Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:34

"Har bir oila tadbirkor" - Prezident andijonliklarga 1 trillion so‘mlik superkredit ajratdi


Shavkat Mirziyoev AQSh safaridan qaytishining ertasiga - 19-20 may kunlari Andijonga safar qildi.
Shavkat Mirziyoev AQSh safaridan qaytishining ertasiga - 19-20 may kunlari Andijonga safar qildi.

Shavkat Mirziyoev Andijonga qilgan so‘nggi safaridan Toshkentga qaytishi bilan¸ bu viloyatda tijorat banklari xodimlari uyma-uy yurib¸ tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun jismoniy shaxslarga 17 million so‘mgacha, yuridik shaxslarga 172 million so‘mgacha kredit taklif qilmoqda.

"Prezident hisobidan"​ ekanligi aytilayotgan 3 foizlik bu kreditlar 3 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilga taklif qilinmoqda.​

Markaziy bank olib borayotgan siyosatdan kelib chiqilsa, bugungi kunda banklardan olinadigan kredit uchun ustama foizning kamida 17 foiz ekani anglashiladi.

Mana shunday sharoitda 3 foizlik kredit berish imkoniyati qanday paydo bo‘ldi? "Prezident hisobi"- nima degani?

Bankirlar yana uyma-uy yurib¸ pul taklif qilmoqda

“Kecha-bugun uyma-uy yurib¸ odamlarni kredit olishga chaqirayapmiz. Kecha viloyat hokimi majlis o‘tkazib¸ prezidentning o‘z hisobidan (ta’kid Ozodlikniki) andijonliklarga 1 trillion so‘m ajratganini aytdi. Biz odamlarni tadbirkor bo‘lishga undayapmiz. Kerakmas deganlar ham bo‘layaptiku¸ lekin qiziqayotganlari ko‘p. Bu safargi kreditga¸ hatto garov ham so‘ralmayapti – bunaqasi oldin bo‘lmagan. Avvallari faqat ishonchli mijozlarga garovsiz kredit berish mumkin edi”,- dedi Asaka bankning Andijon bo‘limi xodimlaridan biri.

Prezident hisobi - kimning hisobi?

Bu bank xodimi¸ qolaversa¸ viloyat Moliya boshqarmasi mulozimlari¸ “prezident hisobidan” beriladigan 1 trillion so‘mning aniq manbasidan bexabarliklarini aytdilar.

“Uzumini yeginu¸ bog‘ini surishtirma¸ deyishganku! Bizga pul Toshkentdan beriladi¸ uning banklar rezerviga aloqasi yo‘q¸ deyishdi. Prezident yaqinda Amerikadan keldiku¸ balki qanaqadir kredit olgan bo‘lsa¸ shuni aholiga beraëtgandir. Ochig‘i¸ pul qaerdan kelishini bilmaymiz”,- dedi Andijon tijorat banklari va viloyat moliya boshqarmasining Ozodlik gaplashgan mulozimlari.

Prezident hisobi - kimning hisobi? degan savol javobini Moliya vazirligi rasmiylaridan ham topishning imkoni bo‘lmadi – 23 may kuni Ozodlik gaplashgan vazirlik rasmiylari ham¸ prezident “hisobidan” va’da qilingan pullarning qaysi manbadan olinishidan xabarlari yo‘qligini bildirdi.

Vazirlik rasmiylari¸ ayni paytda¸ 1 trillion so‘mning davlat byudjetidan olinmasligiga ishonishlarini qo‘shimcha qildilar.

TARTIB- kimga va nimaga?

23 may kuni Ozodlikka yetib kelgan bir sahifalik yo‘riqnoma “Prezidentimizning 2018 yil 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga tashriflari davomida “Har bir oila - tadbirkor” shiori ostida kreditlash TARTIBI deb nomlangan.

TARTIB
TARTIB

Bu tartibning kim tomonidan¸ qachon chiqarilgani bir sahifalik matnda ko‘rsatilmagan. Ozodlik suhbatlashgan Andijon moliya tizimi mulozimlari¸ bu matnning banklar uchun ichki foydalanishga berilgan yo‘riqnomaning bir qismi ekanini bildirdilar.

Unda yozilishicha¸ 20 yo‘nalishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan istalgan andijonlikka uch yilga eng kam ish haqining 100 baravari – 17 million so‘mgacha¸ yuridik shaxslarga esa¸ 1000 baravari – 172 million so‘mgacha uch oylik imtiyozli davr bilan 3 yilga beriladi.

Chorvachilik¸ quyonchilik¸ parrandachilik¸baliqchilik¸ asalarichilik¸ issiqxona¸ bog‘ va tokzorlar qilishdan¸ sartarosh¸ kosmetolog¸ kosib¸ soatsoz bo‘laman degangacha prezident kreditini olishga imtiyozli qilib belgilangan.

Andijondagi bank va moliya tizimi mulozimlari¸ bu kreditning avvalgilaridan farqi¸ ish o‘rinlari barobarida¸ aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish ekanini ta’kidladilar.

Markaziy bank krediti 14 foizdan¸ Prezidentniki 3 foizdan?

O‘zbekiston “Markaziy banki Boshqaruvi 2018 yil 28 apreldagi yig‘ilishda kayta moliyalash stavkasini, iqtisodiyotdagi mavjud va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, yillik 14 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilgan edi.

Tijorat banklari jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratganda qo‘yadigan marja qo‘shilganda¸ bugungi kunda banklardan olinadigan kredit uchun ustama foizning kamida 17 foiz ekani anglashiladi.

Shunday vaziyatda Prezident qaysi hisobdan¸ Markaziy bank stavkasini inobatga olmagan holda¸ andijonliklarga kredit bermoqda?

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston bank tizimi mulozimlaridan biri¸ “Prezident hisobidan” deyilganda Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi nazarda tutilayotgan bo‘lishini taxmin qildi.

“O‘tgan yil avgustida Prezident tadbirkorlarga kredit berish uchun shunaqa jamg‘arma tuzgandi. Unga davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratilgandi. Qolgani¸ xorijdan olinadigan kreditlar va hokazo deyilgan. Umid qilamanki¸ Prezident bu 1 trillionni byudjetdan olib berishni buyurmaydi. Balki¸ Vashingtonda Valyuta jamg‘armasi¸ Jahon banki bilan uchrashuvda qanaqadir imtiyozli kredit va’da qilishgan bo‘lsa¸ shunga ishonib boshlangandir bu ish”¸ -dedi bank tizimi mulozimi.

Nega Andijon?

Ozodlik prezident Mirziyoev hozirgacha misli ko‘rilmagan imtiyozli kreditni nega aynan Andijon viloyati aholisiga taqdim qilganiga ham 23 may kuni oydinlik kirita olmadi.

Davlat statistika qo‘mitasi joriy yil yanvarida e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra¸ Andijon viloyati aholisi soni 3 million 11,6 ming kishini tashkil etadi va bu O‘zbekiston aholisining 9,2 foiziga teng. Andijon aholi soni ko‘pligi bo‘yicha mamlakatda Samarqand¸ Farg‘ona va Qashqadaryodan keyin¸ to‘rtinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistondagi haqiqiy ishsizlik darajasiga oid aniq raqamlar yo‘qligi bois¸ Andijondagi ishsizlik ko‘lami ham ma’lum emas.

19-20 may kunlari Andijon viloyatiga safar qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev “viloyatda joriy yilda 25 mingta ish o‘rni yaratish nazarda tutilgani bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Chunki ishsizlar soni bundan yuqori”¸ degan va viloyat rahbarlariga bir yil ichida 50 mingta ish o‘rni yaratishni topshirgan.

Prezidentning Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan uchrashuvida Andijon aholisiga “daromad manbai yaratib berishga qaratilgan” yangi konsepsiyasi taqdim etildi.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ mazkur uchrashuvda prezident jumladan shunday degan:

“Andijonda aholi zich joylashgan. Bir-ikkita zavod bir foiz aholiniyam ish bilan ta’minlay olmaydi. Bu yerda odamlarni faqat tadbirkorlik, hunarmandlik orqali boqish mumkin. Xonadonlarga mablag‘ kiritsak, zarur uskunalar berib, aql bilan ishlashni o‘rgatsak, odamlar o‘zini o‘zi boqadi. Uyiga buyum oladi, bolasiga kitob olib beradi, soliqqa, elektrga pul to‘laydi, byudjetga mablag‘ tushadi. Bir yildan keyin sarflagan pulimiz ikki barobar bo‘lib qaytadi. Iqtisodiy mexanizm mana shunday bo‘lishi kerak.”

“Davlatimiz rahbari tashrifi arafasida maxsus Ishchi guruh tomonidan mavjud imkoniyatlarni keng safarbar qilish hisobiga 51 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish bo‘yicha reja ishlab chiqilgani qayd etildi¸” deb yozdi bu uchrashuv haqida xabar bergan prezident matbuot xizmati.

Prezident "krediti" ko‘p o‘tmay tugab qolgan edi

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 17 mart kuni aholiga mikrokredit ajratishni soddalashtirishga qaratilgan qaror chiqargan edi.

“Aholi bandligini oshirish”ni maqsad qilgan bu qarorda “tijorat banklari krediti hisobidan sotib olinadigan qoramol, qo‘y-echki, quyon, parranda, baliq, asalari uyasi, mevali daraxt va tok ko‘chatlari, urug‘, mineral o‘g‘it, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, maishiy texnika, uskunalar, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni hech qanday cheklovlarsiz naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan etkazib berishni tashkil etish” buyurilgan edi.

Bu qaror chiqqan kundan tijorat banklari Mirziyoevning mikrokredit va’dasini bajarish¸ ya’ni aholiga 2-3 yil muddatga ustamasi 9 foizdan oshmagan kredit berishni boshlab yuborgan¸ ammo ikki oy o‘tib-o‘tmay¸ aksar tijorat banklari qarz so‘rovchilarni “resurs tugab qolgani” iddaosi bilan quruq qo‘l bilan qaytarishga majbur bo‘lgan edi.

Mirziyoevning o‘zbekistonliklarni yoppasiga tadbirkor qilish uchun kredit ajratish siyosatini "populistik harakat" sifatida baholagan o‘zbekistonlik bankirlar¸ bu siyosat O‘zbekiston bank tizimi¸ xususan¸ tijorat banklarini og‘ir ahvolga solib qo‘yganini bildirgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda bank tizimi mutasaddilari¸ mazkur qaror asosida berilgan imtiyozli kreditlarni "qumga singgan suvdek" izsiz ketgani¸ na real ish o‘rni va na banklarga daromad keltirmaganini aytgan va ularni qaytarish bo‘yicha tijorat banklarining jiddiy muammolar girdobida qolganini aytgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG