‘lsagina¸ undan foyda olish mumkin. “Havo yo‘llari”da bunaqa reys¸ bitta Nyu Yorkni olmaganda¸ yo‘q va bunday samolyotlar olishni oqlovchi na tijoriy va na texnik zarurat bor. Bular Dreamliner bilan uch-to‘rt soatlik masofaga uchmoqda¸” deydi milliy aviakompaniyaning Dreamliner olish jarayonidan bevosita xabardor sobiq mutasaddisi.

Bu mutaxassis¸ aksar reyslari 4-5 soatdan uzoq bo‘lmagan "O‘zbekiston havo yo‘llari" "ko‘rpasiga qarab oyoq uzatganida" bitta Dreamliner puliga ayni shu masofa uchun optimal hisoblangan o‘nlab boshqa uchqichni sotib olgan bo‘lishini aytadi.

"Lekin maqsad xalq va davlat pulidan oqilona foydalanish emas¸ balki bu oxur tepasida o‘tirganlarni boyitish bo‘lgani uchun¸ ana shunday iqtisodiy-tijoriy jihatdan zararli qaror olingan¸" deydi bu mutasaddi.

21 may kuni Ozodlik bog‘langan “O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmati rasmiysi¸ Dreamliner uchqichlarining Nyu-York¸ Istanbul¸ Seul¸ Tel-Aviv¸ Frankfurt¸ Moskva¸ Dubay¸ Singapur¸ Kuala Lumpur kabi shaharlarga qatnayotganini ma’lum qildi. Bu yo‘nalishdagi parvozlardan birortasining (Nyu York mustasno) uchish vaqti 7 soatdan oshmaydi.

Eshagidan tushovi qimmat

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviashirkatidagi vaziyatdan bevosita xabardor Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ Dreamliner olish qaroriga qadar¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviaparkida 10 dona A320¸ uch dona deyarli foydalanilmay turgan A310 rusumidagi yo‘lovchi uchqich bo‘lgan.

Dreamliner nafaqat qimmat uchqich¸ uning ehtiyot qismlari va texnik xizmati ham nihoyatda qimmat.

Asosiy aviapark Airbus samolyotlari bo‘lib turgan bir paytda¸ tepada kimdir Boing olishga qaror berayapti. Agar maqsad¸ aviaparkni yangilash va uni uzoq masofaga uchadigan samolyot bilan to‘ldirish bo‘lganda¸ mantiqqa ko‘ra¸ A330 olish mumkin edi. U ham 14 soatgacha ucha oladigan eng so‘nggi rusumdagi uchqich¸ narxi Dreamlinerdan kamida 50 million dollar arzon!! Texnik xizmat jihatdan aviaparkda bir xil rusumdagi uchqichlarga ega bo‘lish ham arzon¸ ham manfaatli - uchuvchilarni boshqatdan o‘qitishning keragi yo‘q¸ ehtiyot qismlari o‘sha-o‘sha yoki sal o‘zgargan. Dreamliner nihoyatda qimmat uchqich¸ gap uning birlamchi narxi emas¸ balki ekspluatatsiyasining ham qimmatligida¸” deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Dreamlinerga texnik xizmat ko‘rsatish va uning ehtiyot qismlari narxining¸ masalan¸ Airbus uchqichlariga nisbatan bir necha barobar qimmat ekaniga¸ mutaxassis¸ birgina misol keltiradi.

Masalan¸ Dreamliner tormozlarini almashtirish 200 ming dollar turadi. Airbusniki esa¸ 40 ming dollar!” deydi milliy aviakompaniya sobiq mutasaddisi.

“Karimov Dreamlinerni Amerika bilan aloqalarni yaxshilash uchun olgan...”

Oddiy xalq Dreamlinerda ucholmaydi¸ biletlar nihoyatda qimmat. Rossiyaga avtobusda qatnab¸ Qozog‘iston cho‘llarida o‘lib ketayapti. Samolyotda uchsa¸ qo‘shni Qozog‘istondan uchayapti¸ chunki biletlari arzon. Lekin Dreamliner pulini shu xalq to‘lashga majbur.

Moliyaviy-iqtisodiy jihatdan zararga ishlaëtgan kompaniyaga Dreamliner olishga kim qo‘yibdi? Bitta Dreamlinerning puliga ikkita Airbus¸ o‘nta Rossiyaning MS200 ni olish mumkin edi! Bu sdelkani ilgari surganlar Karimovni Boing bilan kontrakt Amerika bilan munosabatlarimizni yaxshilaydi¸ deb ishontirishgan. Oqibat nima bo‘ldi – 12 yillik lizingga qariyb bir milliard dollarlik Dreamliner buyurishdi¸ kimlardir millionlarni ishlab oldi¸ qarzni to‘lash xalqqa¸ soliq to‘lovchiga qoldi. Oddiy xalq Dreamlinerni tushida ko‘radi. “Havo yo‘llari”ning biletlari qimmatligidan xalq avtobusda Rossiyaga qatnayapti¸ yo‘lda o‘lib ketayapti. Samolyotga chiqaman degani¸ Qozog‘istonga o‘tib¸ Chimkentdan uchib ketayapti. Nimaga¸ chunki o‘zbek havo yo‘llari qimmat¸ qozoqniki arzon¸” deydi bu mulozim.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” ayvonida chiriyotgan uchqichlar turipti!”

Ozodlik gaplashgan aviatsiya sohasi mulozimlari¸ davlat garanti asosida berilgan kreditlarga qimmat-qimmat samolyotlar sotib olaëtgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviaparkidagi eski uchqichlarning ayanchli ahvolda yotganini iddao qildi.

Turk havo yo‘llari aviaparkida kamida 295 ta samolyoti bor¸ bitta ham Dreamliner yo‘q (Boing e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ "Turk havo yo‘llari" 25 dona Dreamliner uchun buyurtma bergan¸ ammo hozircha ularning birortasi olinmagan - tahr.) “O‘zbekiston havo yo‘llari”da hammasi bo‘lib 19 ta samolyot bor¸ uning uchtasi Dreamliner! “Orzu layneri” yonida ishlatilmay yotgan A310 uchqichlar turipti¸ ular hatto tuzuk-quruq saqlashga olinmagan¸ shunchaki angarda turipti. Ularni sotish bilan hech kim jiddiy shug‘ullangani yo‘q. Besh yildan beri o‘lik yuk bo‘lib yotipti. Sotsa¸ hech bo‘lmasa 30 foiz narxiga ketardi! Xuddi shuningdek¸ yaxshigina ahvoldagi uchta RJ85 ham foydalanilmay yotipti. Bular esa¸ Dreamliner olish bilan ovora¸» deydi milliy avikompaniyadagi vaziyatdan bevosita xabardor mulozim.

Ozodlik ixtiyorida "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviaparkida nechta yo‘lovchi uchqich borligi¸ ularning brendi va texnik ahvoliga oid rasmiy ma’lumot hozircha yo‘q. ( Milliy aviakompaniya bunday ma’lumotni taqdim etsa¸ Ozodlik ularni ushbu maqolaga qo‘shadi.)

Prezidentning xabari bor

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ prezident Mirizyoev “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning qimmatbaho samolyotlar savdosi ortidagi asl sabablarni ham¸ bu xaridning tijoriy jihatdan o‘zini oqlamasligini ham biladi, ammo Boing bilan shartnomani to‘xtata olmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Vashingtondan o‘ziga hamrohlik qilib kelgan uchinchi Dreamliner bortida.
Prezident Shavkat Mirziyoev Vashingtondan o‘ziga hamrohlik qilib kelgan uchinchi Dreamliner bortida.

Ungacha zakaz berib qo‘yishgan. Bekor qilsa¸ shtrafnoy sanksiyalari katta. Ustiga¸ Amerika bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi. Lekin hozirgi prezident bu Dreamlinerlarni rentabelli qilishni talab etayapti va bu to‘g‘ri¸” deydi Ozodlik suhbatdoshlari.

Qarzdor aviakompaniya va uning “Orzu laynerlari”ni daromadli qilish mumkinmi?

Ozodlik suhbatlashgan aviatsiya mutaxassislari¸ bu savolga tasdiq javobini bera turib¸ o‘z qarashlarini izohladilar.

Men aviashirkatning hozirgi rahbariyati bunga qodirmi-yo‘qmi¸ bilmayman. Lekin vaziyatni o‘zgartirishi mumkin qadamni prezidentning o‘zi qo‘ydi – yettita davlatga vizani bekor qildi. Agar O‘zbekistonga vizasiz keladigan davlatlar ko‘paysa¸ turizm kuchayadi¸ qatnov ko‘payadi. Havo yo‘llari biletlarini arzonlatib¸ uchqichlari to‘liq uchishini ta’minlashga o‘tadi. Hozir¸ bilishimcha¸ uchqichlardagi o‘rindiqlarning 72 foizi to‘layapti¸ bu yaxshi ko‘rsatkich. Prezident yo‘nalishni to‘g‘ri oldi¸” deydi “O‘zbekiston havo yo‘llari” sobiq mutasaddisi.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatlashgan transport sohasi mulozimi¸ O‘zbekistonda xususiy aviatashuvlarga ruxsat berib¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” monopoliyasini sindirmay turib¸ bu sohani daromadli qilib bo‘lmasligini aytadi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari"ni monopoliyadan chiqarish kerak. Mamlakatda xususiy aviashirkatlar bo‘lishiga ruxsat berish kerak. Muhimi¸ xalq va davlatning pullari qaerga ketayotgani shaffof bo‘lishi shart.

Hozir shirkatning mulk shaklini o‘zgartirib¸ aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirish oldidan moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Departament¸ Moliya vazirligi mutaxassislari ishlayapti. Hujjatlar tayyor bo‘lganidan so‘ng aksiyalar chiqariladi va investorga sotiladi. Hozir ikkinchi¸ xususiy aviakompaniyaga yo‘l berishning ayni vaqti. Yangi shirkat fonida “Havo yo‘llari”ning hamma xatosi ayon bo‘ladi va aviatashuvlar sohasini ham xalqaro standartlarga ko‘tarish imkoni tug‘iladi¸” deydi transport sohasi mulozimi.

"Asosiy masala¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning davlat va xalq pullarini o‘maradigan “kormushka” bo‘lib qolishiga izn bermaslikdir. Shirkat moliyaviy ahvolini halol audit qilish kerak. Ishni toza va halol sahifadan boshlash kerak. Davlatning puli qaerga ketayotganini shaffof qilish kerak¸ bu pulni ishlatayotganlar jamoatchilikka hisob berishi kerak. Katta xatolar¸ eng muhimi¸ korrupsiyaga botmaslik uchun bu ishni mutlaq qilish shart”¸ deydi milliy aviakompaniya sobiq rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG